Bilasizmi?
Jaloliddin RUMIY
Teri qo‘ldan ketar
Ko‘chada shoshib ketayotgan bir odamdan so‘rashdi:
— Nega buncha shoshyapsan? Ranging ham o‘chgan, nima bo‘ldi.
Odam aytdi:
— Eshitmadingmi hali? Shahar sultonining ko‘ngli uchun bozordagi eshaklarni so‘yib, terisini shilib, ichiga somon to‘ldiryaptilar.
— Xo‘sh, xo‘sh? Lekin sen odamsan-ku?
— To‘g‘ri, ammo sultonning odamlari bu ishga shunday sho‘ng‘iganlarki, ularga kimligimni anglatgunimga qadar, terim qo‘ldan ketishi mumkin.
Tovusning go‘zalligi o‘ziga dushman
Bir odam tovusning tumshug‘i bilan qanotlaridagi go‘zal, yaltiroq patlarni yulayotganini ko‘rib qoldi. Chidolmay so‘radi:
— Ey go‘zal qush... Gunoh emasmi, shunday chiroyli, rang-barang patlaringni yulib tashlayapsan. Holbuki, sening go‘zalliging shu patlaringdir. Hamma shu patlaringdan yelpig‘ich qilish, ularni kitob sahifalari orasiga qo‘yishni o‘ylaydi, sen esa nima qilyapsan?
Tovus javob berdi:
— To‘g‘ri, lekin bu patlar mening jonimdan aziz emas. Chunki bu patlar tufayli meni ovlashadi, jonimga qasd qilishadi. Jon omon qolishi uchun xunuk bo‘lishim kerak.
Har kimning ta’rifi o‘ziga yarasha
Hindlar filni qorong‘u bir og‘ilga qamadilar. Umrida fil ko‘rmagan xalq o‘sha yerga to‘plandi. Filni ko‘rmoqchi edi ular. Lekin og‘il shu qadar qorong‘u ediki, ko‘z bilan ko‘rishning aslo imkoni yo‘q edi. Ichkariga kirganlar filni qo‘llari bilan paypaslab ko‘rar, uni har kim o‘zicha ta’rif etar edi. Bittasi filning xartumini ushlab: “Fil bir quvur ekan”, derdi. Yana boshqasi filning qulog‘idan tutib: “Fil yelpig‘ichga o‘xshar ekan”, deya tushuntirdi. Boshqasi filning oyog‘ini tutib filni faqat oyoqdan iborat deb bilar va: “Fil bahaybat bir ustunga o‘xshar ekan”, deya oshirib toshirib tushuntirardi.
Yana bir odam filning sirtini silab ko‘rdi va: “Fil taxtga o‘xshar ekan”, deb uni ta’rifladi. Kimki filning qayerini silagan bo‘lsa, hayvonni shunga ko‘ra ta’riflar, lekin hech birining ta’rifi boshqasinikiga o‘xshamasdi. Birovi “dol” derdi, boshqasi “alif”. Agar qo‘llarida sham, oldilarida biror yo‘lboshlovchi bo‘lganida, qorong‘u bo‘lsa ham filni aniq ko‘rishar, qanday hayvon ekanini osongina bilib olgan bo‘lardi. Tuyg‘u ko‘zi ba’zan hovuchga, ba’zan ko‘pikka o‘xshaydi. Hovuchga butun bir filni sig‘dirib bo‘lmaydiku!
Tilshunos va qayiqchi
Bir kun mag‘rur tilshunos sohilda turgan qayiqqa minib narigi qirg‘oqqa o‘tmoqchi bo‘ldi. Sohilda yo‘lovchi kutib turgan qayiqchilardan biriga yuzlandi. Qayiq yaqinlashdi.
Olim qayiqqa o‘tirdi. Dengizni tomosha qilib ketayotgan olim qayiqchidan so‘radi:
– Sen hech nahv (grammatika) o‘qiganmisan?
– Yo‘q men johil bir qayiqchiman.
