Xushmuomalalik. Xushfeʼllik


Saqlash
14:12 / 01.12.2023 0 2919

Xushmuomalalik – muhim ahamiyatga ega boʻlgan muloqot shakli boʻlib, u yuksak insoniy fazilatlardan biri hisoblanadi. Xushmuomalalik ijtimoiy ahamiyatiga koʻra, xushfeʼllikka nisbatan keng qamrovlidir. U insonning ham xatti-harakati, ham muloqoti natijasida vujudga keladi. Xushmuomalalik oʻz ichiga muloyimlik, murosai-madora, ohistalik, tagdorlik kabi sifatlarni qamrab oladi. Shuningdek, xushmuomalalik qatʼiy tartibga asoslangan axloqiy meʼyor hisoblanadi: u oʻzgani ranjitmaslik, birovga yomon soʻz aytmaslik, bahs-munozaraga kirishganda muxolifni hurmat qilish, qoʻrslik va chapanilikdan xoli boʻlish hamda suhbatlashganda ehtiroslarga berilmaslikni talab etadi. Xushmuomalalik ham maʼnaviy boylik sifatida shaxsning madaniyatli va chiroyli xulq egasi ekanini bildiradi. Xushmuomalalik suhbatdoshlarning dilini ravshan qilish, kayfiyatini hushnud etish, koʻngilga taskin berish uchun xizmat qiladi. Xushmuomalalik samimiylikning ifodasi boʻlib, hazrat Navoiy taʼbiri bilan aytganda, “Har kimki chuchuk soʻz elga izhor aylar, Har nechani agʻyor durur yor aylar”. Oilada yoki jamiyatda sodir boʻladigan katta-kichik janjallar diqqat bilan kuzatilsa, barchasining sababi koʻpincha qoʻpol soʻz yoki yomon muomalaga borib taqalishi ayon boʻladi. Bir kishi oʻylamasdan gapirib qoʻysa, boshqasiga shu gap yoqmaydi va natijada oʻrinsiz janjal kelib chiqadi. Xushmuomalalik – koʻpgina muvaffaqiyatlarning omili, hatto taraqqiy etgan jam-t barpo etishning asoslaridan. Shuning uchun ham turli davrlarda yashab ijod etgan allomalar xushmuomala boʻlish masalasiga katta ahamiyat berib kelganlar. Ular doimo boshqalarga yaxshi soʻzlarni aytish, muloyim gaplarni tanlashga undaganlar. Yaxshi, muloyim gap insonning obroʻyini orttiradi, doʻstlarini koʻpaytiradi, u barchaning hurmatiga sazovor boʻladi. Koʻplab adabiy-tarixiy yodgorliklarimizning har bir zarvaragʻida ajdodlarimizdan meros boʻlgan ibratli soʻzlarga duch kelamiz. Chunki turmush tajribalari asosida shakllangan shirinsoʻzlik, suhbat odobi va tarbiya masalalari barcha zamonalarda muhim oʻrin tutgan. Jumladan, Amir Xusrav Dehlaviy suhbat odobiga koʻp eʼtibor qaratgan. Shoir yomon niyatli, fikri buzuq, sovuq muomala odamlardan yiroq yurishni maslahat beradi: uning fikricha, xushmuomalalik bilan amalga oshirilgan har qanday ish, tadbir, muloqot, kengash pirovardida oʻzining ijobiy samarasini bergan. Aksincha, qoʻrslik, jizzakilik, badjahllik kabi xushmuomalalikka zid boʻlgan illatlar shaxsning axloqsizligini koʻrsatadi. Chinakam xushmuomalalikka aynan burch sifatida qaralmogʻi joiz. Xushmuomalalik inson nomini ulugʻlaydigan muhim omillardan biridir.

 

