Bilasizmi?
O‘tgan oy Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida o‘tkazilgan xalqaro kitob ko‘rgazmasida ishtirok etdik. Bunday ko‘rgazmalarning yaxshiligi xorijiy davlatlarda qanday yangi kitoblar nashr etilayotganidan, noshirlik ishidagi yangiliklardan boxabar bo‘lasiz, yangi mualliflar, ijodkorlar, soha mutaxassislari bilan tanishib, boshqa davlatlardagi hamkasblar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yasiz.
Dushanbeda o‘tgan ko‘rgazmada rossiyalik noshirlar tomonidan olib kelingan bir kitob e’tiborimni tortdi. Chunki u MDH mamlakatlari zamonaviy adabiyotiga bag‘ishlangan antologiya edi. Qiziqib qarasam, ushbu uch jildli «Современная литература стран СНГ» (MDH mamlakatlari zamonaviy adabiyoti) antologiyasi 2022-yil oxirida Rossiyada «Объединенное гуманитарное издательство» (ОГИ) nashriyoti tomonidan nashr etilgan ekan. Bu yangilikdan o‘zbekistonlik adabiyot ixlosmandlari ham boxabar bo‘lsin degan niyatda antologiya haqida qisqacha ma’lumot berishni lozim topdim.
Avvalo antologiyani nashrga tayyorlagan «Объединенное гуманитарное издательство» (ОГИ) nashriyoti haqida qisqacha ma’lumot bersam. Mazkur nashriyot 1997-yildan beri faoliyat yuritib, gumanitar sohalardagi adabiyotlar nashr etish bo‘yicha Rossiyada yetakchi nashriyotlardan biri ekani aytiladi. Nashriyotda har yili rus adabiyoti hamda xorijiy adabiyot numunalari – proza, poeziya, bolalar adabiyoti, biografik va ilmiy-ommabop nashrlar, ilmiy va memuar adabiyotlar kabi yo‘nalishlarda ko‘plab kitoblar nashr etiladi. Tushunishimcha, ushbu nashriyot Rossiya Matbuot va ommaviy kommunikatsiyalar federal agentligi bilan rus adabiyoti va madaniyatini targ‘ib qilishda hamkorlik qiladi.
Antologiyaning nasr yo‘nalishiga bag‘ishlangan jildi hozirda Rossiyada yashab ijod qilayotgan asli o‘zbekistonlik yozuvchi Temur Po‘latov so‘zboshisi bilan nashr etilgan. Unga MDH mamlakatlaridan 94 nafar muallifning oxirgi o‘ttiz yil ichida yozilgan asarlari kiritilgan. To‘plamga o‘zbek yozuvchilaridan Xurshid Do‘stmuhammad (“Qichqiriq”), Rahimjon Rahmat (“Adashboy”), Nazar Eshonqul (“Maymun yetaklagan odam”), Abduqayum Yo‘ldoshev (“Puankare), Isajon Sulton (“Tungi bo‘ron”), Ulug‘bek Hamdam (“Bir piyola suv”), Salomat Vafo va Zulfiya Qurolboy qizining asarlari rus tiliga tarjima qilib kiritilgan. Mazkur asarlarning aksari rus tiliga adabiyotshunos olima, professor Saodat Komilova tomonidan tarjima qilingan. Antologiyada keltirilgan zamonaviy o‘zbek adabiyoti haqida kattagina maqola ham professor Saodat Komilova tomonidan yozilgan.
Antologiyaning nazm yo‘nalishiga bag‘ishlangan jildida 11 ta mamlakatdan 100 dan ortiq ijodkorning asarlari o‘rin olgan. To‘plamga o‘zbek shoirlaridan Rauf Parfi, Abdulla Sher, Tursun Ali, Muhammad Yusuf, Muhammad G‘affor, Abdulhamid Parda, Bahrom Ro‘zimuhammad, Vafo Fayzulloh, Faxriyor, Davron Rajab, Ulug‘bek Hamdam, Xosiyat Rustamova, Go‘zal Begim, Tillaniso va Jontemir Jondor qalamiga mansub she’larning ruscha tarjimalari kiritilgan.
Antologiyada zamonaviy o‘zbek she’riyati haqida ma’lumot berilar ekan, 1980-yillar oxirida boshlangan erkinlik davri uzoq davom etmagani, 1990-yillar o‘rtalariga kelib adabiy jarayonlar ustidan senzura va davlat nazorati kuchaygani aytiladi. Ammo bu nazorat sovet davridagi kabi qattiq bo‘lmagani hamda 2002-yil senzura qisman bekor qilinishi hamda asosan 2016-yil siyosiy hokimiyat o‘zgargandan keyin boshlangan erkinlashtirish jarayonlari bilan vaziyat o‘zgargani ta’kidlanadi.
Maqolada aytilishicha, mustaqillikka erishilgandan keyingi yigirma yillik, ya’ni 1990–2000-yillar o‘zbek she’riyati o‘tish davrining o‘ziga xos qirralari bilan xarakterlanadi. Shuningdek, tilga olingan o‘tish davrining yana bir xususiyati o‘laroq o‘zbek she’riyatida zamonaviy rus she’riyatidan uzoqlashish kuchaygani ta’kidlanadi. Shu o‘rinda bir mulohaza – mustaqillik davridagi o‘zbek she’riyatiga baho berishda nega endi uning rus she’riyatidan uzoqlashganini ta’kidlash kerak, shunday bo‘lishi tabiiy hol deb qarab bo‘lmaydimi?!
Yana shuni aytib o‘tish lozimki, mazkur uch jildli «Современная литература стран СНГ» antologiyasi 2023-yil avgust oyida Rossiyada «Книга года» (Yil kitobi) milliy tanlovining Gran-pri sovriniga munosib ko‘rilgan.
Yorqinjon HAYDAROV
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
2 Izohlar
Yorqinjon
17:11 / 23.11.2023
Assalomu alaykum. Xabarni men yozgandim. Ko'rgazmaga bir nusxadan opkelishgan ekan. Sotvolib opkelmoqchi edim, sotishmadi. Tojikistondagi Rus madaniyati markaziga qoldirishlari kerakligini aytishdi. Kelasi yil Toshkentda o'tkaziladigan xalqaro ko'rgazmaga olib boramiz deyishdi. Internetda Rossiyadan kitob opkelib sotadigan do'konlar bor, balki ular topib opkeberishar.
Fakhriddin Nizomov
18:11 / 21.11.2023
Бу китобни қаердан олса бўлар экан? Ушбу мақола муаллифи билармикан?