Bilasizmi?
Sanʼat – ijtimoiy ong va inson faoliyatining oʻziga xos shakli. Sanʼat inson mehnati, aql-idroki, shuuri bilan yaratilgan ijod mahsulidir. Sanʼat asarida shaxsning oʻziga xos isteʼdodi namoyon boʻladi. Sanʼat insoniyat maʼnaviy madaniyatining tarkibiy qismi, dunyoni maʼnaviy anglashning maxsus turidir. “Sanʼat” tushunchasi keng maʼnoda, badiiy qadriyatlar, ularni yaratish (badiiy ijod qilish) va isteʼmol (badiiy idrok etish) jarayonlarini qamrab oladi. Sanʼat hozirgi davrga qadar insoniyat taraqqiyoti bilan bogʻliq holda rivojlanib kelgan. “Sanʼat” soʻzi jonli tilimizda nechogʻli keng maʼnoda qoʻllanmasin, tabiiyki, bizni uning lugʻaviy emas, balki istilohiy maʼnosi qiziqtiradi. Istilohiy maʼnoda “Sanʼat” deganda insonning goʻzallik qonuniyatlari asosida borliqni badiiy oʻzlashtirish (va oʻzgartirish)ga qaratilgan yaratuvchilik faoliyati hamda uning natijasi oʻlaroq vujudga kelgan jami narsalar tushuniladi. Yaʼni, goʻzallik qonunlari asosida mahorat va did bilan yaratilgan narsalarning hammasi sanʼatga aloqadordir. Sanʼatning quyidagi ikki turi farqlanadi: amaliy va badiiy (nafis). Amaliy sanʼat turlariga kulolchilik, naqqoshlik, kashtachilik, zardoʻzlik, libos yaratish kabi sohalar kirsa, badiiy sanʼat turlariga rassomlik, musiqa, haykaltaroshlik, kino, teatr, badiiy adabiyot kabilar mansub. Shuningdek, ifodali va tasviriy sanʼat turlari farqlanadi. Baʼzi sanʼat turlari tasvirlasa, boshqalari ifodalaydi. Aytaylik, musiqa – ifoda sanʼati, kompozitor ohanglar orqali kechinmalarni ifodalaydi va shu ohanglar ruhiyatimizda muayyan bir kayfiyat hosil qiladi. Rassomlik bilan haykaltaroshlik tasviriy sanʼat turlari boʻlib, unda biror manzara, holat musavvir qalbini junbushga keltirib, qalbida muayyan kechinmalarni qoʻzgʻatadi va musavvir oʻsha manzarani rang-tasvirga muhrlaydi. Shu tariqa sanʼat asarlari ruhiyatimizga oziq beradi. Sanʼatning turli koʻrinishlari voqelikni, undagi hodisa, narsa va holatlarni oʻziga xos usullar yordamida aks ettiradi Masalan, musiqada tovushlar, ularning oʻzaro bogʻlanishi, uygʻunligi orqali; badiiy adabiyotda soʻz, obrazlar orqali; tasviriy sanʼatda boʻyoqlar yordamida muayyan hissiy obraz gavdalantiriladi; teatrda pyesa qahramonlarining siymosi aktyorlar orqali namoyon boʻladi.
Mavjud sanʼat turlari orasida badiiy adabiyot yetakchi oʻrin tutadi. Chunki badiiy adabiyot universal bilish va ifoda vositasi boʻlmish soʻz bilan ish koʻradi. Sanʼat ijtimoiy hayotning mustaqil bir sohasi boʻlib, jamiyatning barcha tomonlariga taʼsir oʻtkazadi, ijtimoiy ongning hamma shakllari bilan aloqaga kirishadi. Sanʼat voqelikni badiiy vositalar orqali yanada toʻlaqonli, jozibali anglashga yordam beradi. Sanʼat uchun inson bosh mavzu boʻlib xizmat qiladi. Sanʼatda inson hamma vaqt ham bevosita ifodalanmaydi. Sanʼat narsalardan, tabiat hodisalaridan inson uchun ahamiyatli boʻlgan maʼnoni izlaydi, inson qalbini poklaydi, uning har tomonlama kamol topishida muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Sanʼat qadimiy tarixga ega boʻlib, u jamiyat taraqqiyotining ilk bosqichlarida mehnat jarayoni, shuningdek, kishilar ijtimoiy faoliyatining rivojlanishi bilan bogʻliq holda vujudga kela boshlagan. Ibtidoiy sanʼatning dastlabki ildizlari soʻnggi poleolit davriga, taxminan miloddan avvalgi 40–20 ming yillikka borib taqaladi. Sanʼatga doir maʼlumotlar dastlab Yunonistonda qadimdan oʻrganila boshlangani maʼlum. Arastu, Aflotun kabi oʻsha davrning yirik faylasuflari Yunonistonda sanʼat tarixi bilan ham shugʻullangani toʻgʻrisida maʼlumotlar saqlangan. Qadimgi Rimda yunon sanʼatiga katta eʼtibor bilan qaralgan. Miloddan dastlabki asrlarda Oʻrta Osiyo mamlakatlarida meʼmorchilik va sanʼatga oid