Bilasizmi?
Xulq-atvor madaniyati – inson kundalik hayotidagi xulq-atvor shakllarining yigʻindisi. Unda shu xulq-atvorga xos maʼnaviy-axloqiy va estetik meʼyorlarning ifodasi aks etadi. Yaʼni, xulqatvor madaniyati shaxsda shakllangan ijtimoiy muhim sifatlar, uning jamiyatdagi maʼnaviyat, axloq va estetik madaniyat meʼyorlariga asoslangan kundalik xatti-harakatlarining yigʻindisidir. Agar maʼnaviy-axloqiy meʼyorlar kishilar xatti-harakatining mazmunini belgilab, ularni muayyan vaziyatlarda qanday harakat qilish lozimligi haqida ogohlantirsa, estetik meʼyorlar kishi oʻz xulq-atvorida axloq talablarini qay koʻrinishda amalga oshirishi, qanday qilib bu meʼyorlar uning turmush tarzi bilan tabiiy ravishda uygʻunlashib ketishi, shaxsning kundalik hayotiy qoidalariga aylanib ketishini belgilaydi. Masalan, kishilarga boʻlgan hurmat talabi kundalik hayotdagi xulq-atvorga qoʻllansa, u xushmuomalalik, nazokatlilik, sergaklik, boshqalar vaqtini behudaga ketkazmaslik kabilarda aks etadi. Oʻz zimmasidagi majburiyatlarga sadoqat talabi xulqatvor madaniyati nuqtai nazaridan berilgan vaʼdalarni amalga oshirishdagi aniqlik, kelishilgan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali bajarish, omonatni qaytarish kabilar orqali namoyon boʻladi. Rostgoʻylik esa oʻzining namoyon boʻlish shakliga koʻra toʻgʻrilik, sofdillik, adolatparvarlik, haqqa xiyonat qilmaslikda oʻz ifodasini topadi. Kishi xulq-atvori etologiya, psixologiya, sotsiologiya kabi fanlar tomonidan oʻrganiladi. Ushbu hodisaning tabiatini aniqlashtirishda uning birlamchi – “barcha tirik jonzotlarga xos, ularga atrof-muhit bilan oʻzaro aloqaga kirishishida zarur boʻlgan, harakat faolligini ishga soluvchi va yoʻnaltiruvchi hodisa” sifatidagi taʼrifidan foydalanish maqsadga muvofiq.
U tabiiy faoliyat boʻlishi bilan birga, mohiyatan ijtimoiy ehtiyojlarga yoʻnaltirilgan, kishilarning birgalikda umr kechirish meʼyorlari va qoidalari doirasida, tabiiy va ijtimoiy muhit omillarining oʻzaro harakati natijasida roʻy beradigan hodisadir. Xulq-atvor madaniyatiga inson madaniyati ichki va tashqi sohalarining barchasi kiradi: etiket, salomlashish, kishilar bilan muloqot qilish va jamoatchilik joylarida oʻzini tutish qoidalari, shaxsiy ehtiyoj va manfaatlar xarakterini oʻz ichiga olgan turmush madaniyati, ishlash madaniyati va ishdan tashqari oʻzaro munosabatlar, boʻsh va shaxsiy vaqtni tashkil qilish madaniyati (yaʼni undan oqilona va unumli foydalanish, vaqtni zoye ketkazmaslik), nutq madaniyati (fikrini aniq-ravshan va chiroyli ifodalash), gigiyena va umuman, isteʼmol narsalarini tanlashda oʻziga xos estetik didga ega boʻlish (kiyinish madaniyati, dasturxon tuzatish, uy-joy yasatish va boshqa), insonga xos mimika va pantomimikaning estetik xususiyatlari, tana harakatlari va hokazo. Maʼlum maʼnoda, xulqatvor madaniyatiga mehnat madaniyati, ish vaqti va joyini toʻgʻri tashkil qilish qobiliyati, imkon qadar foydali natijalarga erishish va samarali qarorlar qabul qilish, maqsadga muvofiq usul va xatti-harakatlarni izlash hamda qoʻllashni ham kiritish mumkin. Umuman, xulqatvor madaniyati ichki dunyo va tashqi qiyofadagi barcha maʼnaviy-axloqiy hamda estetik xususiyatlarning organik birligi sifatida talqin qilinadi. Baʼzan bu xususiyatlarga ega boʻlish kishining jamiyatdagi oʻrni, mavqeini oshiradigan vosita sifatida qoʻllanishiga guvoh boʻlamiz. Insonning ichki va tashqi dunyosi bir-biriga uygʻun boʻlsagina, uning xulq-atvoridagi madaniyat yaqqol namoyon boʻladi. Lekin tashqi qiyofasi ichki dunyosiga toʻgʻri kelmaydigan insonlarni ham uchratish