Tafakkur


Saqlash
15:10 / 30.10.2023 0 4635

Tafakkur (arabcha fikrlash, aqliy bilish) – inson maʼnaviyatining tarkibiy qismi, bilishning olamdagi narsa va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlarini aniqlaydigan, ular oʻrtasidagi ichki, zaruriy aloqalar, yaʼni qonuniy bogʻlanishlarni aks ettiradigan aqliy bosqichi. Tafakkur iborasi arabcha “fikr” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, oʻylash, muhokama, mushohada va fikr yuritish maʼnolarini bildiradi. Tafakkur quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:

 

1) unda voqelik umumlashgan holda aks etadi. Hissiy bilishdan farqli oʻlaroq, tafakkur bizga narsa va hodisaning nomuhim, ikkinchi darajali (bu, odatda, bilish oldida turgan vazifa bilan belgilanadi) belgilaridan fikran chetlashgan, mavhumlashgan holda, eʼtiborimizni uning umumiy, muhim, takrorlanib turuvchi xususiyat va munosabatlariga qaratishimizga imkon beradi;

2) tafakkur borliqni bilvosita aks ettiradi. Unda yangi bilimlar tajribaga har safar bevosita murojaat etmasdan, mavjud bilimlarga tayangan holda hosil qilinadi. Fikrlash bunda narsa va hodisalar oʻrtasidagi aloqadorlikka asoslanadi;

3) tafakkur insonning ijodiy faoliyatidan iborat, bunda narsa va hodisalarning eng murakkab xususiyatlarini oʻrganish, hodisalarni oldindan koʻrish, bashoratlar qilish imkoniyati vujudga keladi;

4) tafakkur til bilan uzviy aloqada mavjud boʻladi, yaʼni fikr maʼnaviy hodisadir. U faqat til orqali, moddiy hodisa (tovush toʻlqinlarida, grafik chiziqlar) tarzida reallashadi, boshqa kishilar bevosita qabul qila oladigan, his etadigan shaklga kiradi va odamlarning oʻzaro fikr almashish vositasiga aylanadi.

 

Boshqacha aytganda, til fikrning bevosita voqe boʻlish shaklidir. Psixologlarning taʼbiricha, fikrlash, yaʼni tafakkur miyada sodir boʻladigan jarayon boʻlib, sezgi organlari ojizlik qilgan oʻrinlarda odam va olamning xususiyati tafakkur orqali oʻrganiladi. Tafakkur aqliy faoliyat, ongli xatti-harakatlar majmui boʻlib, tevarak atrof, ijtimoiy muhit hamda borliqni bilish asosi, inson faoliyatini oqilona, samarali tashkil qilishning muhim sharti hisoblanadi. Kishi fikrlash jarayonida oʻzi koʻrgan, idrok qilgan, sezgan, tasavvur etgan narsa va hodisalarning toʻgʻriligi, aniqligi hamda borliqqa muntini anglaydi. Tafakkur odam va olam sirlarini oʻrganishda hosil boʻlgan qarash, tushuncha va farazlar majmui, u orqali inson xulosa hamda mulohazalarning qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini bilib oladi. Bu jarayonda u mulohaza yuritib, mazkur jarayon va hodisalar oʻrtasidagi munosabatlarni, oʻziga xos xususiyatlarni, ularni bir-biri bilan bogʻlab yoki ajratib turgan jihatlari hamda faoliyatini oʻrganadi. Tafakkur jarayoni faqat insonning miyasi bilan emas, balki qalbi va ruhiyati bilan ham uzviy bogʻliqlikda kechadi. Fikrlovchining ichki dunyosi qanchalik boy boʻlsa, uning fikrlash saviyasi ham, xatti-harakati ham shunga yarasha boʻladi. Inson fikrining teranligi, tiniqligi, mantiqiyligi, erkinligi, mustaqilligi, badiiyligi, ijodiyligi tafakkurning sifatlari hisoblanadi. Inson dunyoni tafakkurning aynan shu shakllari orqali anglaydi, uni oʻziga xos tarzda tasvirlaydi, xulosalar chiqaradi. Ruhiyati uygʻoq, qalbi behalovat odam biror narsaga mehr qoʻyadi, oʻzida yaratish, ijod qilish, kashfiyot ochishga ehtiyoj sezadi. Bu ehtiyoj esa uni harakatga undaydi, maʼnaviy kamolot sari yetaklaydi. Inson borki, u fikr yuritish qobiliyatiga ega. Mutafakkir iborasining oʻzagi ham fikrdir. Lekin har bir fikr yurita oladigan kishiga nisbatan mutafakkir iborasini qoʻllab boʻlmaydi.

