Xotira


Saqlash
16:11 / 24.11.2023 0 17064

Xotira (arabcha fikr, tafakkur; gʻoya; xayol) – 1) biror kishi yoki narsa haqidagi yodda, esda saqlangan taassurot;

2) esdalik, yodgorlik;

3) xotin-qizlar ismi.

 

Kishining boshqa odam yoki narsa haqidagi biror taassurotni esda saqlash, eslab qolish qobiliyatiga xotira deyiladi. Insonning oʻylash, fikrlash qobiliyati ham xotiraga kiradi. Biror kishi uchun qilinadigan izzat-hurmat ham xotira hisoblanadi. Marhumlar eslansa, arvoh xotira boʻladi. Xayoli sochilgan, fikri tarqoq kishiga nisbatan “parishonxotir” iborasi qoʻllanadi. Xotira inson avval oʻzlashtirgan, his qilgan, bajargan, oʻylagan narsalarni bosh miyada saqlash va zarur boʻlganda tiklash qobiliyatidir. Xotira bois kishilar toʻplagan tajribalari, bilimlarini esda olib qoladi, qoʻllaydi, kelajak avlodga qoldiradi. Koʻpchilik umuman barcha narsani unutmaslikni istaydi. Biroq bu insonga juda ogʻirlik qiladi. Yaxshi xotira esda qolishi zarur voqea-hodisalarni esda saqlashgina emas, balki kerak boʻlmagan narsalarni unuta bilish hamdir. Shuning uchun ham yaxshi eslab qolishning asosiy sharti – oʻylash. Nimalarni eslab qolganini oʻylash, yodda qolayotgan narsani avvaldan maʼlum narsa bilan bogʻlash, eslab qolayotgan narsalarni fikran koʻra bilish lozim. Eng muhimi, eslab qolayotgan narsa qachon va nima uchun zarur boʻlishi mumkinligi haqida oʻylash kerak. Xotira uzoq davr bilishning umumiy muammolari bilan uzviy bogʻliq ravishda asosan falsafada oʻrganildi. Xotira haqidagi dastlabki ilmiy qarashlar Sharq mutafakkirlari va yunon faylasuflari taʼlimotlarida uchraydi. Xususan, Forobiy xotirani bilishdagi aqliy jarayonning tarkibiy qismi sifatida qarab, uning faqat insonga emas, hayvonga ham xos xususiyat ekanini alohida taʼkidlagan. Zamonaviy psixologiyada xotira atrof muhitdagi voqelikni bevosita va bilvosita, ixtiyorsiz va ixtiyoriy ravishda, passiv va aktiv holda, reproduktiv va produktiv tarzda, verbal va noverbal shaklda, mantiqiy va mexanik yoʻl bilan aks ettirgan holda esda olib qolish, esga tushirish, unutish hamda tanish, eslashdan iborat ruhiy jarayon sifatida talqin qilinadi. Ixtiyoriy xotirada muayyan materialni esda olib qolish oldindan maqsad qilib qoʻyiladi. Ixtiyorsiz xotirada bunday maqsad boʻlmaydi va u biror-bir faoliyatda (masalan, mehnat jarayonida yoki kim bilandir suhbat paytida) oʻz-oʻzidan esda saqlab qolinadi. Barqarorligi jihatdan ixtiyoriy xotira ixtiyorsiz xotiradan samaraliroq. Shu bilan birga, alohida va umumiylik namoyon qiluvchi ijtimoiy hodisa, barcha taʼsirlarni ijodiy qayta ishlashga yoʻnaltirilgan xotira mavjud.

 

Xotirani quyidagi muhim mezonlarga muvofiq turlarga ajratish mumkin:

1. Ruhiy faoliyat faolligiga koʻra: a) harakat yoki motor harakat xotirasi; b) obrazli xotira; v) his-tuygʻu yoki hissiyotsi; g) soʻzmantiq xulosasi. Bulardan soʻz-mantiq xotirasi yetakchi oʻrin tutadi. Xotiraning barcha turi bir-biri bilan bogʻliq holda kechadi.

2. Ruhiy faoliyat maqsadiga binoan: a) ixtiyorsiz; b) ixtiyoriy; v) mexanik xotira

3. Ruhiy faoliyat davomiyligiga koʻra: a) qisqa muddatli; b) uzoq muddatli; v) operativ xotira.

 

Kundalik hayotda xotira asosan ikki turga – uzoq muddatli va qisqa muddatli xotiralarga boʻlinadi. Qisqa muddatli xotiralar hatto bir soniya ichida gavdalanib, shu ondayoq esdan koʻtarilishi mumkin. U asta-sekin uzoq muddatli xotiraga aylanadi. Uzoq muddatli xotiralar esa kishi yodida bir umr saqlanib qolishi mumkin. U insonning hayot tajribasidagi mushtaraklik, uygʻunlik va barqarorlikdan dalolat beradi. Xotira ruhiyatning oʻtmish holati bilan hozirgi va kelgusidagi holatlarga tayyorlash jarayonlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqadorlikni koʻrsatadi. Boshqa psixik hodisalar kabi xotira ham shaxs xususiyatlari, uning ehtiyoji, qiziqishlari, odati, feʼl-atvori bilan bevosita bogʻliq. Insonning oʻzligi uning xotiralari majmuida mujassam boʻladi. Inson xotirasi bilan insondir. Xotirasiz kishi esa odamiylikdan chiqadi. Insonning xotirasi boʻlmasa, u oʻz kelajagini qanday tasavvur qiladi? Agar xotira boʻlmasa, ota-bobolarimiz toʻplagan kerakli bilim va tajribalarni bilmasdan, har kuni, har qadamda yangi-yangi muammo va gʻov-toʻsiqlarga duchor boʻlar edik... Odamzod oʻzining kechagi kunini xotirlay olsagina, oʻtmishdan zarur saboq va xulosalar chiqarib, ongli hayot kechirishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 12
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 15
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 93
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 197
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 514
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 933
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218665
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104448
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33585
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27247
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26234
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24735
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24715
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21607
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//