Olim:
– E voh, juda xafa bo‘ldim. Demak yarim umring behuda o‘tibdi, deya achinib qayiqchiga qaradi. Shu vaqt dovul turdi. Keyin dengizning o‘rtasida chayqala boshladi, qayiqchi butun kuchi bilan xavfdan qutulish uchun harakat qildi. Bo‘ron borgan sayin kuchayar, qayiq esa cho‘kish arafasida edi. Shu vaqt qo‘rquvdan dir-dir titrayotgan olimdan qayiqchi so‘radi:
– Ey, har narsani bilgan olim do‘stim. Suzishni bilasanmi? Yo‘q javobini olgan qayiqchi:
– Voh, voh, sen umringni behuda sarflabsan. Hozir butun umring ketdi. Chunki birozdan keyin qayig‘im cho‘kadi. Yaxshi bilginki, bu yerda hozir nahv (grammatika) emas, mahv ilmi lozim. Agar mahv ilmini bilsang, qo‘rqmasdan dengizga sakra dedi.
Ko‘ngil oynasi
Sulton saroyida xitoy rassomlari:
— Biz turk rassomlaridan ancha ilg‘or va mohirmiz, deb iddao qildilar. Bunga javoban turk rassomlari:
— Yo‘q, biz ulardan ustunroqmiz. Bizning san’atimiz yuksak, deb bu da’voga qarshi chiqdilar. Bu bahsdan xabar topgan sulton rassomlarni imtihon qilishga qaror berdi. Har ikki mamlakat rassomlari tayyorlansin, bir-biriga qaragan ikki xonaga chiqarilsinlar! Xitoy rassomlari o‘zlariga berilgan xona devorlarini turli rangli rasmlar bilan bezadilar. Turk rassomlari esa xona qarshisidagi o‘z xonalarining devorlarini faqat jilolab, oyna kabi yaltiratdilar. Shunda xitoy rassomlarining chizgan rasmlari turk rassomlari xonalarining devorlarida yanada yaltiroq bir ko‘rinish bilan aks etdi. Sulton oldin xitoylik rassomlar xonasiga kirdi, ularning ishlari yoqdi. Oxirida turk rassomlarining xonasiga kirgan payt, xuddi ulug‘ shamlarni ancha yorqin, ancha go‘zal ko‘rib, turk rassomlarini taqirladi.
Shu zaylda, turk rassomlari rasm chizmasdan, faqat xitoy rassomlarining asarlarini ming bir hunar bilan jilolantirganlari va devorda aks ettirganlari uchun juda mohir deb tan olindilar.
Zolimning xayri...
Podshoh juma kuni masjidga ketayotgan edi. Soqchilar ko‘chada to‘plangan xalqqa bir tarafdan yo‘l bo‘shating deb baqirar, bir tarafdan tepib, tayoq bilan urib, yo‘l ochayotgan edi. Ojiz bir kambag‘al soqchilardan o‘n darra yedi. Boshi, ko‘zi qontalash bo‘ldi. Zulmga chiday olmadi. Qo‘llarini ochib podshohning orqasidan shunday baqirdi:
— Qilgan oshkora zulmingni qara Alloh saqlasin. Masjidga boryapsan, go‘yo yaxshi ish qilyapman deb o‘ylaysan. Yaxshi ishing shu bo‘lsa, yomonliging qanday, kim bilsin?
Dunyo hashamatli bir sallaga o‘xshar
So‘filardan biri xalqning o‘ziga e’tibor bermog‘i uchun boshidagi sallani ulkan qilib o‘radi; ichini bo‘z bo‘laklari bilan to‘ldirdi. Tabiiyki, bu haybatli sallani ko‘rganlar, ichida ancha gazlama bo‘lsa kerak, deb o‘ylardilar.
So‘fi bir kun madrasaga ketayotganda o‘g‘ri sallani olib qochdi. So‘fi ortidan baqirdi:
– Sallani och, sallani och. Ichidagini ko‘rginda keyin olib ket.
O‘g‘ri qocharkan, qo‘ltig‘idagi sallani yecha boshladi. Qarasa, sallaning ichi bo‘z va teri parchalari, paxta bo‘laklari bilan to‘la. Oxiri, qo‘lida faqat bir quloch bo‘z qoldi, xolos.