 

Yuksak, teran va atroflicha fikr yurita oladigan, ijtimoiy faoliyatidan el-yurtiga katta naf tegadigan tarixiy shaxslar, atoqli siymolarnigina mutafakkir deyish mumkin. Al-Xorazmiy, al-Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk olimlar, Mahmud Qoshgʻariy, Ahmad Yugnakiy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Jaloliddin Rumiy, Alisher Navoiy singari ulugʻ adib va shoirlar, imom Buxoriy, imom Termiziy, Najmiddin Kubro, Xoja Bahouddin Naqshband kabi ulamolar ayni paytda mutafakkirlar hisoblanadi. Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Husayn Boyqaro va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi temuriylar mutafakkir zotlar edi. Amir Temur, Husayn Boyqaro va Bobur faoliyatida davlat tafakkuri ustunlik qilgan boʻlsa, Ulugʻbek faoliyatida ilmiy tafakkur yetakchi edi. XX asrning birinchi choragida oʻzbek jamiyatida yetakchi gʻoya jadidchilik edi. Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli, Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriylar ham xalqimizning mutafakkir farzandlari edilar.

 

Inson tafakkuri turlariga xos xususiyatlarni tekshirish va tahlil qilish natijasida mustaqil fikrlash inson oldida turgan muammolari, maqsad va vazifalari belgilangan holda oʻz bilimi, dunyoqarashi va hayotiy tajribalariga tayanib, turli yoʻl va usul, vositalari yordamida oʻzining intellektual imkoniyatlari darajasida mustaqil ravishda hal qilishdan iborat boʻlgan aqliy faoliyatdir. Kishi tafakkuri mustaqilligi belgilaridan biri – tashabbuskorlik boʻlib, u insonning oʻz oldiga aniq maqsad, yaqqol vazifalar qoʻyish, ularni amalga oshirish yoʻlidagi muammolar yechimini topish, nihoyasiga yetkazish uchun zarur boʻlgan usul va vositalarni oʻzi belgilashida namoyon boʻladi. Bu faoliyatning aniqligi, vazifalarni bajarish jarayonida yangi usul va vositalarni tez topish, saralash hamda qoʻllash natijaning salmogʻida koʻrinadi.

 

Tafakkur mustaqilligining tanqidiyligi esa mustaqil fikrlovchini voqea-hodisalarga munosabati, uning xususiyatlari, muhim-nomuhim jihatlarini ajrata bilishida seziladi. Mustaqil tafakkurga ega boʻlmagan kishilar tayyor qarashlar asiriga aylanadi va ularda tafakkurning oʻsishi oʻzining tabiiy darajasidan orqada qoladi. Tafakkur qaramligi, qulligi jamiyat rivojiga, millat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladi. Tafakkur oʻzgarmasa turmush ham oʻzgarmaydi. Shuning uchun ham fikrning mustaqilligi uning sermahsulligi, samaradorligini taʼminlaydi. Qay bir inson tomonidan muayyan vaqt ichida maʼlum soha uchun qimmatli va yangi fikrlar, gʻoyalar, tavsiyalar yaratilgan, nazariy va amaliy vazifalar hal qilingan boʻlsa, bunday kishining tafakkuri sermahsul, samarali sanaladi. Demak, muayyan vaqt oraligʻida mustaqil ravishda bajarilgan ish koʻlami va sifati (tafakkurining kengligi, chuqurligi, tanqidiyligi asosida) tafakkur mustaqilligining oʻlchovi boʻlib xizmat qiladi. Zero, tafakkur mustaqilligiga erishish, yaʼni mustaqil fikr sohiblarini tarbiyalash va shakllantirish bugungi oʻzbek taraqqiyotining muhim maʼnaviy omillaridan biri hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 118
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 367
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 129
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 217
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 529
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 946
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218725
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104467
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34038
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27305
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26480
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25045
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24828
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21681
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//