Bilasizmi?
Xulq (arabcha feʼl-atvor, tabiat; kayfiyat) – kishining muomala va ruhiy xususiyatlari majmui; feʼl-xarakter; insonning maʼnaviy qiyofasi va faoliyatiga xos boʻlgan axloqiy tushuncha. Xulq – ezgulik yoxud razillikning muayyan bir insonda namoyon boʻlish shakli. Binobarin, xulq ezgulik va olijanoblik yoki razillik va badbinlikning timsoli sifatida namoyon boʻlishi mumkin. Shu jihatdan ular yaxshi va yomonga boʻlinadi. Lekin bular kishida oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Ularning shakllanishi uchun maʼlum bir sharoit, tarbiya kerak. Kishilar tugʻilishidan yomon boʻlib dunyoga kelmaydi. Ularni muayyan sharoit yomon qiladi. Demak, inson xulqi, avvalo, tarbiyaga bogʻliq. Maʼrifatparvar vatandoshimiz Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir” deb bejiz taʼkidlamagan. Xulq shaxs hayot tarzining oʻziga xosligini, uning faoliyatida axloqiy qadriyatlar tamoyillari nechogʻli oʻzlashtirilgani, odob meʼyorlari qay tarzda amaliy ahamiyat kasb etganini va aksincha, odob-axloqqa zid boʻlgan xislatlar mavjudligini koʻrsatib turadi. Boshqacha aytganda, xulq shaxs axloqiy faoliyatining oʻlchami, koʻrsatkichidir. Shaxsning goʻzal axloqiy fazilatlar bilan yoʻgʻrilgan faoliyat tarzi yaxshi xulq namunasi boʻlib xizmat qilsa, tabiati va faoliyatida axloqiy qadriyatlarga zid amallarning namoyon boʻlishi yomon xulqqa misol boʻla oladi. Inson xulqi uning maʼnaviy-axloqiy dunyosining oʻziga xos koʻzgusidir.
Shaxs maʼnaviy-ruhiy kechinmalari ayni vaqtda uning xulqi orqali amaliy ahamiyat kasb etib, oʻziga xos boʻlgan faoliyat meʼyorlarini shakllantiradi. Xulq – kishining feʼli, xarakteri bilan bogʻliq maʼnaviy hodisa, inson tabiatining axloqiylik doirasida namoyon boʻlishi. Insonning axloqiylik doirasidagi xatti-harakati xulqdan tashqari odob va axloqni ham oʻz ichiga oladi. Odob kundalik turmush masalalarida voqe boʻlsa, axloq shaxsning jamiyatga, davlatga, insoniyatga boʻlgan munosabatlarida oʻz aksini topadi. Xulq odobga nisbatan keng, axloqqa nisbatan tor qamrovlidir. Xulq oila, mehnat jamoasi, mahalla-koʻy doirasida yaqqol koʻzga tashlanadi hamda yaxshilik va yomonlik, joʻmardlik, mehmondoʻstlik kabi maʼnaviy-axloqiy tamoyillarni oʻzida namoyon etadi. Xushxulq inson oʻzgalarga muloyimlik, nazokat, shirinsuxanlik, mehribonlik singari maʼnaviy qadriyatlarga tayanib munosabat qilsa, badxulq odam, qoʻpol, haqoratgoʻy, bemehr, maʼnaviyatsiz kimsa hisoblanadi. Xushxulqlilikni xulqning goʻzalligi tarzida estetika fani ham oʻrganadi. Hadislarda aytilganidek, “Bandaning savob tarozusida yaxshi xulqdan ogʻirroq ish yoʻqdir. Uning darajasi hatto namoz va roʻzaning darajasi bilan barobardir” yoki “Hech bir ota oʻz farzandiga xulq odobidan buyukroq meros berolmaydi”.
