Bilasizmi?
Salom, salomlashish (arabcha tinchlik, salomatlik; koʻrinish) – kishilarning oʻzaro uchrashgan paytlarida urf-odatga koʻra bir-biriga nisbatan iliq munosabatini anglatadigan tushuncha. Salomning kelinchakni toʻydan keyingi kun erta bilan olib chiqib, kuyovning ota-onalariga, qarindosh-urugʻlariga taʼzim qildirish marosimi va umuman kelinchaklar taʼzimi, yaʼni kelinsalom va sahnada oʻyin-tomosha maydonlarida aktyorlarning tomoshabinlarga taʼzimi kabi shakllari ham bor. Nutqiy odobda suhbatdoshlar bir-biri bilan tanish yoki notanishligidan qatʼi nazar, nutqiy murojaatning har qanday turi salomdan boshlanadi. “Assalomu alaykum” arabcha soʻz boʻlib, “Sizga salomatlik, omonlik tilayman”, degan maʼnoni bildiradi. Salomga javoban “Vaalaykum assalom”, yaʼni “Sizga ham sogʻlik, omonlik tilayman”, deb alik olinadi. Salom berish tartibi quyidagicha: yoshi kichik – yoshi kattaga; otliq – piyodaga; piyoda – oʻtirgan kishiga; tashqaridan kirgan kishi – xona ichidagilarga; ozchilik – koʻpchilikka salom beradi. Sherigini kim birinchi boʻlib payqagan boʻlsa, uning salom berishi salomning “oltin qoidasi” hisoblanadi. Tarbiya koʻrganlik va axloqiy odob salomdagi oldinma-ketinlikka boshqalarning qadrini pasaytirish yo koʻtarish sifatida qaramaydi. Lekin xalq orasida yuzaga kelgan tartibga koʻra, tanish, yoshi katta yoki maqomi yuqori boʻlgan shaxsni uchratganda birinchi boʻlib kichik yoshdagisi kattaga salom berishi maqsadga muvofiqdir.
Soʻz shaklidagi “Assalomu alaykum”, “yaxshimisiz” bir oz taʼzim yoki oʻng qoʻlni chap koʻkrak ustiga qoʻyish bilan toʻldirilishi mumkin. Bunda yoshi yoki maqomi boʻyicha kichik boʻlgan kishi birinchi boʻlib qoʻl uzatishga harakat qilmasligi kerak. Bunday holatda qoʻl uzatish kattaning ixtiyorida. Xonaga kirganda salom beruvchi bir kishi bilan qoʻl berib soʻrashdimi, qolganlar bilan ham shunday qilishi zarur (chunki jamoa orasidan bittani ajratib qoʻyish notoʻgʻri). Agar xonada yoki guruhda notanish odam boʻlsa, albatta, salom qisqa tanishuv bilan kifoyalanishi joiz. Qoʻl berib koʻrishganda, albatta, qoʻl uzatganning koʻziga qarab salom berish kerak. Bunday vaqtda chap qoʻlni uzatish odobdan emas, agar oʻng qoʻl band boʻlsa, albatta, uni boʻshatish lozim. Keluvchi xonaga kirganda u yerdagilarga birinchi boʻlib salom beradi. Bu qoida uning yoshi yoki lavozimidan qatʼi nazar, barchaga birdek taalluqli. Agar kishi biron-bir muhim ish bilan band boʻlsa, keluvchining umumiy salomiga bosh qimirlatib qoʻyish bilan kifoyalanishi mumkin. Bu uning keluvchini payqagani va salomini qabul qilganiga ishora boʻladi. Salomga nisbatan eʼtiborsizlik qilish odob doirasiga kirmaydi, salom beruvchiga nisbatan hurmatsizlik, uning qadrini pastga urish, nutq odobi talabini bajarmaslik ish bilan bogʻliq muomaladagi yomon koʻrsatkich hisoblanadi. Qoʻl berib soʻrashish odob doirasidagi, jamiyat aʼzolari orasidagi salom shaklidir. Salomning yana oʻpishib koʻrishish shakli ham mavjud boʻlib, bu ayniqsa erkaklar va oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi koʻpchilik tomonidan maʼqullanmaydigan salom shaklidir.
Islom odobida salomning eng maqbul hamda odob doirasidagi shakli salom beruvchining oʻng qoʻlini chap koʻksiga qoʻyib, boshini bir oz eggan holda “Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokotuhu” deyish hisoblanadi. Bu salomning soʻzdagi toʻliq ifodasi. Bundan qisqarogʻi “Assalomu alaykum” hisoblanadi. “Salom” yoki “Salomalaykum” yoxud “Somalaykum” tarzida salom odobsizlik yoki farosatsizlik hisoblanadi. Qurʼoni karimning “An-Niso” surasi 86-oyatida salom odobi haqida shunday deyiladi: “Sizga salom berilsa, siz undan yaxshiroq yoki oʻshanday alik oling”. Salomning inson va jamiyat hayotidagi ahamiyati juda katta. Ikki inson uchrashganda muloqot bir-biriga yaxshilik tilashdan boshlansa, bu ularning har ikkisining kayfiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Yaxshi kayfiyat esa ish unumining oshishiga, yaxshilanishiga olib keladi, kishining ijodiy qobiliyatining oʻsishiga turtki boʻladi. Salom kishilarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Masalan, katta korxonaning hamma ishchi va xodimlari ham bir-birini tanimasa-da, ammo korxona ichida salom-alik qilib yurishadi. Yillar mobaynida biror marta muloqotda boʻlmagan boʻlsalar ham, oʻzlarini bir-birlari bilan qadrdonlardek his qiladi va biror tasodif tufayli koʻcha-kuyda uchrashib qolishsa, eski tanishlardek suhbatlashadi. Salomning yana bir jihati – xafalashib qolganlarni yarashtirish, arazlarni aritishdir. Bir-biri bilan urishib, xafalashib qolgan insonlar salom orqali tezda yarashib ketishi hech kimga sir emas.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q