Muomala madaniyati – ijtimoiy va shaxsiy hayotda kishilarning moddiy-maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish va boshqa koʻpgina hayotiy muammolarning yechimini topish kaliti hisoblanadi. Bu kalit – mayin va shirin tildir. Til kishilarning bir-biriga munosabatlari, muomalalarida oʻta nozik va bagʻoyat muhim vosita. Kishining koʻrki yuz, koʻz boʻlganidek, tilning koʻrki soʻzdir. Soʻz esa aql-zakovatning koʻrki. Buning maʼnosi shuki, kishining aql-idroki, axloqi, bilimi, madaniy-maʼrifiy saviyasi maʼlum darajada uning muomalasida aks etadi. Demak, muomala madaniyatining muvaffaqiyati oʻz oʻrnida ishlatiladigan oqilona, shirin soʻzlar bilan izohlanadi. “Temur tuzuklari”da yozilishicha, Sohibqiron oʻz harbiy yurishlarida qurolni ishga solishga shoshilmagan. Muxolifiga vazminlik bilan iliq muomala qilgan, soʻng maqsadi xayrli ekanini dalillagan. U yuz ming qoʻshin kuchi bilan ishgʻol qilishi mumkin boʻlgan ayrim shahar, qalʼalarni ham iliq va asosli diplomatik muomala-muloqotlar tufayli qoʻlga kiritgan. Xushmuomalalik – inson koʻrki, insonga boʻlgan samimiy mehr-muruvvat mezoni. Bu mezonga izchil amal qilish odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, oʻzaro ishonchni mustahkamlaydi. Muomala madaniyati aslida “Assalomu alaykum”, “Vaalaykum assalom” kalimalaridan boshlanadi. Bu soʻzlar tanish yoki notanishlikdan qatʼi nazar, oʻzaro munosabatlarimizda bir-birimizga boʻlgan samimiy hurmat va ehtiromni ifodalaydi. Salomga alik olmaslik yoki unga loqaydlik bilan qarash takabburlik belgisidir. Oʻzbekona xushmuomalalikning ziynati faqat samimiy salomlashishdagina emas, ayni vaqtda bir-birimizga sizlab murojaat qilishda ham tajassum topadi. Sharq madaniyati va anʼanalari ruhida tarbiyalangan oilalarda beshikdagi bolakayga ham sizlab murojaat qilishadi. Xushmuomala boʻlish, uni tasdiqlaydigan soʻzlarni ishlatishning oʻzi bilan cheklanmaydi. Xushmuomalalik xoʻjakoʻrsinga boʻlmasligi kerak. Balki har bir kishining boshqalarga boʻlgan haqiqiy munosabatini aks ettirishi, oʻzaro aloqani oqilona va goʻzal qilib koʻrsatishga xizmat qilmogʻi lozim.

 

Xushmuomalalik turmushda uchrab turadigan maydachuyda koʻngilsizlik, noqulaylik va taʼbi xirachilikdan saqlaydi. Chunki hayotda kishi bitta oʻzi yashamaydi, odamlar bilan doimo oʻzaro munosabatda boʻladi. Shunga koʻra, inson oʻzining osoyishtaligi boshqalarning osoyishtaligi bilan bogʻliqligini hisobga olmogʻi zarur. Ayniqsa, yoshi oʻzidan katta boʻlgan kishilarga hurmat, yaʼni keksalarga yoʻl berish, joy koʻrsatish, transportga chiqishda yordamlashish, uchrashganda birinchi boʻlib salomlashish, suhbatda soʻzini boʻlmaslik, oʻzlari soʻramasalar ularga maslahat bermaslik kabi qoidalar xushmuomalalik belgilaridir. Shuni taʼkidlash kerakki, xushmuomalalik hayotda va ishdagi kamchiliklarni ochib tashlash va tanqid qilishni, nojoʻya xatti-harakatlar qilayotgan kishilarga nisbatan prinsipial munosabatda boʻlishni rad etmaydi. Xushmuomalalik xotin-qizlarga boʻlgan munosabatda ham yaqqol koʻrinadi. Ayol kishi qoʻlidan ogʻir yukini olish, transportga chiqishi va tushishida yordam berish, bir soʻz bilan aytganda, gʻamxoʻrlik qilish, hurmat koʻrsatish har bir erkakning burchi. Xushmuomala kishi birovlarni ranjitmaydi, diliga ozor yetkazmaydi. U boshqalarga koʻngilsizlik keltiradigan, uni xijolatga qoʻyadigan narsalar haqida hech qachon gapirmaydi, boshqalarga oʻzining tajangligi va xafagarchiligini bilintirmaydi. Xushmuomala har bir kishi inson shaxsini benihoya hurmat qiladi, unga doimo muruvvatli, manziratli, muloyim va koʻngilchan boʻladi.

 

