Xalq maʼnaviyati. Xalq farovonligi


Saqlash
15:11 / 22.11.2023 0 736

Xalq maʼnaviyati – xalq yoki millat qadriyatlarining muayyan tartibda, darajada va yoʻsinda tizim holiga kelishi. Har bir xalq maʼnaviyati muayyan qadriyatlar yigʻindisidan tashkil topadi. Bu tizim tarkibida ozodlik, tinchlik, xotirjamlik, iymon, insof, lafz, oriyat, farovonlik, kattalarga hurmat, hamkorlik, adolat, mehmondoʻstlik singari umuminsoniy qadriyatlar muhim rol oʻynaydi. Lekin, ayni bir xil qadriyatlardan tashkil topishiga qaramay, turli xalqlar maʼnaviyatining oʻziga xos boʻlishi boisi shuki, oʻsha ayni bir xil qadriyatlar maʼnaviyatda oʻziga xos yoʻsinda aks etadi. Masalan, bir xalq maʼnaviyatida mehmondoʻstlik ustuvor boʻlsa, boshqa xalq maʼnaviyatida jasurlik ustun boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, ayni bir xalq maʼnaviyati taraqqiyotidagi bir bosqichda oʻsha mehmondoʻstlik yoki kattalarga hurmat katta oʻrin tutsa, keyingi bosqichda jasorat yoki adolat eng ustuvor qadriyat boʻlib qolishi mumkin. Shuning uchun aytish mumkinki, barcha millatlar maʼnaviyatida deyarli bir xil qadriyatlarning jamlanishi milliy maʼnaviyatlarning umuminsoniy asosini ifodalasa, ularning har biridagi har bir qadriyat turli darajada rivojlangani va oʻzaro turli yoʻsinda bogʻlanishi milliylikni ifodalaydi.

 

Qadriyatlar birikishidan maʼnaviyat hosil boʻlsa, maʼnaviyat negizida mafkura vujudga keladi. Mafkura tur jihatidan xilma-xil boʻlishi mumkin: oila mafkurasi, ijtimoiy guruhlar mafkurasi, siyosiy mafkuralar, diniy mafkuralar va boshqalar. Bu mafkuralarning barchasi ham bir milliy maʼnaviyat negizida shakllansa-da, ularga shu maʼnaviyatning muayyan jihatlari asos qilib olinadi. Ijtimoiy guruhlarning mafkuralarida butun xalq va millat manfaatlariga, orzu-umid va intilishlariga mos boʻlgan qadriyatlar ifodalansa, ular negizida milliy mafkuralar vujudga kelishi mumkin. Lekin milliy mafkuralar siyosiy partiyalarga uyushmagan ijtimoiy guruh va qatlamlarning orzu-umidlarini ham ifodalaydi. Milliy mafkura milliy qadriyatlar orasida ustuvor boʻlganlarini jamlasa, milliy gʻoya ular ichidagi eng ustuvor qadriyatni ifodalaydi. Xalq maʼnaviyatida esa ana shu ijtimoiy guruh, qatlam va partiyalar qadriyatlari orasida xalq uchun eng maqbul boʻlganlari jamlanadi. Aslida, xalq qadriyatlarni ijtimoiy guruh va partiyalardan olmaydi, aksincha, bu guruh va qatlamlar xalq qadriyatlari orasidan oʻzlari uchun maʼqul boʻlganlarini tanlab oladilar.

 

Xalq farovonligi – xalqqa munosib turmush sharoiti yaratishni ifodalovchi tushuncha. Oʻzbekistonda barpo etilayotgan jamiyatning iqtisodiy asosi ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotidir. Bugungi kunda dunyodagi barcha mamlakatlar aynan shu yoʻldan taraqqiy etib, oʻz xalqining farovon hayot kechirishini taʼminlashga erishmoqda. Oʻzbekiston ham shunday yoʻlni tanlagan. Hozirda amalga oshirilayotgan islohotlar shunchaki islohot uchun emas, aynan inson uchun, uning haq-huquqi va erkinliklari hamda farovon hayotini taʼminlash uchun xizmat qiladi. Sobiq shoʻro tuzumi odamlar ongiga barcha falokatlarning sababi xususiy mulkda, degan gʻoyani singdirib, soxta tenglikni qaror toptirmoqchi edi. Oqibatda ishlamagan odam ishlagan odamdan yaxshiroq yashay boshlagan edi. Hatto sovet kishisining oʻzi ham davlat mashinasining murvatiga aylantirilgan edi. Mehnatga haq toʻlashdagi adolatsizlik boqimandalik kayfiyatini, ishlab chiqarishdagi isrofgarchilikni, tashmachilikni kuchaytirdi. Odatda, mustabid tuzumlar xalq farovonligidan, uning boyib ketishidan manfaatdor boʻlmaydi. Oʻzbekiston istiqlolga erishgan dastlabki kunlardanoq yakka davlat mulki hukmronligiga barham berilib, mulk shakllarining xilma-xilligiga, jumladan, xususiy mulkka keng yoʻl ochdi.

 

Bugungi kunda mamlakatda mulkdorlar sinfi shakllanmoqda. Bozor iqtisodiyoti jamiyatni maʼlum maʼnodagi tabaqalanishga olib kelishi tabiiy. Xalq farovonligini koʻzlagan davlat xalqning keskin tabaqalanishiga – oshib-toshib ketgan boylaru kambagʻal-qashshoqlarga boʻlinib ketishiga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlarini koʻrib, bu borada oʻziga xos kuchli ijtimoiy siyosat yuritadi. Aholining eng kam himoyalangan va muhtoj tabaqalarini oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlash xalq farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar muvaffaqiyati kafolatidir. Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya choralari aholining asosan haqiqiy muhtoj va ehtiyojmand qatlamlariga yoʻnaltirilmoqda. Bu borada davlat manbalari bilan bir qatorda mehnat jamoalari, jamoat va xayriya tashkilotlari hamda jamgʻarmalarning mablagʻlari ham ishga solinmoqda. Bugungi kunda farovon turmush asosi – erkinlik, tadbirkorlik, tashabbuskorlikdir. Tadbirkorlik faoliyatining erkinligi uchun konstitutsiyaviy, huquqiy va iqtisodiy shart-sharoit hamda kafolatlar yaratilishi zarur. Tashabbuskorlik va tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, odamlarda mulkka egalik hissini tarbiyalash, kichik va oʻrta korxonalarni izchil rivojlantirish, aholi farovonligi va daromadlarining ortishida, ishsizlik muammosini yechish da muhim ahamiyat kasb etadi. Tabiiy boyliklar, yer resurslari, mamlakat iqtisodiy salohiyati har bir fuqaroning ehtiyojlarini qondirish, oʻzligini namoyon etish va bunyodkorlik qobiliyatini roʻyobga chiqarishning asosiy omillaridir. Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohot va bunyodkorlik ishlari xalq farovonligini oshirishga qaratilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 117
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 367
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 129
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 217
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 529
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 946
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218723
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104467
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34038
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27305
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26480
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25044
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24828
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21681
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//