Xulq goʻzalligi – husni xulq, ibratli feʼl-atvor, shaxsning xarakteri va xatti-harakati orqali oʻzgalarga namuna boʻla oladigan fazilatlari bilan ijobiy va yoqimli taassurot uygʻotuvchi axloqiy kamolot belgisini ifodalovchi tushuncha. Xulq goʻzalligi insonning ichki (botiniy) va tashqi (zohiriy) olami uygʻunligiga asoslanadi. Insonning botiniy goʻzalligi uning odob, xulq va axloqiy fazilatlari bilan belgilanadi. Bu nafosat ilmida xulq goʻzalligi deb ataladi. Botiniy goʻzallik bevosita axloqiy fazilatlar va munosabatlar bilan bogʻliq holda namoyon boʻladi. Bundan tashqari, “xulq” tushunchasi axloqning tarkibiy qismi sifatida inson kamolotida asosiy omil hisoblanadi. Insonning xulq goʻzalligi estetik va axloqiy mazmun kasb etadi. Estetik mazmuni shundaki, u “goʻzallik”, “ulugʻvorlik”, “qiziqarlilik”, “tugʻyoniylik”, “hayrat” kabi estetik tushunchalar orqali namoyon boʻlsa, “ezgulik”, “bagʻrikenglik”, “halollik”, “vijdonlilik” kabi axloqiy tushunchalar bilan barqarorlashadi. Ezgulikning goʻzallik bilan uygʻunlashuvi xulq goʻzalligini yuzaga keltiradi. Xulq goʻzalligini namoyon etuvchi sifatlar va fazilatlar nisbiy xarakterga ega. Ular davrlar oʻtishi bilan oʻzgaradi, sayqallashadi va bir qator axloqiy meʼyorlar hamda mezoniy tushunchalar orqali takomillashib boradi. “Iymon”, “muhabbat”, “ezgulik” kabi falsafiy-axloqiy tushunchalar, “niyat”, “xavotir”, “masʼuliyat” kabi mezoniy tushunchalari insonda xulq goʻzalligi mazmunini boyitadi. Bu tushuchalar xususiylik tabiatiga ega boʻlib, ularning har biri alohida holatlarda xulq goʻzalligining muayyan jihatlarini aks ettiradi. Biroq, insonning axloqiy-estetik munosabatlarida bular bir-biri bilan uzviy bogʻlangandagina chinakam goʻzallikka aylanadi.
Insonning amaliy xatti-harakati, axloqiyligi, nafosatga munosabati ayni paytda uning botiniy tuygʻulariga, qalb kechinmalariga bogʻliq. Bu kechinmalar, odatda, shaxs faoliyatidagi yaxshi aʼmollarga koʻra – fazilatlar, yomon qilmishlariga koʻra – illatlar deb ataladi. Fazilatlar insonni ijtimoiy mavjudot sifatida maʼnaviyatli, barkamol zot ekanini koʻrsatsa, illatlar unda hayvoniy tabiatning mavjudligidan dalolat beradi. Xulq ikki koʻrinishda namoyon boʻladi. Birinchisi – yaxshi, chiroyli xulq. U halollik, iffat, diyonat, or-nomus, nafsni tiyish, vijdon, shijoat, sabr, ilmlilik, gʻayrat, riyozat, qanoat, sabr, intizom, munislik, haqiqatparvarlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, adolatparvarlik va shukabi ijobiy tuygʻularda namoyon boʻladi. Bu fazilatlar insonda xulq goʻzalligini namoyon etib, uni axloqiy jihatdan kamolot sari yetaklaydi. Ikkinchisi – yomon, xunuk xulq. Bu xudbinlik, hasadgoʻylik, taʼmagirlik, ikkiyuzlamachilik, firibgarlik, igʻvogarlik, tuhmatchilik, badnafslik, badniyatlik, dilozorlik, andishasizlik, bevafolik, berahmlik, tovlamachilik, behayolik singari illatlarda ifodalanadi. Ular insonni tubanlik sari yetaklaydi va maʼnaviy jihatdan qashshoqlashuviga olib keladi. Mazkur illatlarni odat qilgan kishilar umumtasavvurda jirkanch taassurot qoldiradi. Xulq goʻzalligining mukammal boʻlishida inson xatti-harakatining sababi boʻlgan niyatning alohida oʻrni bor. Niyat bu – insonni faoliyatga, harakatga undovchi, hali haqiqatga aylanmagan, ammo aylanish ehtimoli boʻlgan axloqiy-estetik kechinma. Niyat insonning qalbida paydo boʻlib, asta-sekin harakat orqali voqelikka aylanadi.
Sharq hikmatlari durdonalarida xulq goʻzalligining oʻnta belgisi alohida koʻrsatiladi. Bular: 1) boʻlar-boʻlmasga odamlar bilan janjallashmaslik; 2) insoflilik; 3) birovdan ayb qidirmaslik; 4) biror kishi noloyiq ish sodir etgan boʻlsa, uni yaxshilik yoʻliga solib yuborish; 5) kechirimlilik; 6) muhtojlarning hojatini chiqarish; 7) boshqalarga yordam qoʻlini choʻzish; 8) nafsini tiya bilish; 9) boshqalarga ochiq chehra bilan muomala qilish; 10) doimo yaxshi soʻzlash. Ushbu belgilardan uchtasi, yaʼni “boʻlar-boʻlmasga odamlar bilan janjallashmaslik”, “boshqalarga ochiq chehra bilan muomala qilishlik”, “doimo yaxshi soʻzlash” insonning xatti-harakati bilan emas, balki chiroyli, shirin soʻzi natijasida amalga oshadigan axloqiy hodisalardir.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q