Saxiylik. Saxovat


Saqlash
16:10 / 16.10.2023 0 3488

Saxiylik – hech kimdan narsasini, yaxshiligini ayamaslik; hotamlik xislatini anglatuvchi tushuncha. Uning maʼno-mazmuni “Ochkoʻzda boʻlsa ham – yoʻq, saxiyda yoʻq boʻlsa ham – toʻq”, “Saxiy bilan baxil bir quduqdan suv ichmas”, “Saxiy topsa, barcha yer, baxil topsa, bosib yer” kabi oʻzbek xalq maqollarida oʻz ifodasini topgan. Saxiylik qoʻlidan kelgancha insonlarga yaxshilik, muruvvat koʻrsatish xususiyatini oʻzida mujassam etadigan fazilatdir. Navoiy “Hayratul-abror” dostonida saxiylikni ulugʻlaydi: “Ey hushyor odam, sen shunday odamni saxiy deb bilki, baxt-davlat uning boshini yuqori koʻtarib, ahvoli yaxshi boʻlsa ham, yomon boʻlsa ham birovdan molu amal taʼma qilmasa”. Saxiy odam qanday mulohaza yuritmasin, qoʻlida bor narsa bilan qoʻli qisqa odamni xursand qiladi. Dengizning oldida tursa ham, undan bir tomchi suv soʻramaydi; birovning yarasini koʻrsa, malhamni ayamaydi. Muhtoj odam bir narsa soʻrasa, qoʻlidan kelgancha unga xayr beradi. U soʻramasa ham, uning ahvolini tushunib, ehtiyoji va kambagʻalligini eʼtiborga oladi. Ehson va saxovat koʻrsatish vaqtida baxil boʻlmay, tanti boʻlish lozim. Chunki baxillik insonga xos tuban illat, lekin saxiylik esa eng nafis javohirdir. Kimki saxiylik qilishga qodir ekan, pul ulashishga munosib ekan, nom chiqarish uchun gavharni hovuchlab sochish, maqtanish uchun etaklab pul berish aqlli ish, deb hisoblashdan yiroqdir. Bunday saxovatdan baxillik yaxshiroqdir. Qurʼonda “Yenglar, ichinglar! Lekin isrof qilmanglar.” deyiladi. Demak, ehson berishda ham isrofgarchilikka yoʻl qoʻymasdan, meʼyorni eʼtiborga olgan holda odamning ehsonga qanchalik muhtoj ekanligini hisobga olish lozim. Xayru ehson yoʻlida sarf-xarajat qilish haqiqiy hadyadir. Berish uchun olish ishidan yiroq boʻlish, beraman deb olmay qoʻya qolish yaxshiroqdir. Saxiylik qilib, nochorlarga yordam qoʻlini uzatgan odam, yaxshilik yoʻlida qadr topadi. Saxiylik kishining koʻrki, uning ziynatidir.

 

Saxovat (arabcha qoʻli ochiqlik, oliyhimmatlilik, saxiylik) –

1) balandhimmatlilik, saxiylik; himmat qilish; yordam qoʻlini uzatish; himmat bilan ehsonu inʼomlar ulashish;

2) koʻchma maʼnoda tabiiy boylik; moʻl hosil; toʻkinlik, moʻlkoʻllik.

 

Saxovat soʻzi qoʻli ochiqlik, muruvvatlilikni anglatadi. Saxovatlilik insonga xos boʻlgan xususiyatlarning eng olijanobidir. Chunki hamma insonlar ham saxovatli boʻlish sharafiga muyassar boʻla olmaydi. Hazrat Navoiy taʼkidlashicha, “Qanday inʼom boʻlmasin uni ochiq yuz bilan berish, achchiq bodani shirin soʻz bilan tutish kerak. Saxovat koʻrsatgan kishi muomalada ham xato qilmasa, u bir yoʻla ikkita inʼom bergan boʻladi. Kishilar qoʻlidan soʻz bilan naf yetkazish kelmasa, loaqal koʻnglidagi andishasi yaxshi boʻlishi kerak. Koʻngli odamlarning xursandligidan shod boʻlishi lozim. Lekin birov senga yaxshilik qilmoqchi boʻlsa, soʻz bilan senga jon bagʻishlamoqchi boʻlsa-yu, ammo gap bilan buni ifodalay olmasa, yaxshilikni tilga olganining oʻzi kishi taʼbiga osoyish bagʻishlaydi. Xudo seni shunday nodir qilib, dunyodagi odamlarga naf keltiruvchi qilib yaratdi. Kimki uning shu amriga mansub boʻlsa, barcha kishilar koʻngliga ham yoqqan boʻladi. Bu sifatdan yaxshi sifatni tanish qiyin. Lekin bundan ham yaxshi bir ish bor. Bu – birovga bir narsa berib, undan olishni odat qilmaslik; naf keltirishu, lekin birovdan naf qidirmaslik; berish ishini doim xotirda saqlab, berib, bir narsa olishni oʻylamaslikdir. Bunday odamni insonlarning insoni deb, haqiqiy odamlarning eng yaxshisi deb bil. Uni odamgarchilikni toʻla egallagan, yuz kishining odamgarchiligi qoʻlidan keladigan deb tushun!” Koʻrinadiki, saxovatlilik sidqidildan qilingan yaxshilik boʻlib, u beminnatlikning nishonasidir. Sharqda himmatli va saxovatli kishilarning peshvosi sifatida Hotamtoy maʼlum va mashhurdir. Har bir shaxsning voqelikni idrok etishi, uni qabul qilishi, maʼlum bilimlar tizimiga ega boʻlishi ijtimoiy taraqqiyot bilan izohlansada, uning oʻziga xos tomonlari mavjud. Buni kishilarning bilimi, xulqi, odobi, saxovati va boshqa xususiyat hamda fazilatlarining turfa xilligida namoyon boʻladi. Oʻz navbatida, individual ong ijtimoiy hayotni tahlil qilishda, tarixda shaxsning roli va oʻrnini aniqlashda, taʼlim-tarbiya masalalarini toʻgʻri hal qilishda katta ahamiyatga molikdir. Saxovat ochiq va samimiy koʻngil mevasidir. Aksincha, baxillik, xasislik, tor koʻngillik, koʻrolmaslikning oqibatidan boshqa narsa emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 121
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 367
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 130
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 217
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 529
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 947
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218726
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104467
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34039
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27305
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26482
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25046
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24828
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21682
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//