risolalar yaratilgan. Oʻrta asrlarda Yevropada sanʼat ilohiyotning (teologiya) bir qismi boʻlib qoldi. Oʻrta asr sanʼatshunoslari sanʼatni narigi dunyoning bu dunyodagi moddiy obrazi deb baholagan. Uygʻonish davri sanʼat rivojida muhim davr boʻlib tarixga kirdi. XIV–XVI asrlarda insonparvarlik va realizm gʻoyalari bilan bir qatorda sanʼatni cherkov taʼsiridan ajratishga intilish kuchaydi va uni ilmiy tavsiflash yoʻlida muhim qadam qoʻyildi. Bu davrda sanʼat, uning nazariyasi va tarixi boʻyicha qimmatli asarlar vujudga keldi. Leonardo da Vinchining rassomlikning ilmiy asoslari va imkoniyatlari, tasviriy sanʼatda inson maʼnaviy hayotining aks ettirilishi kabi muhim ahamiyatga ega boʻlgan fikrlari, XVI asrda Germaniyada A.Dyurerning proporsiyalar haqidagi ilmiy fikrlari, Venetsiyada P.Aretinoning borliqni toʻgʻri aks ettirish boʻyicha rassomlar oldiga qoʻygan talablari sanʼatga muhim hissa boʻlib qoʻshildi. XVII asrdan boshlab Germaniyada G.Ye.Lessing realizm nazariyotchisi sifatida “tasviriy sanʼat” atamasini fanga kiritdi. XIX asrda sanʼatning ilmiy-tarixiy asoslari mustah kamlandi, sanʼat fan sifatida shakllanib takomiliga yetdi, oʻz uslubiyotiga ega boʻldi. Fransiyada Stendal, G.Kurbe, Germaniyada I.Gyote va G.Geynening asarlari sanʼatshunoslik fanida katta rol oʻynadi. Aynan shu davrda arxeologik tadqiqotlar koʻlami kengaydi, badiiy muzeylar ochildi. Ayniqsa, Buyuk fransuz inqilobi gʻoyalari, I.Kant, A.Shopengauer, G.F.Gegel estetik qarashlari, Rossiyada esa V.V.Stasov, I.N.Kramskoy, I.Ye.Repin va boshqalarning sanʼatning hayotiy boʻlishi va ijod erkinligi xususidagi qimmatli fikrlari, V.G.Belinskiy, A.I.Gersen gʻoyalari sanʼatning realistik yoʻnalishi rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Shuningdek, bu davrda sanʼat din bilan ham mustahkam aloqada rivojlandi. Jahon sanʼati durdonalari – buyuk arxitektura inshootlari, Vergiliy, Dante, Milton, Leonardo da Vinchi, Rafael, Mikelanjelo tasvirlari, I.S.Bax, I.Gaydn, V.A.Motsart musiqalari, Sharqda esa F.Attor, J.Rumiy, A.Jomiy, A.Navoiy asarlari diniy manbalardan ilhom olib yaralgan edi.
Sanʼat odamlarning estetik talablarini qondirish bilan birga, oʻz taraqqiyotining turli davrlarida jamiyat aʼzolarini maʼlum ruhda tarbiyalash, ularni aqliy va hissiy jihatdan rivojlantirish vositasi sifatida xizmat qilib kelgan, ularning turli maqsad, his-tuygʻu, manfaat, ideallarini ifoda etgan. Sanʼat ijtimoiy ongning boshqa shakllaridan oʻzining predmeti, mazmuni, voqelikni ifoda etish usuli va uslubi, ijtimoiy hayotda tutgan oʻrni hamda vazifalari jihatidan farq qiladi. Sanʼat insonning moddiy va maʼnaviy faoliyatidagi bilimi, tajribasi, mahorati va qobiliyatlarini namoyon etuvchi badiiy ijodiyot mahsulidir. Estetik tafakkur tarixida sanʼat narsa va hodisalarni qanday boʻlsa shundayligicha aks ettirish va hayotni goʻzallik qonunlari asosida badiiy ifodalash gʻoyalari sari yuksalib bordi. Tabiat, jamiyat va insonning ijtimoiy, maʼnaviy, milliy dunyosi sanʼat predmeti hisoblanadi. Voqelik qaysi shaklda badiiy ifoda etilmasin, ijodkor unga maʼlum ijtimoiy-estetik ideal nuqtai nazardan munosabat bildiradi va oʻz estetik bahosini beradi. Sanʼat inson uchun estetik zavq-shavq manbai; inson hayotiga goʻzallik baxsh etadi; odamlarda voqelikka nisbatan hissiy munosabatni shakllantiradi; hayotni kuzatish, oʻrganish va bilish vositasi; hayotni inson orzu qilgan tomonga oʻzgartirishda yordam beradi; tarbiya vositasi sifatida xizmat qiladi; hayotdagi goʻzallikdan ilhomlanishga, xunuklikdan nafratlanishga chorlaydi; odamlar orasidagi maʼnaviy koʻprik, muloqot vositasi; odamlarning badiiy estetik didini tarbiyalaydi, ularda maʼlum dunyoqarashni shakllantiradi va hokazo.
