Bilasizmi?
Tarix – tabiat va jamiyatdagi har qanday oʻzgarish va rivojlanish jarayonini ifodalovchi atama; insoniyat va uning hayoti, avlodlar almashuvi, sivilizatsiyalar, jamiyat va davlatlar shakllanishi, oʻtmishi va taraqqiyoti bilan bogʻliq jarayonlarni oʻrganuvchi fan. Maʼnaviyatini tiklashi, tugʻilib oʻsgan yurtida oʻzini boshqalardan kam sezmay, boshini baland koʻtarib yurishi uchun insonga, albatta, tarixiy xotira kerak. Kim boʻlishidan qatʼi nazar, jamiyatning har bir aʼzosi oʻz oʻtmishini yaxshi bilsa, bunday odamni yoʻldan urish, har xil aqidalar taʼsiriga olish mumkin emas. Tarix saboqlari insonni hushyorlikka oʻrgatadi, irodasini mustahkamlaydi. Inson uchun Tarixidan judo boʻlish – hayotdan judo boʻlish demakdir. Bu gʻoyaning zamirida xalqimizning oʻzligini anglashi yotadi. Haqqoniy tarixni bilmasdan turib esa oʻzlikni anglash mumkin emas. Tarix fani – insoniyatning butun oʻtmishi davomida jamiyat hayotida sodir boʻlgan voqea, hodisa va jarayonlarni yaxlit tarzda oʻrganadi. Bu fan ijtimoiy-gumanitar fanlar (falsafa, siyosatshunoslik, sotsiologiya, iqtisod, psixologiya, sanʼatshunoslik va boshqa) tizimining tarkibiy qismiga kiradi. Turli ijtimoiy va gumanitar fanlar inson va jamiyat hayotining alohida jihatlarini oʻrgansa, tarixning tadqiqot mavzui – aholi, jamiyat, mamlakat, davlat hayotining oʻtmishi va hozirgi davri xususidagi dalil va maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish, toʻplangan bilimlarni maʼlum bir tizimga solish va nazariy jihatdan umumlashtirishdir. Tarix fani moziyda sodir boʻlgan voqea, hodisa va jarayonlar oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik, ularning ildizi, tarixni harakatlantiruvchi sabablar, uning mantigʻi va maʼnosini koʻrish imkonini beradi. Qachon, qayerda, qanday sababga koʻra qanday voqeahodisa yuz bergan, oqibati nima bilan yakunlangan, uning bizga, hozirgi zamonga qanday daxli, ahamiyati bor, degan savollarga javob topish orqali biz tarixdan saboq olamiz, uni anglaymiz. Inson, jamiyat va tanazzulga olib keladigan yoʻllardan esa voz kechamiz. Ijtimoiy va gumanitar fanlar ham, tabiiy bilim sohalari ham tarix tadqiqotlari natijasiga tayanadi.
