Sevgi


Saqlash
17:10 / 16.10.2023 0 745

Sevgi – maʼnaviy jihatdan ijobiy munosabatning yuksak darajadagi koʻrinishi boʻlib, bir insonning boshqa birovga koʻngil qoʻyishi, kuchli hissiyotini anglatadigan tushuncha. Sevgida bir shaxs boshqa insonning hayotida oʻzligini butunlay namoyon qilish va bu orqali unda oʻziga nisbatan xuddi shunday hislarni uygʻotish niyatida boʻladi. Bu hislar ham oʻziniki singari turgʻun, kuchli boʻlishini xohlaydi. Sevgi hissi oʻta intim mazmunga ega. U baʼzida zaruriy yoki tasodifan vujudga keladigan va oʻzgaruvchan hissiyotlarda oʻzini namoyon etadi: muloyimlik, hayrat, rashk va hokazo. Sevgi ehtirosli hissiyot sifatida oʻzining namoyon boʻlishiga koʻra shaxsning shaxsiy sifati va xususiyatlariga ham bogʻliq. Xuddi shuningdek, sevgini yuzaga keltiruvchi ilk hissiyotlar ham turlicha boʻladi. Bu oddiygina ijobiy muntdan (simpatiya) boshlab, to kuchli ehtiros sifatida namoyon boʻluvchi turli-tuman hissiyotlarda oʻz aksini topadi. Sevgi oʻz tabiatiga koʻra, tabiiy mayl va yuksak insoniy hislarda oʻzini namoyon etadi. Mutaxassislar sevgining asl mohiyatini gohida fiziologik mayl sifatida, gohida maʼnaviy yuksak tuygʻu sifatida taʼriflaydi. Shu munosabat bilan, sevgi taʼrifida shaxs jinsiy mayllarining ijtimoiy shakllangan sifatga egaligi yetakchi oʻringa chiqadi. Bu esa sevgi tuygʻusini ilmiy jihatdan tadqiq etuvchi ijtimoiy fanlar oldiga yangi talabl arni qoʻyadiki, ushbu hissiyotni turli xususiyatlardan kelib chiqib oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shaxsning shakllanishida sevgining ahamiyati beqiyosdir. Inson oʻz sevgisi yoʻlida duch kelgan frustratsiya (ikkilanish) holatlari uning yodida bir umrga qoladi, uzoq vaqtgacha uni toʻlqinlantiradi, turli jarayonlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlishi ham mumkin. Sevgi inson hissiyotlarining eng kuchli va sirlisi, serjilo va sehrlisi sifatida “muhabbat” tushunchasiga yaqin turadi.

 

Insoniyat bor ekanki, sevgi-muhabbat odamni sirli tuygʻular olamiga yetaklagan, uni yengib boʻlmas gʻovlardan oʻtishga va choʻqqilarni zabt etishga undagan, uni ragʻbatlantirgan, unga baxtiyor onlarni hadya etgan. Hatto oʻlim toʻshagida yotgan kishiga ham umid bagʻishlab hayot nashʼasini surishga, uning atrof muhitni hamda oʻzligini idrok etishga turtki boʻlgan. Sevgi tufayli inson ruhiyatida hatto oʻziga ham nomaʼlum boʻlgan qudrat kashf etilgan. Koʻhna va hamisha navqiron hisoblangan bu tuygʻu aziz va muqaddasdir. Shunisi taassufliki, shu kunga qadar “muhabbat” tushunchasiga yagona ilmiy taʼrif-tavsif berilmagan, bevosita unga bagʻishlangan ilmiy asarlar nihoyatda tanqis. Kishilar ongida boʻlgani singari badiiy asarlarda ham muhabbat haqidagi turlicha, koʻpincha bir-biriga zid fikr va taʼriflarni uchratish mumkin. Baʼzi mualliflar muhabbat hislarini sof ruhiyat hodisasi sifatida bayon etib, undagi tabiiy-fiziologik jihatni inkor etadi. Fiziologik komponent hayvonlarga xos boʻlgan organik ehtiyojlarni qondirishdan iborat instinktning ifodalanishi sifatida idrok etiladi. Shu sabab ham odam hayvoniy hirsdan, jinsiy intilishlardan ozod boʻlishi kerak, deb hisoblashadi va muhabbat hislariga bir yoqlama yondashishadi. Mumtoz asarlarda, jumladan, qadimgi hind traktatida muhabbatga birmuncha toʻliq taʼrif beriladi: “Aql mayli hurmatni tugʻdirsa, qalb mayli doʻstlikni, tana mayli xohishni tugʻdiradi. Aql, qalb va tana bir boʻlib, sevgi–muhabbatni yaratadi”. Volter “Sevgi–muhabbat – bu ham qalb, ham aql va tanaga bir vaqtning oʻzida hujum qiladigan eng kuchli, zavqli his-tuygʻulardan biridir”, deb taʼrif beradi. Bu taʼriflarni oʻzaro taqqoslash va tahlil qilish sevgi – muhabbatda zaruriy ruhiy jihat bilan birga fiziologik xususiyat ham mavjudligini koʻrsatadi.

 

Sevgi – inson maʼnaviy va jismoniy intilishi ehtiyojlari oʻzaro uzviy birikib ketgan yuksak axloqiy estetik tuygʻudir. U inson hayotida eng katta va quvonchli voqea boʻlib, kishiga olam-olam quvonch bagʻishlaydi, u mehnat va ijtimoiy faoliyatiga ijobiy taʼsir qiladi. Sevgi insonga baxt ato qiladi, baxt esa insonda mavjud boʻlgan hissiyotlarning butun boyligini uygʻotadi; saxiylik, sadoqat, fidoyilik, jasorat paydo boʻladi. Haqiqiy sevgida xudbinlik boʻlmaydi. Kimnidir sevgan va uning sevgisiga sazovor boʻlgan inson boy maʼnaviy hayot bilan yashaydi, u oʻzidagi nuqson va kamchiliklardan xalos boʻlishga intiladi, oʻz-oʻziga talabchan boʻladi, unda olijanob, yaxshi xususiyatlar namoyon boʻladi, ijodiy kuch-quvvati ortadi. Sevgi insonni yuksak darajadagi maʼnaviy kamolotga undaydi, oʻz xatti-harakatlari va xulq-atvori uchun masʼuliyatini oshiradi. Inson bor ekan, u har doim sevgi-muhabbatni ulugʻlaydi, eng moʻtabar tuygʻu sifatida yuksaklarga koʻtaradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 121
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 367
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 130
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 217
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 529
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 947
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218726
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104467
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34038
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27305
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26482
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25046
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24828
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21681
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//