Bilasizmi?
“Chigʻatoy gurungi” – Turkiston jadidlari tomonidan tashkil etilgan madaniy-maʼrifiy va ilmiy-adabiy tashkilot (1919–1921). Fitrat boshchiligida Toshkentda tuzilgan. Turkiston muxtoriyati hukumatining agʻdarili shi va Kolesov voqeasi (1918-yil fevral-mart)dan keyin asosan Toshkentda faoliyat koʻrsatayotgan jadidlar taktik maqsadlarni koʻzlab, sovet hokimiyati bilan yaqinlashishga majbur boʻldilar. Fitrat sovet hokimiyatidan siyosiy tashkilot tuzish uchun ruxsat ololmagach, madaniy qurilishga xizmat qiladigan millatparvar tashkilot tuzishga intilgan. Turkiston ASSR milliy ishlar xalq komissarligi tomonidan “siyosatga aralashmaslik sharti bilan” “Chigʻatoy gurungi” tuzilishiga rasmiy ruxsat berilgan. Ushbu tashkilot nomlanishi XIII–XIV asrlarda mavjud boʻlgan Chigʻatoy ulusi va XIV–XVI asrlarda eski oʻzbek tili maʼnosida qoʻllangan chigʻatoy tili kabi atama va istilohlar bilan bogʻliq. Fitrat tashkilotga nom tanlashda Turkiston hududida yashagan turkiy xalqlarga daxldor merosni oʻrganishga eʼtibor qaratgan. “Chigʻatoy gurungi” turkiy xalqlar madaniyati, sanʼati, adabiyoti, tarixi, til va imlosi kabi sohalarni jiddiy oʻrganishga kirishgan. “Gurung” aʼzolari oʻzbek tilining sofligi uchun kurashish bilan bir qatorda yangi oʻzbek milliy madaniyatini barpo etishga intilganlar. Oʻsha davrda mavjud boʻlgan “Temur”, “Turon”, “Turon toʻdasi”, “Turk kuchi”, “Izchi” kabi guruh va uyushmalarga nisbatan “Chigʻatoy gurungi” samarali faoliyat koʻrsatgan. “Chigʻatoy gurungi” nizomida yozilishicha, u bir nechta shoʻbalardan iborat boʻlgan. Bu shoʻbalar “Til va imlo toʻdasi”, “Adabiyot toʻdasi”, “Sanʼat va teatr toʻdasi” deb nomlangan.
“Til va imlo toʻdasi”ga dastlab Choʻlpon, soʻngra Elbek rahbarlik qilgan. Fitratning “Tilimiz” (1919) maqolasida ushbu toʻdaning dasturiy yoʻnalishi belgilab berilgan boʻlib, Elbek, Shorasul Zunnun, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Gʻozi Olim Yunusov kabi olimlarning tilshunoslikka oid ishlari ushbu dasturga binoan bajarilgan. “Gurungchilar” tomonidan 1919-yilda arab alifbosini isloh qilgan holda yangi alifbo yaratilgan. Til va imlo qurultoyi (1921-yil yanvar) bevosita “Chigʻatoy gurungi” tashkilotchiligida oʻtgan. “Chigʻatoy gurungi” tarix sohasidagi ishni manbashunoslikdan boshlagan. Turkiston oʻlkasi Musulmonlar byurosi 1919-yilda Fitrat, Nazir Toʻraqulov va Laziz Azizzodadan iborat hayʼat tuzib, tarixiy merosni oʻrganish zarurligiga eʼtibor qaratgan edi. Ularning Buxoro, Samarqand va Fargʻona vodiysiga qilgan ilmiy safarlari natijasida koʻplab tarixiy asarlarning qoʻlyozmalari topildi va Toshkentga olib kelindi. “Chigʻatoy gurungi” adabiyot va sanʼat sohasida muhim ishlarni amalga oshirgan. Fitrat, Choʻlpon, Botu, Elbek qalamiga mansub “Oʻzbek yosh shoirlari” (1922) toʻplami, Fitratning “Temur sagʻanasi”, “Oʻgʻuzxon”, “Abo Muslim” va “Qon” singari dramatik asarlarining el orasida keng yoyilishi bunga misoldir. “Chigʻatoy gurungi” aʼzolari oʻz gʻoyalarini “Yangi Sharq”, “Uchqun” gazetalari va “Tong” jurnali orqali ifodalashgan. Tashkilotning “Chigʻatoy gurungi” nomli maxsus jurnalining 1-soni chop qilingach, u taqiqlangan. 1921-yil boshlarida “Chigʻatoy gurungi” tashkiloti faoliyati Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligi tomonidan toʻxtatilgan.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q