Shaxs masʼuliyati


Saqlash
16:12 / 06.12.2023 1 2495

Shaxs masʼuliyati – jamiyatning axloqiy talablarini bajarishi nuqtai nazaridan shaxsni taʼriflovchi axloq kategoriyasi. Bu tushuncha shaxs va ijtimoiy guruhlarning axloqiy kamolotida ham, ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirishda ham qatnashish darajasini ifodalaydi. Axloqiy talablarni qoʻllay bilish, ularga rioya etish yoki etmaslik, inson qay darajada aybdor ekanini shaxs masʼuliyati belgilab beradi. Shu maʼnoda, shaxs masʼuliyati axloqiy madaniyatning burchga mutanosibligini ifoda etadi. Binobarin, shaxs masʼuliyati insonga qoʻyilayotgan talablarni bajarishga qodirligi; ularni qay darajada anglashi; faoliyat doirasining kengligi; talab qilinayotgan natijaga erishish va tashqi omillar taʼsiridagi harakatlarning oqibati uchun insonning javobgarligi; bu oqibatlarni oldindan koʻra bilishi kabi masalalarni qamrab oladi. Ushbu masalalarning barchasi axloq nazariyachilari tomonidan oʻzlari yashagan jamiyatda insonning haqiqatdagi ahvolini qay tarzda namoyon eta olganlariga koʻra hal qilingan. Shaxs masʼuliyati haqida soʻz ketganda, huquq va majburiyatlarning oʻzaro mushtarakligi, individ yoki odamlar guruhi ijtimoiy munosabatlar tizimida qanday oʻrin egallashi ham hisobga olinishi zarur. Individlarning ijtimoiy vakolat va imkoniyatlari qanchalik keng boʻlsa, ularning masʼuliyat darajasi shu qadar yuqoridir. Shaxs masʼuliyati oxir-oqibatda insonning chinakam axloqiy erkinligi haqidagi masala boʻlib, shaxsning barcha xususiyatlari uygʻunlikda rivojlangan holdagina toʻliq amalga oshadi.

 

Mutafakkir olim Abdurauf Fitrat masʼuliyatni shaxsning “maʼnaviy xatti-harakatlari majmui” sifatida talqin etadi. Natijada shaxs masʼuliyati maʼnaviy faoliyat asosi sifatida unda vujud pokligi, mustahkam iroda, maqbul feʼl-atvorning yuksalishiga xizmat qiladi. Bunday uygʻunlik shaxsning ijtimoiy-axloqiy muhitda yuksak madaniyatli, maʼnaviyatli va haq-huquqini taniydigan kishi sifatida namoyon etadi. Shaxs masʼuliyati bugungi kun voqeligida hayotimizda mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotiga daxldor boʻlgan oʻzgarishlarning faol ishtirokchisi boʻlishini tuyib yashash bilan belgilanadi. Bu hol shaxsning istiqlol, ona-Vatan uchun qaygʻurishi, uning kuch-qudratini mustahkamlash, oʻqishda, mehnat faoliyatida oldingi safda boʻlish, “Men mustaqillikka nima berdim, shu aziz Vatanimning gullab-yashnashi uchun qanday hissa qoʻshdim?” degan savollarga javob berishni taqozo etadi. Shaxs masʼuliyati milliy gʻoya va maʼnaviyatning asosiy tushuncha hamda tamoyillari bilan hamohang tarzda barkamol avlodni tarbiyalash vazifasini amalga oshirish imkonini beradi, chunki masʼuliyatni his etgan, uni vijdon amri, chinakam eʼtiqodiga aylantirgan shaxsgina Vatanga, oilaga, ota-onaga sodiq farzand boʻla oladi. Shunday qilib, shaxs masʼuliyati har bir vatandoshimiz zimmasiga ozod va obod Vatan, erkin va farovon jamiyat qurishda faol ishtirok etish, maʼnaviy darajasini muttasil yuksaltirib borish masʼuliyatini yuklaydi.

1 Izoh

Secret student

19:02 / 24.02.2024

Assalomu alaykum katta raxmat foydali maʼlumotlar uchun.

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

17:11 / 10.11.2025 0 333
Ko‘rpacha

Qatra

11:09 / 17.09.2025 0 569
Qahramon



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 229634
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 110715
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 61179
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 50105
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 45458
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 37654
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 35780
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 32770
Kompetentlik

//