mumkin. Bundaylarda xushmuomalalik va umuman, jamiyatda muayyan etiketga rioya qilish xudbinlik tamoyillariga asoslangan boʻlib, koʻpincha uning zamirida kishilarga nisbatan beparvolik, loqaydlik, begonalik, hatto ehtiyotkorlik (gumonsirash) va gʻazab munosabatlari yashiringan boʻladi. Xulq-atvor madaniyatining bunday rasmiy tarzda namoyon boʻlishi insonning asl qiyofasini ochib berolmaydi. U bir vaqtning oʻzida insonning ham maʼnaviy, ham axloqiy, ham estetik qiyofasini aks ettirishi, kishi bashariyatning madaniy yutuqlarini oʻzida qanchalik toʻgʻri va chuqur oʻzlashtirgani, shu bilan birga, oʻzining yutugʻi nimalardan iborat ekanini koʻrsatadi. Shu maʼnoda, Xulq-atvor madaniyati jamiyat madaniyatining ajralmas qismidir. Hozirgi kunda jamiyatda tarbiyali, xushxulq, til va dil birligiga erishgan, ichki va tashqi olami birday goʻzal insonlarni koʻplab uchratish mumkin. Ammo kishilar, ayniqsa, yoshlar orasida tinimsiz oʻqish, izlanish va jamiyatga naf keltirish kabi buyuk maqsadlarni qoʻyish va ularga erishish, ichki dunyosini boyitish, xulqatvor madaniyatini yuksaltirishga intilishdan koʻra eʼtiborini koʻproq kiyinish, oʻziga oro berish, tashqi qiyofasiga qaratayotganlar ham yoʻq emas. Mashhur rus adibi A.Chexov haqli ravishda taʼkidlaganidek: “Insonda hamma narsa goʻzal boʻlishi lozim: yuzi ham, kiyimi ham, qalbi va hatto, fikri ham... Men goʻzal yuzli, chiroyli kiyimli kishilarni juda koʻp koʻraman, bunday goʻzallikdan boshing aylanadi, biroq qalbi va xayollari... Ey, Xudo! Baʼzan chiroylikkina qobiqqa shunchalik qora koʻngil joylashib oladiki, uni hech bir siyoh bilan oʻchirolmaysan”.
Shunday qilib, xulq-atvor madaniyati meʼyorlarda, qoidalarda, tamoyil va ideallarda mustahkamlangan jamiyat axloqiy talablarini ifodalaydi. Ular shaxsiy tajriba bilan uygʻunlashib, quyidagilarda namoyon boʻladi: shaxsning tashqi koʻrinishi; boshqalar oldida oʻzini qanday tuta bilishi; qaysi yoʻlni tanlashi; oʻz hayot tarzi va kishilar bilan muloqotini qay yoʻsinda tashkil qilishi va rivojlantirishi. Bolaga yoshlik chogʻlaridanoq Vatani, eli, yaqinlariga mehr-muhabbatli va yaxshi munosabatda boʻlishni singdirish, unga shaxsiy namuna boʻlish har bir ota-onaning birinchi galdagi vazifasi. Keyingi qadam oʻz-oʻzini tarbiyalashdir. Bu – oʻz xarakterini shakllantirish, oʻzida chinakam insoniy sifatlarni ongli ravishda rivojlantirish yoʻlidir. Bugungi kunda oʻqish, oʻrganish va oʻz-oʻzini tarbiyalash uchun talay vosita va imkoniyatlar mavjud: maktablar, maxsus kurslar, oʻquv yurtlari, kutubxonalar, teatr-kino, TV va boshqalar. Ulardan nafaqat tashqi qiyofa va estetik didni shakllantirishda, balki ichki dunyoni boyitish, maʼnaviyatni yuksaltirish, goʻzallikni qalbdan his etish, qabul qilish va oʻrnida ishlata bilish yoʻlida ham foydalanish lozim. Buning uchun inson tinimsiz oʻqib-oʻrganishi, izlanishi zarur. Inson madaniyatining bir qanoti estetik did boʻlsa, ikkinchi qanoti uning axloqi, xulqidir. Yusuf Xos Hojib aytganidek: “Kishi chiroyiga ichki dunyosi eshdir, Yuz koʻrki bilan uning feʼl-atvori tengdir”. Zero, insonni goʻzal qilib koʻrsatadigan uning chiroyi emas, balki chiroyli xulqidir. Xushxulqlik xunuk kishini ham chiroyli qilib koʻrsatadi. Chiroyli xulq chiroyli kishilarda mavjud boʻlsa, nur ustiga aʼlo nurdir. Xulq-atvor qoidalariga rioya etish, uni oʻz ichki dunyosiga singdirish, xulqatvor madaniyatining eng yuksak choʻqqilariga koʻtarilish kishidan oʻz ustida har kuni ishlashni talab qiladi. Bu uning kelajakda har jihatdan kamol topishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q