Hozirgi zamon tarix fani alohida boʻlim va sohalardan tashkil topgan bilimlar majmuasidir. Ixtisoslashish darajasiga qarab, ularni bir necha guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhni jamtning (jahon tarixi) butun va alohida tomonlarini oʻrganuvchi boʻlim va sohalar tashkil etadi. Jahon tarixi, ibtidoiy jamiyat tarixi, qadimgi dunyo tarixi, oʻrta asrlar tarixi, yangi va eng yangi tarix shular jumlasidandir. Hududiy-geografik tamoyilga koʻra, tarixan bir-biri bilan bogʻliq yirik mintaqalar (Yevropa va dunyoning boshqa qismlari, Qadimgi Sharq, Markaziy Osiyoning baʼzi mintaqalari), alohida mamlakatlar va xalqlar tarixiga ajratiladi. Majmuaviy muammolarni tadqiq etish har bir guruh mamlakatlar va xalqlar tarixini (Uygʻonish davri, Reformatsiya tarixi va boshqa) oʻrganish zaruriyatidan kelib chiqadi. Jahon tarixiga global yondashuv bilan bir qatorda mikro tarix (shahar va qishloqlar, alohida shaxslar, kundalik maishiy turmush) ham oʻrganiladi. Tarixning alohida tomonlarini oʻrganish tarix fanining alohida sohalarini ajratishni taqozo etadi (masalan, harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, din, fan, madaniyat, sanʼat, intellektual, diplomatiya tarixi va boshqa). Ikkinchi guruhni yordamchi va maxsus tarix fanlari tashkil etadi. Ularni alohida fanlarga ajratilishi va rivojlanishi tarix fanining xususiy tadqiqot usullarini ishlab chiqish zaruratidan kelib chiqadi. Bunda antropologiya, arxeologiya, etnologiya mustaqil oʻringa ega. Yordamchi tarix fanlariga – manbashunoslik, arxeografiya, paleografiya, geraldika, xronologiya, metrologiya va numizmatika kiradi. Maxsus guruh – boshqa fanlar ehtiyojidan kelib chiqadi (masalan, tabiiy fanlar tarixi, texnika tarixi, davlat va huquq tarixi). Tarix fanining tarixini esa tarixshunoslik oʻrganadi. Tarix fani asrlar mobaynida qoʻlyozma asarlarda ifodalangan hayot, voqea-hodisalar, tarixiy shaxslar haqida hikoya qilishdek oddiy bayonchilikdan, muayyan sivilizatsiya hayotining shakllanish bosqichlari va umumiy qonuniyatlarini aniqlash, umumlashtirish, tahlil qilish va nazariy xulosalar chiqarish kabi murakkab ilmiy yoʻlni bosib oʻtgan. Eng qadimiy tariximiz xususida madaniy yodgorliklar va arxeologik topilmalar maʼlumot beradi. Asrlar davomida siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayot tarixi haqida maʼlumotlar, Saroy yilnomalari, tarixchilar, xonlar, podshohlar tomonidan bitilgan qoʻlyozma manbalar shaklida jamlana borgan. Oʻrta asrlar tarixshunosligida Amir Temur va temuriylar tarixi ayniqsa mufassal yoritilgan.
Nodir qoʻlyozma manbalarda Oʻrta Osiyo mamlakatlarining geografik holati, yirik shaharlari va aholisi, ularning turmush tarzi va mashgʻulotlari, karvon yoʻllari, urushlar, gʻalayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotiga doir turli maʼlumotlar bayon etilgan. Oʻrta Osiyo Rossiya mustamlakasiga aylantirilgach, istibdod tuzumi tartibotlari tarix sohasidagi ilmiy tadqiqot koʻlami va mavzusiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Oʻsha davr tarixchilarining Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston tarixiga oid asarlarining aksariyati oʻzining bir yoqlamaligi, metropologiya manfaatlariga xizmat qilishga moʻljallangani bilan ajralib turadi. XX asr boshlarida milliy davriy matbuot sahifalarida tarix muammolariga oid maqolalar eʼlon qilina boshlagan. Jadidchilik harakati namoyandalari mamlakat rivoji, millat taraqqiyoti, oʻzlikni anglashda tarix faniga alohida eʼtibor qaratganlar. Xususan, Mahmudxoʻja Behbudiy komil inson tarbiyasi maʼnaviyat-maʼrifat taraqqiyoti, jamiyatni boshqarishda tarix fanining oʻrni beqiyosligini taʼkidlab, asarlarida faqatgina Vatan tarixini emas, Yevropa va jahon mamlakatlari tarixini bilish zarurligi haqida fikr-mulohazalar bildirgan. Uning “Moziy istiq bolning tarozisidir”, degan gʻoyasi tarix tajribasida oʻzining haqligini toʻla isbotladi. Oktyabr toʻntarishi amalga oshirilgach, sovet tuzumining mohiyatidan kelib chiqqan holda, unga xos boʻlgan ilmiy tadqiqotni tashkil etishning shakl va usullari, maqsad va vazifalari, metodologiyasini ishlab chiqish masalasi ilgari surildi.