Xushfeʼllik – insonning bir qancha maʼnaviy-axloqiy sifatlari, ana shu sifatlarga uygʻun xatti-harakatlari, bu sifatlar va xatti-harakatlarga muvofiq dunyoqarashi, tafakkur tarzini qamrab oluvchi xususiyatini ifodalovchi tushuncha. Insondagi xushfeʼllik koʻpincha uning amaliy hayot-faoliyati davomida koʻpchilik orasida oʻzini tutishi, muoma ladagi yumshoqligiga qarab, jamoaning umumiy fikri asosida eʼtirof etiladi va insoniy sifat darajasiga olib chiqiladi. Bunda mazkur sifatga loyiq shaxsning: birinchidan, boshqalar bilan munosabatdagi yumshoqligi, kamgapligi, axloqli soʻzlashi kabi muomaladagi odobiga; ikkinchidan, bosiqligi, kamtarligi, rostgoʻyligi, yaxshilikka moyilligi kabi amaliy harakatlariga; uchinchidan, ezgu fikrlashi, begʻarazligi, dunyoqarashi kengligi kabi tafakkur tarziga oid belgilariga ahamiyat qaratiladi. Baʼzan qayd etilgan uch yoʻnalishdan bittasiga oid sifatlarga ega insonlarga ham xushfeʼllik nisbati beriladi, lekin bu nisbat faqat maʼlum bir guruh ichidagina eʼtirof etilgan boʻladi. Xushfeʼllikning barcha yoʻnalishidagi sifatlarning koʻpchiligiga ega boʻlgan insonlar, odatda, xalqning faxrli, ibratli vakili sifatida shuhrat qozonadilar. Masalan, Abduxoliq oʻijduvoniy “Maqomoti Yusuf Hamadoniy” asarida ustozi Yusuf Hamadoniyning xushfeʼllik bilan bogʻliq yuzdan ortiq sifatlarini taʼriflab keltiradi va bu sifatlar u tufayli xalq orasida keng tarqalganini, nafaqat soʻfiylar, balki oddiy xalq ham ularga rioya etishga harakat qilganini taʼkidlaydi.

 

Xushfeʼllikka ega inson atrofdagi axloqiy muhitni buzmaydi. Natijada oʻziga ham, oʻzgalarga ham koʻtarinki kayfiyat, turli-tuman omadsizliklarning oʻtkinchiligini anglatuvchi hayotbaxsh bir umid bagʻishlaydi. Jamiyat doimo ana shunday odamlarni hurmat qiladi va ulardan oʻrnak olishga intiladi. Insonning soʻzda ham, harakatda ham, fikrlashda ham oʻz gʻazabini bosa bilishi, noroziligini bildirmasligi; salbiy vaziyat larda yomon soʻz, harakat qilish yoki fikr bildirishga undovchi istakni toʻxtata olishi kuchli irodani talab qiladi. Shu bois muomalalilik, bosiqlik, kamtarlik tamoyili asosida ish koʻrgan shaxslar oqil, xushfeʼl odamlar sanaladi va ular jam-tda ham namunaviylik maqomiga noil boʻladilar. Xushfeʼllik alohida namoyon boʻlishiga koʻra xususiyat, qay darajada (yaxshi, oliy) namoyon boʻlishiga koʻra esa sifat shaklida amal qiladi. Tariximizda yashagan allomalar, donishmandlarimizdan koʻpchiligining qayd etishicha, xushfeʼllik bolalikdan oʻzgarmas shaklda namoyon boʻlsa, u ruhga mansub boʻladi va xususiyat hisoblanadi, oʻzgaruvchan boʻlsa, tajriba orqali oʻzlashtirilgan, aqlga mansub boʻladi va sifat hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, aql darajasi xushfeʼllikning sifat darajasini ham belgilaydi, undagi oʻzgarish sifat oʻzgarishiga olib keladi, deyish mumkin.

 

Jamiyatda xushfeʼllikni insonning hayot tarziga xulq-atvori va madaniyatidan talab qilinadigan eng oddiy qoida, burch sifatida singdirishga harakat qilinadi. Yon-atrofdagilar, qoʻni-qoʻshnilar, oila aʼzolari, mahalladoshlari, kasbdoshlari va jamoat joylaridagi hamrohlariga diqqateʼtiborlilik, hammaga va hamma narsaga yaxshilik nuqtai nazaridan qarash, yordamga muhtoj boʻlib turgan har qanday odamga tayanchdalda boʻlish, unga yaxshi soʻz topib bera olish, yaxshi muomala qilish – bularning barchasi odamning xushfeʼlligini, madaniyatini koʻrsatuvchi sifatga xos jihatlardir. Bu axloqiy sifat ana shu jihatlari bilan qoʻpollik, johillik, badbinlik, toʻporilik kabi salbiy sifatlarga teskari hisoblanadi. Maʼlumki, har bir jamiyatning madaniylik darajasi undagi fuqarolarning oʻzaro munosabatlari madanyatining yuksakligi bilan belgilanadi. Zero, xushfeʼllik, insonning insonligini, tarbiyasini, hatto jamoadagi oʻrnini ham aniq koʻrsatib bera oladigan koʻzgudir. Kishi shu oddiy sifat – xushfeʼllik bilan boshqalarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlaydi, yashashga boʻlgan ishtiyoqni orttiradi, namuna va ibrat koʻrsatadi. Shuning uchun odamlar xushfeʼl kishini doimo izzat-hurmat qiladilar, uning shaʼniga olqish va rahmatlar aytib, undan oʻrnak olishga harakat qiladilar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 38
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 223
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 513
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219168
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104693
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35288
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27537
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27439
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26589
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25353
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22593
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//