Bilasizmi?
Xudbinlik – yuksak maʼnaviyat tamoyillariga zid ijtimoiy hodisa, shaxsiy yoki individual xususiyat va qadriyatlarni mutlaqlashtirish, boshqalarni mensimaslik natijasida namoyon boʻladigan hayotiy tamoyil va axloqiy sifat, individualizm koʻrinishlaridan biri. Xudbinlik individual ehtiyojlarni hamma narsadan yuqori qoʻyadigan axloqiy sifat, illatni, maʼnaviyatsizlikni anglatuvchi tushuncha boʻlib, biror-bir insonning moddiy-maishiy manfaatlarining boshqalarnikidan ustun qoʻyilishini bildiruvchi manfaatparastlikdan va oʻz shaxsini mutlaqlashtirishga qaratilgan shaxsiyatparastlikning baʼzi unsurlaridan iborat salbiy xatti-harakatlar majmuidir. Shuningdek, xudbinlik tushunchasi maʼnaviy jihatdan insonni uning jamiyatga va boshqa kishilarga munosabati nuqtai nazaridan tavsiflaydi. Xudbin kishi oʻz xatti-harakatida faqat oʻz manfaatlarini koʻzlab ish koʻradi, jamiyat va tevarak-atrofdagilarning manfaatlari bilan hisoblashmaydi. Axloqiy sifat tariqasida xudbinlik insoniyat axloqiy ongi tarixida doimo salbiy baholanib kelgan. Xudbinlikni targʻib qiluvchi nazariyalar gʻayriijtimoiy, reaksion mazmun kasb etgan, soxta axloqiy tamoyil sifatida xudbinlikka ongli ixlosmandlik esa amoralizmga aylanib ketgan. Shaxs darajasida xudbinlik egoizm va individulizmga, milliy darajada esa millatchilik va buyuk millatchilik shovinizmiga olib kelishi mumkin. “Xudbinlik insonga zavollik keltiradi. Kimki xudbin boʻlsa xalq nazaridan qoladi. Ey aziz, agar sen inson boʻlay desang xudbin boʻlma, yoʻqsa sen oʻz joningni xatarga tashlagan boʻlasan. Agar sen ulugʻlikni xohlasang, kamtarlik yoʻlini tut”, – degan edi donishmand Muhammad Javhar Zamindor.
Xudbinlik sharqona joʻmardlik axloqiy tamoyili va insoflilik meʼyorining aksi: agar joʻmardlik, biror shaxs, jamoa yoki jamiyat baxti, farovonligi yoʻlida kishining hatto oʻziga eng zarur boʻlgan narsalardan ham voz kechishiga tayyor turishini anglatsa, xudbinlik oʻz manfaatlari yoʻlida, hech kimni, hech bir jamoani, hech qanday jamiyatni tan olmaydigan salbiy meʼyor egasining yaqqol koʻzga tashlanadigan xususiyati. Xudbinlikni inson shaxsining oʻziga boʻlgan muhabbati bilan aynanlashtirmaslik lozim. Xudbinlik muhabbat hissiga emas, nafs, hirs, rujuga asoslanib, adolatsizlik, insofsizlik va berahmlik xislatlarida namoyon boʻladi. Binobarin, hammaning ham qoʻlidan joʻmardlik kelavermaydi, lekin insonning oʻziga boʻlgan muhabbati, boshqalarning ham oʻziga shunday muhabbati borligini inkor etmasligi kerak. Shu qoida buzilgan joydan xudbinlik boshlanadi. Xudbinlik jinoyat emas, xudbin odam qonunni buzmaydi, aksincha, hamisha qonun oldida “toza”, “faqat qonuniy haqi”ni har qanday sharoitda, hatto birovlarning fojiasi, oʻlimi evaziga undirib oladi, xolos. Uning aqidasi: “Goʻzal bino qulasa qulayversin, men oʻzimga tegishli yuzta gʻishtni sugʻurib olishim kerak!” xudbinlik bizning jamiyatda ham uchrab turadi. Chunki, qonunning mustahkamlanib borishi xudbin odamlar uchun qulaylik tugʻdiradi: ular qonunning ruhini – mohiyatini bir chetga surib qoʻyib, uning shaklidan foydalanishga intiladi.
Avvalgi anʼanaviy urf-odatlar hukmron boʻlgan davrlarda xudbin odam jazolanishi – bir chetga chiqarib qoʻyilishi, jamoadan, mahalladan haydalishi mumkin edi. Endilikda bunday munosabat erkin shaxs huquqlarini poymol qilish, noqonuniy yondashuv deb hisoblanadi. Demak, xudbinlikka barham berishning yagona bir yoʻli – jamiyatda maʼnaviy-axloqiy tarbiyani zamon talablari darajasida rivojlantirish va keng joriy etishdir. Buning uchun ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda, madaniy-maʼnaviy hayotda jamoat tashkilotlari faoliyatida, taʼlim tizimida, oila va mahallada milliy gʻoya va “mafkuraviy immunitet”ni shakllantirishga oid izchil hamda samarali tadbirlar oʻtkazishga jiddiy eʼtibor qaratish lozim. Ayniqsa, farzandlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash jarayoni oila, maktab va mahallada koʻproq kechgani bois ular oʻrtasidagi faoliyatning oʻzaro uygʻunligini taʼminlash, ayniqsa, taʼlim-tarbiya soatlarida xudbinlik koʻrinishlari, uning jamiyat va kishilar hayotiga salbiy taʼsirini bartaraf etishga harakat qilish darkor. Shuningdek, jamoaviylik xususiyatlarini, oʻrtoq-birodarlikni tarannum etuvchi sanʼat asarlari, badiiy adabiyot orqali targʻibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q