Kommunistik mafkura tomonidan asosiy eʼtibor partiya tarixi yoʻnalishiga qaratildi, tarixiy izlanish maktablari yoʻq qilib tashlandi. Tarix fanini jadallik bilan siyosiylashtirish va gʻoyalashtirish jarayoni yuz berdi, uslubiyotda “sinfiylik”, “partiyaviylik” tamo yili yuzaga kelib, “Tarixni sinfning oʻzi yaratadi” degan qoida qaror topdi. Totalitar tuzum ziddiyatlariga qaramay, oʻta murakkab sharoitda oliy taʼlim tizimida tarix taʼlimining vujudga kelishi bilan mutaxassis tarixchi kadrlar tayyorlana boshladi. Tarix fanining tashkiliy asoslari mustahkamlandi. Oʻrta Osiyo Davlat universiteti, Samarqanddagi Oliy pedagogika institutida qoʻlyozma kitoblar, vaqfnoma va vasiqalar yigʻilib, ilmiy tahlil qilindi. 1943-yilda tarix institutining tashkil etilishi tarix fani rivojida muayyan bosqich boʻldi, tadqiqotlarni maʼlum ilmiy yoʻnalishlar va reja asosida amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi. Keyinchalik tarix va arxeologiya instituti tarixiy tadqiqotlar boʻyicha ilmiy markazga aylandi. Ammo tarix fani nihoyatda siyosiylashtirilib, ilmiy-tarixiy tafakkur hukmron ideologiya qattiq nazorati ostida boʻlgani tufayli juda koʻp masalalarning asl mohiyatini koʻrsatib, yoritib berish imkoni boʻlmadi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, tarix fani sobiq mafkuradan ozod boʻldi. Jamiyat hayotida amalga oshayotgan muhim ijtimoiy jarayonlar tarix fani oldiga oʻzbek xalqining haqqoniy tarixini yaratish, uning taraqqiyot va jahon hamjamiyatidagi oʻrni va rolini aniqlash, tarixiy bilimlarni ommalashtirish va targʻib qilish orqali millatning maʼnaviy-axloqiy qadriyatlari, madaniyati, qadimgi anʼanalarini tiklash imkonini yaratdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 1998-yil 27-iyul qarori bu borada muhim ahamiyatga ega boʻldi. “Oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” konsepsiyasi ishlab chiqildi. Mamlakatda tarix fani sohasida ilmiy tadqiqot ushbu konsepsiya doirasida amalga oshirilmoqda. Tarixchilar millatga uning haqqoniy tarixini koʻrsatib, isbotlab berishlari kerak. Zotan, tarix – xalq maʼnaviyatining asosidir; biz haqqoniy tariximizni tiklashimiz, xalqimizni, millatimizni ana shu tarix bilan qurollantirishimiz zarurligi taʼkidlanib, tarixchilar oldiga aniq vazifalar qoʻyildi. Ilgarigi davrda oʻrganish taqiqlangan, notoʻgʻri talqin etilgan mavzular, jarayonlar tarixiylik tamoyili, ilmiy xolislik asosida – milliy mustaqillik asosida qaytadan oʻrganildi. Maxsus “Oʻzbekiston tarixi” jurnali chop etila boshlandi (1998). “Oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” respublika muntazam ilmiy seminari tashkil etildi. Bugungi kunda tarix fanining taʼlim tizimidagi oʻrni va ahamiyati yanada ortdi. Tarixchilarning xalqaro ilmiy hamkorligining keng imkoniyatlari vujudga keldi. Oʻzbekiston tarix fanining dolzarb muammolari boʻyicha xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkaziladigan markazga aylanib bormoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q