Sensualizm


Saqlash
15:10 / 17.10.2023 0 1491

Sensualizm (lotincha sensus – his, sezgi) – olamni anglash va idrok etishda hissiy bilishning ahamiyatini mutlaqlashtiradigan taʼlimot. Insonning sezgilar (koʻrish, eshitish, hid bilish, taʼm bilish, badan sezgisi) vositasida bilishi narsa va hodisalarga xos boʻlgan tashqi xususiyat, belgilarni farqlash, tabiiy muhitga moslashish va himoyalanish uchun yordam beradi. Hissiy bilish maʼlum darajada boshqa mavjudotlarga ham xos xususiyat. Lekin, insonning hissiy bilishini ulardagi hissiy bilish bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Insonning hissiy bilishi deganda biz undagi sezgilarni, idrokni, tasavvurni tushunamiz. Inson bilishining quyi darajasi boʻlgan hissiy bilishning bu shakllari narsa va hodisalar, ularning maʼno-mazmuni haqida toʻliq maʼlumot bermaydi. Sensualizmning ayrim elementlari qadimgi dunyo falsafasida, xususan, charvako, moizm, sofistika, epikureizm, stoitsizm, Protagor taʼlimotlaridayoq yaqqol ifoda etilgan. Bu taʼlimotlarda hissiy bilim negizida olingan maʼlumotlar nafaqat tashqi obyektlar, balki subyekt holati haqida ham tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Keyinchalik sofistlar, Suqrot, Aflotun va Arastu taʼlimotlarida sensualizm tushunchasi ratsional (aql orqali) bilishning ziddi tarzida talqin etiladi. Uygʻonish va Yangi davr falsafasida sensualizm iborasi empirizm bilan uzviy bogʻliq holda, baʼzan butunlay aynanlashtirilgan tarzda tahlil qilinadi. Bunday yondashuv F.Bekon, T.Gobbs, P.Gassendi, P.Golbax, D.Didro qarashlarida yaqqol ifodalangan. Masalan, T.Gobbs “Dastavval inson hissiyotida toʻliq yoki qisman aks etmagan birorta ham tushuncha uning ongida mavjud emas”, Gelvetsiy esa “Inson hissiyotlari orqali idrok etib boʻlmaydigan narsani uning ongi bilan anglab boʻlmaydi” deya ana shu yondashuvning mazmun-mohiyatini ifoda etgan. Kant, Gegel va ayniqsa, transsendentalizm falsafasida sensualizm butkul inkor etmagan holda asosiy urgʻu ratsional bilishga qaratiladi. Ammo pozitivizmda (ayniqsa, fizikalizm, mantiqiy pozitivizm va empirizmda) va neorealizmda (masalan, “hissiy maʼlumotlar”, “bevosita realizm” konsepsiyalarida) sensualizmning qator gʻoyalari, shu jumladan, maʼnaviy-ahloqiy hamda ijtimoiy-pedagogik jihatlari rivojlantiriladi. Post modernizm falsafasida sensualizm anʼanaviy metafizikaga xos hodisa sifatida keskin tanqid qilinadi. Ammo ularning qarashlarida ham sensualistik yondashuv taʼsirini koʻrish mumkin. Masalan, bu hol postmodernistlar tomonidan oʻz qarashlar tizimini “postmodernistik hissiylik”ka asoslanganini tan olishida koʻrinadi. Demak, sensualizm bilish haqidagi cheklangan taʼlimotdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

17:11 / 10.11.2025 0 334
Ko‘rpacha

Qatra

11:09 / 17.09.2025 0 569
Qahramon



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 229635
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 110719
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 61180
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 50109
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 45466
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 37656
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 35781
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 32770
Kompetentlik

//