Qo‘lidagini yerga urdi:
– Oh pastkash odam. Men bu haybatli sallada bir narsalar bor, deb o‘ylagandim. Sening hiylang meni rasvo qildi, deya hayqirdi. Bu so‘zlarni eshitgan so‘fi:
– O‘g‘lim, dunyo mana shunaqadir. Mening sallam kabi yaxshi ko‘rinadi, ammo so‘ngida vafosizligini ko‘rsatadi, besh pulga arzimaydi, eski tuski bo‘laklarga aylanadi, dedi.
Xushbo‘y hidlardan hushidan ketgan odam
Bir odam katta shaharga keldi. Bozordagi atir upalar sotadigan attorlik do‘konlari tomonga burildi. Do‘konlardan gul, binafsha, atir hidlari ufurib turardi. Bir ikki qadam yurgach, bu xushbo‘y hidlardan uning boshi aylandi. Oxiri hushidan ketdi. Olomon uning ustida to‘plandi. Biri yuragini, biri bilagini uqalar, kimdir yuziga gul suvi separdi. Qancha harakat qilishmasin, bemor hushiga kelmadi. Atirlar, gul suvlarini boshidan quyishar, ammo odam hech o‘ziga kelmasdi. Chorasiz qoldilar. Atrofdagilarga jar solib, qarindoshlarini qidira boshladilar. Ammo hech kim ega chiqmadi, ancha vaqt o‘tsa ham u o‘ziga kelmasdi.
Oqshomga yaqin bu yerdan o‘tib ketayotgan bir teri oshlovchi hushidan ketgan odamni tanidi. Olomonga qarab shunday dedi: “To‘xtang, unga gul suvini sepmang. Men uning nega xasta ekanini bilaman. Siz unga tegmay turing, men hozir kelaman” deya uzoqlashdi. Bir vayronaga kirib bir hovuch it tezagini olib qaytib keldi va tezlik bilan tezakni hushidan ketgan odamning burniga tutdi. Hayrat haligi kishi o‘ziga kela boshladi. Birozdan so‘ng oyoqqa ham turdi. Teri oshlovchi bilan birgalashib ketishdi. Hushidan ketgan odam ham teri oshlovchi edi. Yillar mobaynida terilar orasida yomon hidlarga o‘rganib qolgan bu odam attorlik do‘konlaridan taralib turgan hushbo‘y hidlarga dosh berolmay hushidan ketgan edi.
Teng tengi bilan
Yam yashil adirda shildirab irmoq oqardi. Bir kun irmoq chetidagi toshlar orasida sichqon bilan qurbaqa uchrashib do‘stlashib qoldi. Bu do‘stlik kun sayin kuchaydi. Shu darajaga yetdiki, oqshom cho‘kib, kun botgach sichqon qoyaning kovagiga, qurbaqa esa suv tubiga tushar, tong otishini intiq bo‘lib kutishardi. Sichqon o‘ylay-o‘ylay, nihoyat bir chora topdi. Qurbaqaga: “sevikli qurbaqa, qadrli do‘stim, seni sog‘inib, tunlarim uyqusiz kechmoqda. Har holda sen ham meni o‘ylab beoromdirsan. Men chora topdim. Mana bu ipni olib, bir uchini dumimga bog‘layman. Kech kirdi deguncha sen suvga sho‘ng‘iysan, men ham uyamga kirib ketaman. Agar tunlari ko‘rishishni istasak, ipni tortamiz va ko‘rishamiz”, dedi.
Qurbaqa bu taklifga oldin biroz e’tiroz bildirdi, keyin rozi bo‘ddi. Ular bir ipga bog‘landilar. Oradan bir necha kun o‘tdi. Bir kun qarg‘a sichqonni ko‘rdi va qoyaning kovagiga kirib bekinib oldi. Kech kirgach, qarg‘a sichqonni changallab osmonga ko‘tarildi. Tabiiyki, qurbaqa ham birga edi. Sichqon dumiga bog‘langancha havoga sollanib shunday deb baqirardi:
“Hayhot! Har kim o‘z tengi bilan do‘st bo‘lsin!”
“Masnaviy”dan ibratli hikoyatlar kitobidan olindi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
2 Izohlar
Yahoda
10:12 / 11.12.2023
Dunyo hashamatli bir sallaga oʻxshar hikoyasi juda yoqdi Dunyo deb oxiratni aslo unutmasligimiz kerak
Dilnura
00:11 / 24.11.2023
Tilshinos va qayiqchi hikoyasi yoqdi