Bilasizmi?
1786-yilning qish kunlarida, kun botishi arafasida Vena shahrining chekkasidagi kichik bir yogʻoch uyda soʻqir qariya – grafinya Tunning sobiq oshpazi oʻlim toʻshagida yotardi. Ochigʻini aytganda, bu bogʻning ichkarisidagi eski bir kulba edi. Kulba yonidagi inida yoshi oʻtib qolgan it ham xuddi egasi kabi oʻlayotgandi, uning vovullashga-da kuchi yetmas, shunchaki zoʻrgʻa gʻingshib qoʻyardi. Oshpaz bundan bir necha yil avval oʻchoqning taftidan koʻr boʻlib qolgan, u bilan birga oʻn sakkiz yoshga toʻlgan qizi Mariya ham yashardi. Uy jihozlari – karavot, qoʻpoldan qoʻpol stol, choʻltoq oʻrindiq, eski sopol idishlar va nihoyat yagona qimmatbaho buyum – klavesin (fortepyanoga oʻxshash qadimiy cholgʻu) edi, xolos.
Mariya oʻlim toʻshagida yotgan otasini yuvintirib, toza koʻylak kiydirarkan, chol shunday dedi:
– Menga hech qachon ruhoniylar va monaxlar yoqmagan. Tavba-tazzarumni qabul qiladigan odamni chaqirishga qurbim yetmaydi. Lekin oʻlimim oldidan vijdonimni poklab olishni istayman.
– Nima qilay, otajon? – qoʻrqib ketib soʻradi Mariya.
– Koʻchaga chiqib, birinchi duch kelgan odamni tavbamni qabul qilish uchun boshlab kel, – dedi qariya.
Boshiga roʻmolini oʻrarkan, Mariya “Koʻchamiz odamsiz huvullab yotibdi”, deb pichirlab qoʻydi.
Haqiqatan ham, tashqarida bir zogʻ koʻrinmasdi. Qorongʻi osmondan sovuq yomgʻir tomchilardi. Otasining soʻnggi tilagini bajarish uchun Mariya juda uzoq kutdi. Yo‘l chetidagi to‘siqlarni yoqalab xirgoyi qilib kelayotgan bir odamning sharpasi sezildi. Qiz uning qarshisidan chiqdi. Haligi odam toʻxtab, “Kimsiz?” deya soʻradi hayratlanib. Mariya qaltiroq qoʻllari bilan uning kaftidan tutib, otasining iltimosini aytdi.
– Maʼqul. Men ruhoniy boʻlmasam-da, mayli, boraqolaylik, – dedi notanish kimsa.
Ular uyga kirgach, chiroq yorugʻida Mariya qarshisidagi odam kichkina jussali, oriqqina ekanini koʻrdi. Begona kishi anchayin yosh edi. U cholning karavoti yoniga oʻtirib:
– Soʻzlang. Xudoning marhamati bilan, balkim, umringizning oxirgi daqiqalarida vijdoningizga yuk boʻlib turgan narsadan sizni xalos etarman, – dedi.
– Koʻzlarim koʻrmay qolguniga qadar butun umr halol mehnat qildim, – deb gap boshladi chol. – Kim mehnat bilan mashgʻul boʻlsa, uning gunoh qilishga vaqti boʻlmaydi. Xotinim Marta ogʻir kasalga chalinib qolganida vrach qimmat dorilar sotib olishim va tansiq taomlar, mevalar bilan boqishimni buyurdi. Men majburlikdan grafinya Tunning servisidan tilla idishni oʻgʻirlab, boʻlaklarga boʻlib sotganman. Buni eslash menga juda ogʻir, chunki qizimni xoʻjayinlar stolidan hatto bir xasni olmaslikka oʻrgatganman.
– Oʻsha idish yoʻqolgani uchun grafinyaning xizmatkorlaridan birortasi tuhmatga qolib aziyat chekdimi? – soʻradi notanish odam.
– Aslo, hech kimga ziyon yetgani yoʻq, – deb yigʻlab yubordi qariya. – Mening Martamga oltin yordam bermasligini oʻshanda bilganimda, oʻgʻrilikka qoʻl urarmidim?!
– Ismingiz nima? – deb soʻradi notanish kishi.
– Iogann Meyr, janob.
– Endi meni eshiting, muhtaram Iogann Meyr, – dedi va qariyaning kaftini ushladi notanish kimsa. – Siz odamlar oldida beaybsiz! Siz qilgan ish gunoh sanalmaydi va bu oʻgʻrilik ham emas, aksincha, insonga muhabbat, sadoqat sifatida sizning nomayi aʼmolingizga yoziladi.
– Omin! – deb pichirladi qariya.
– Omin! – deb takrorladi notanish odam.
– Endi menga soʻnggi tilagingizni ayting.
– Kimdir qizim Mariyaga gʻamxoʻrlik qilishini, uni yolgʻiz tashlab qoʻymasligini istayman.
– Bu ish menga tan, yana nima xohlaysiz?
Shunda chol baland ovozda:
– Xotinim Martani ilk marta uchratganimdagi yosh holatda yana bir bor koʻrishni istayman. Albatta, bu imkonsizligini bilaman, janob. Ahmoqona xayollarim uchun maʼzur tutgaysiz.
– Yaxshi, – dedi notanish odam va kursini olib, klavesin yoniga bordi.
– Tinglang, – dedi yot kishi. – Eshiting va koʻring.
U kuy chala boshladi. Shunda nafaqat kulba, butun bogʻ sehrli ohanglarga toʻldi.
– Men koʻryapman, janob, – qichqirdi qariya, boshini karavotdan koʻtarib. – Marta bilan ilk uchrashuvimizda uyalganidan sut toʻla koʻzani qanday sindirib qoʻyganini koʻryapman!
– Derazani och, Mariya, – buyurdi chol.
Mariya darhol derazani ochdi. Sovuq havo gup etib xonani toʻldirdi. Notanish odam juda ohista va sokin kuy chalardi. U qimir etmas, o‘zi chalayotgan musiqa ohanglariga oʻzi ham sehrlanib qolgandek edi.
Begona kishi musiqani tamomlab, karavot yoniga keldi. Cholning nafasi yetmay:
– Men istagan barcha narsamni koʻrdim. Ammo sizning ismingizni bilmasdan... koʻz yumolmayman. Ismingiz!? – bu soʻz cholning soʻnggi kalomi boʻldi.
– Mening ismim Volfgang Amadey Motsart, – deb javob berdi notanish odam.
Konstantin Paustovskiyning “Keksa oshpaz” hikoyasi.
Tarjimon Jaloliddin SAFOYEV
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q