Bir kuni...
SHUHRAT
Har bir odamda bolaligi yashiringan. U ayrim hollarda mo‘ralab, o‘zini oshkor qilib qo‘yadi.
* * *
Yolg‘izlik yo dono, yoki devonani yaratadi.
* * *
Ter to‘kib halollik bilan qo‘lga kiritilgan yutuq doim hasad tug‘diradi.
* * *
Inqilob – muhojirlarni, zulm qochqinlarni ko‘paytiradi.
* * *
Ko‘pincha astar avradan qimmat tuyuladi.
* * *
Qo‘rqoq faqat xiyonat qilishdan qo‘rqmaydi.
* * *
Yomon do‘st soyaga o‘xshaydi – quyoshli kunda qochib qutulolmaysan, bulutli kunda qidirib topolmaysan.
***
Uning muhabbati kech bahorda yoqqan qorga o‘xshaydi. Bir yoqdan yog‘sa, bir yoqdan erib ketadi.
* * *
Tarbiya taqani to‘g‘rilaydi.
* * *
Mashq bilan boyitib turilmagan ilm teshik chelakdan to‘kilgan suvdek ado bo‘ladi.
* * *
Qidirsangiz, yo‘qolgan oltinni topasiz, lekin yo‘qotilgan vaqtni topolmaysiz.
* * *
Mehribonlik – muhabbatning elchisi.
* * *
O‘zi yonmagan shoir birovni yondirolmaydi!
* * *
So‘z – fikr surati.
* * *
Zamon har bir zulmning intiqomini ham olib keladi.
* * *
Taqdir sinovi har kimning darajasiga qarab beriladi.
* * *
Oqni qoralash uchun ko‘p bo‘yoq kerak emas.
* * *
Nodon sudyadan xavfliroq odam yo‘q.
* * *
Tik o‘sgan daraxtdan qiyshiq soya tushmaydi. Haq so‘z pardozga muhtoj emas.
* * *
Yozganda gapni o‘rgimchak uyasidek to‘qimaslik kerak.
* * *
Yaxshi so‘z yong‘oqqa o‘xshaydi. Ma’nosini anglash uchun uni chaqib ko‘rmoq kerak.
* * *
Tikan bo‘lib oyoqqa kirguncha, gul bo‘lib yoqaga sanchil!
* * *
Har bir ko‘krakda yurak bor. Biroq har birining kaliti o‘zga.
* * *
Erkka kurash bilan erishiladi.
* * *
Inson qahramonlik ko‘rsatolmasa ham, unga doim tayyor turmog‘i shart.
* * *
Uzun til umrni qisqartiradi.
* * *
Tabiat xasis, hammaga ham shoirlik iste’dodini ravo ko‘rmaydi.
* * *
Tanqid – adabiyotning shikoyat daftarchasi.
* * *
Baxtning oyog‘i yo‘q – o‘zi kelmaydi, unga mehnat yetkazadi.
* * *
Chiroyli qo‘llar ham jallod boltasini tutishi mumkin. Men yoshligimning 15-20 yilidan voz kechib, keksalikka sakrab o‘tishga roziman. Lekin yonimda u, ugina bo‘lsa, qo‘sha qarisak...
* * *
Toqqa chiqishga erinmang, balanddan olis-olislar ko‘rinadi.
* * *
Shoir qalbdagi shivirni dovulga aylantiradi.
* * *
Sababsiz kechirim so‘ratmoq – gunoh.
* * *
Aql tishi hammada bor, ammo...
* * *
Umr yong‘oqdek yumalab o‘tadi-ketadi.
* * *
Eng yomon qafas – to‘rt tomoni ochiq qafasdir.
* * *
Ertangi kun qayg‘uga sabab bo‘ladigan bugungi shodlikning ma’nisi yo‘q.
* * *
Sevgisiz nikoh – hidi yo‘q gul.
* * *
Do‘stlik zaiflashgan davrada takalluf tomir otadi.
* * *
Gul hidlagan odamga atrini yuqtiradi.
* * *
– Nega boshingizni egib o‘tiribsiz, buvi?
– Yer chaqiryapti shekilli, bolam.
“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son.
“To‘rt tomoni ochiq qafas”
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q