Kemachadagi orzu va armonlar


Saqlash
16:12 / 09.12.2021 0 1506

 

Suratdan ta’sirlanib

 

– Nima deb o‘ylaysan, Fotima, kemadagi konfetchalar biz televizorda ko‘rgan och qolgan bolalarga yetib borarmikin?..

– Yetib boradi, axir buvam aytdilar-ku astoydil istasang, hamma narsa bo‘ladi deb.

Dilbar RAJABOVA

 

 

– Asaloy, singlim, bu kemachang ichidagi bir piyola suvni qayerga kuzatmoqdasan?

– Orol dengiziga. Kecha televizorda eshitdim, u rosayam chanqab qolibdi.

 Zuhra FAYZULLAYEVA

 

 

Bir paytlar men shunday katta, kemacham esa juda kichik bo‘lardi. Kemacham men xohlagan tomonga oqar, istalgan payt uni talofatlardan asray olar edim.

Vaqt o‘tdi ulg‘aydim, aslida esa hayot kemasining mitti yo‘lovchisiga aylandim, endi oqim xohlagan tomoniga urib, to‘lqinlar istagan ko‘yiga solmoqda.

Mittigina kemamni sog‘indim.

Otabek JO‘RAXO‘JAYEV

 

 

U sohil bo‘yida sayr qilar ekan, hayotini sarhisob qildi. U to‘g‘ri yo‘lni tanladi. 25 yoshida misli ko‘rilmagan shon-shuhratga, boylikka, e’tiborga ega bo‘ldi. 15 yildirki hanuz u eng jozibali, mashhur aktrisa... U eng baxtli ayol!..

Masrur xayollar og‘ushida sayr qilar ekan, nogoh sohilda oppoq yelkanli qayiqcha yasab o‘ynayotgan 2 ta jajji bolakayga ko‘zi tushdi. Ularga biroz termulib turdi-da, birdan xo‘ngrab yig‘lab yubordi. Dunyoni la’natlab, o‘zidan jirkanib yig‘layotgan bu ayol eng mashhur aktrisa emas, eng baxtsiz, yolg‘iz ayol edi...

Ilhom HASANOV

 

– Ukajon, hoy, ukajon shoshma, shoshmagin, nima qilyapsan, axir yangi kemachangni suvga oqizib yuboryapsanmi, ulkan to‘lqinlarda cho‘kib ketishi mumkin-ku...

– Opa, men kemachamni emas, orzularimni oqizib yuboryapman.

– Orzularingni....

– Ha, orzularimni, axir oyim bilan dadam kecha janjallashayotib aytdi-ku: barcha orzularim suvda oqib ketdi deb...

Shahnoza OLIMOVNA

 

 

– Voy, Boburjon, nimaga kemachani suvga oqizib yuborayapsan? Axir uni dadang hozirgina olib berdi-ku...

 Buvam kitob o‘qib berdilar. Bir aka kemaga boraman deb cho‘kib ketarkan. Bu kemachani unga yuborayapman. Shunda u cho‘kib ketmaydi.

– Kitob nomi nima ekan?

– "Oq kema"...

Madina QURBONOVA

 

U o‘sha la’nat tekkan joyga har kelganida bolalari esiga tushadi. Ular shu bexosiyat ko‘l atrofida o‘ynashni, kemalar yasab, suvga oqizishni juda yaxshi ko‘rishardi. Ko‘l esa uning farishtalarini tortib oldi. Har doim sohilga kelsa, ularning ovozini, qiyqirib kulayotganini eshitganday bo‘ladi.

– Dadasi, bolalar meni chaqiryapti.

Ayolining vahimali ovozi xayollarini tarqatib yubordi.

– Men bormasam bo‘lmaydi, iltimos, meni qo‘yib yuboring! – ayoli uning quchog‘idan qutulishga urinar, iltijoli ko‘zlarini unga tikar, nuqul bir gapni takrorlardi. – Iltimos, meni qo‘yib yuboring. Bir marta ko‘rib kelay.

Bayram OGʻA

  

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 05.05.2026 0 298
Demokratiyani o‘rgatuvchi oʻyin qanday yaratilmoqda?

Bilasizmi?

12:05 / 04.05.2026 0 404
Yigit va o‘git

Hikmat

09:04 / 15.04.2026 0 623
Qarz boʻlmaslik “siri” haqida rivoyat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 234971
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 114276
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 68207
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 57222
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 51607
Xarakter

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 40146
“Avesto”

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39613
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 39503
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//