Sanʼat jamiyat maʼnaviy hayotining boshqa hodisalari (fan, mafkura, axloq) bilan maʼlum darajada bogʻliqdir. Sanʼatning maqsadi dunyoni badiiy oʻzlashtirish, odamga lazzat baxsh eta oladigan, uni maʼnaviy boyita oladigan asarlar yaratish yoʻli bilan kishilarning estetik ehtiyojlarini qondirishdan iborat. Sanʼat asarlarining diqqat markazida insonlar, ularning ijtimoiy aloqasi va oʻzaro munosabatlari, muayyan tarixiy sharoitlardagi hayoti, faoliyati turadi. Shuning uchun ham sanʼat asarlari beradigan maʼrifiy bilim muayyan mamlakat, millat yoki maʼlum bir tarixiy davr va shaxslar haqidagi ilmiy asarlardan olingan maʼlumotlardan farq qiladi. Sanʼatning tarbiyaviy kuchi unda ifoda etilgan kechinma va obrazlarning har bir oʻquvchi, tomoshabinning qalbiga kirib borishi, ularda estetik zavq uygʻotishidadir. Sanʼat barcha ijtimoiy ong shakllari singari oʻz taraqqiyot qonuniyatlariga ega. Bu qonuniyatlar sanʼatning oʻz ichki xususiyatlaridan kelib chiqsa-da, ijtimoiy taraqqiyot bilan bogʻliq boʻlgan xalq, millat, elat, mamlakat va jahon sivilizatsiyasi darajasi bu qonuniyatlarda oʻz ifodasini topadi. Sanʼat qonuniyatlarini estetika, sanʼatshunoslik fani oʻrganadi. Sanʼatni tushunish, uning kishilar hayotidagi rolini aniqlash masalasi butun madaniyat tarixi davomida keskin bahs, tortishuvlarga sabab boʻlib kelgan. Masalan, baʼzi sanʼatkor va sanʼatshunoslar uni “tabiatning taqlidi” yoki “voqelikning aks ettirilishi” deb hisoblasa, boshqalari “Sanʼatkorning sof shaxsiy ijodiy mahsuli”, “oʻz-oʻzini izhor etish” sifatida talqin etadi. Bu sanʼat predmetining murakkabligi, uning xususiyatlari va shakllari, mujassamlashtirish usullarining xilma-xilligi hamda turli davrlarda sanʼat nazariyotchilarining sinfiy va gʻoyaviy fikrlari oʻrtasidagi tafovutlar bilan izohlanadi. Sanʼatda goʻzallik kategoriyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Estetika fani – goʻzallik sanʼatning zarur sharti ekanligini, goʻzalliksiz sanʼatning yoʻqligi va boʻlishi mumkin ham emasligini uqtiradi. Sanʼatda mazmun va shaklni bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Sanʼatning oʻziga xos xususiyati uning voqelikni ilgʻor gʻoyaviy nuqtai nazardan turib badiiy obrazlar orqali aks ettirishdir. Milliy istiqlol mafkurasini yoshlar ongiga singdirish jarayonida sanʼat alohida oʻrin tutadi. Chunki sanʼat yuksak ijtimoiy gʻoyalarni targʻib etuvchi, inson maʼnaviy dunyoqarashini kengaytiruvchi, uni shaxs sifatida tarbiyalovchi vositalardan biridir. Sanʼat insoniyatning ezgulik tomon harakati uchun zarur boʻlgan oʻzaro muloqotlar vositasi sifatida turli qitʼalar va davlatlarni oʻzaro bogʻlaydi. Zotan, inson sanʼatdan estetik zavq, bitmas-tuganmas ijodiy kuch-qudrat oladi va shu maʼnoda sanʼat maʼnaviy yuksalishning eng taʼsirchan quroliga aylanadi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q