Siyosat. Siyosatshunoslik


Saqlash
16:10 / 17.10.2023 0 1234

Siyosat (yunoncha politik – davlatni boshqarish sanʼati) – davlat va jamiyatni idora etish vositasi. Siyosat oʻz tabiati, maqsadi va amalga oshirish uslublari, manfaatlarni ifoda etish darajasi bilan farqlanadi. “Milliy siyosat”, “demokratik siyosat”, “totalitar siyosat”, “xolis siyosat” yoki “noxolis siyosat” kabi qator koʻrinishlarda namoyon boʻladi. Ular xalqlar taraqqiyotiga har xil taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, siyosatning ijobiy yoki salbiy rol oʻynashi mumkinligini sobiq mustabid tuzum tajribasidan va ayrim davlatlar hayotidan bilib olish mumkin. Siyosat turli ijtimoiy guruhlar, kuchlar manfaatini oʻzaro uygʻunlashtirish bilan bogʻliq holda kechadi. Aks holda, siyosiy hayotda boshboshdoqlik, parokandalik, siyosiy tanazzul holati yuzaga kelishi ham mumkin.

 

Siyosatshunoslik – siyosiy hokimiyat va uning amal qilish qonuniyatlari, kategoriyalari, tushunchalari, siyosiy hayot oqimi, boshqaruvchilar bilan boshqariladiganlar oʻrtasidagi siyosiy munosabatlar, betoʻxtov sodir boʻladigan siyosiy jarayonlar mohiyati, mazmuni, asosiy yoʻnalishlari, jamiyatni siyosiy boshqarish mahorati, ichki va tashqi siyosat yuritishning nazariy-amaliy asoslari haqidagi fan va bilim sohasi. Siyosat bilan shugʻullanish jarayonlari davlat hokimiyati mexanizmining shakllanishi bilan boshlangan boʻlib, ibtidoiy davrlardan boshlab amal qila boshlagan. Keyinchalik Sharq davlatchiligi (Misr, Bobil, Shumer, Akkad, Midiya, Forslar davlati, Assuriya, Urartu), Yunon polislari, Rim respublikasi, Baqtriya, Xunlar davlati, Parfiya, Kushon davlatlarida amal qilgan hokimiyatlar siyosatini oʻrganish, ular yechimini topishga intilish, siyosiy bilimlarning nazariy-metodologik asoslarini yaratish zaruriyati vujudga keldi. Jamiyatni siyosiy boshqarish mahorati hamda sanʼati toʻgʻrisidagi dastlabki siyosiy gʻoyalar va taʼlimotlar, qonun-qoidalar majmui yaratilib, amaliyotga kiritila boshlandi. “Avesto”da ifoda etilgan jamiyat siyosiy hayotining tartib-qoidalari, Xamurappi qonunlari, Manu qonunlari, Likurg, Drakont, Solon qonunlari, Konfutsiy, Suqrot, Aflotun, Arastu siyosiy taʼlimotlari, Yustinian kodekslari, Temur tuzuklari, siyosiy arboblarning qarashlari va Yer kurrasining turli hududlarida vujudga kelgan siyosiy fikr-mulohazalar, gʻoyalar, taʼlimotlar majmui hozirda shakllanib, keng koʻlamda amal qilayotgan siyosatshunoslik sohasiga manba boʻlib xizmat qildi.

 

Siyosatshunoslik dastavval siyosiy falsafa bagʻrida, keyin esa siyosiy sotsiologiya tarkibida, qisman, siyosiy tarix, siyosiy taʼlimotlar tarixi, yurisprudensiya tarkibiy qismlari sifatida tadqiq hamda tahlil etilib, oʻrganildi va oʻqitildi. Lekin Yer yuzida ijtimoiy ishlab chiqarishning umumlashuvi, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning uygʻunlashuvi natijasida rivojlangan mamlakatlar sharoitida siyosatshunoslikni alohida bilim sohasi sifatida ajratib oʻrganish va oʻqitishga ehtiyoj sezildi. Shuning uchun ham XIX asrning oxirlaridan AQSHda, keyinchalik Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Gollandiya kabi mamlakatlarda bu fan va bilim sohasiga alohida eʼtibor berilib, uning ilmiy maktablari va ilmiy tadqiqod markazlari vujudga kela boshladi. BMT qoshida 1949-yilda Siyosiy fanlar xalqaro uyushmasi taʼsis etildi. Mazkur uyushmaning dastur va nizomini imzolagan har bir BMT aʼzosi boʻlgan davlat oʻzida Siyosatshunoslik fanini oʻquv yurtlarida yoshlarga oʻqitish, jurnal va oʻquv qoʻllanmalar nashr qilish, ilmiy tadqiqot markazlarini tashkil etish majburiyatini olgan edi. Hozirgi kunda BMTga aʼzo boʻlgan barcha rivojlangan mamlakatlar oʻquv yurtlarida siyosatshunoslik eng nufuzli va obroʻli ijtimoiy fanlardan biri sifatida keng oʻqitiladi va targʻib etiladi. Siyosatshunoslik boʻyicha jurnallar, risolalar, monografiyalar nashr qilinadi, ilmiy tadqiqot markazlari ishlab turibdi. Siyosatshunoslikning kategoriyalari, tushunchalari, qonuniyatlari mazmuni, mohiyati, siyosiy taʼlim tizimi, ilmiy tadqiqot uslublari keng, rang-barang koʻrinish va shakllarda turli mamlakatlarning olimlari tomonidan tadqiq etilmoqda. Siyosatshunoslik fani Oʻzbekistonda mustaqillikka erishilgandan soʻng oliy taʼlim tizimiga kiritildi. Shu tufayli, mamlakatimizning barcha oliy oʻquv yurtlarida siyosatshunoslik fani keng oʻqitilib, yangidan nashr etilayotgan oʻquv qoʻllanmalar va darsliklar vositasida yosh avlod siyosiy bilimlarini oshirish, siyosiy ong darajasi va sifatini zamon talablari darajasiga koʻtarishga alohida eʼtibor berilyapti.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 1262
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 241
“Qozondi” fe’lidagi “qozon” haqida

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 258
Marjumakdan shoʻrva qilib boʻladimi?

Bilasizmi?

15:02 / 28.02.2025 0 198
Maymunjon, parmanchak va boldirgʻon

Bilasizmi?

14:02 / 28.02.2025 0 216
Xoʻjayin boʻlolmagan xoʻjagʻat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 223191
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 106769
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 48836
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 37037
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 35440
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 29647
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 28556
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 28485
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//