“Tabiat qachondir qasdimni oladi” – mashhurlarning qaltis vaziyatdagi nozik javoblari


Saqlash
22:09 / 05.09.2023 0 4736

Gapirishni bilish talantdir” degan edi fransuz adibi Stendal. Darhaqiqat, inson gap-so‘zlari orqali o‘zining saviya darajasini namoyon qiladi. Bunday o‘zaro suhbatlarda esa savollardan ko‘ra unga qaytarilgan javoblar ahamiyatliroq.

 

Quyida sizga dunyoning mashhur kishilari tomonidan aytilib, turli manbalarda saqlanib qolgan eng mantiqli, shu bilan birga tabassumga moyil javoblardan bir shingil ilindik.

 

***

Yunon faylasufi Aristippga odamlar bir masalani taqdim etib, “yechib ber!”, deyishibdi. Faylasuf ularga xitob qilibdi:

Ey nodonlar, bog‘langan holida kishilarni shunchalik tashvishga qo‘yayotgan bu tugunni yechmoq nechun?

 

***

Raqiblari Suqrotni vahimaga solmoqchi bo‘lib:

Suqrot, Afinaliklar seni o‘limga hukm etishdi! – debdilar.

– Hechqisi yo‘q, – pinagini buzmabdi faylasuf. – Tabiat qachondir qasdimni oladi.

 

***

Arastuga bir kuni odamlar “sen yo‘g‘ingda seni g‘iybat qilishdi”, deyishganida, faylasuf “hechqisi yo‘q, men yo‘g‘imda meni kaltaklashsa ham mayli”, deb javob bergan ekan.

 

***

Perronga qitmirlarcha savol berishibdi:

– Perron, sen o‘lmaganmiding?

– Bilmayman, – debdi u.

 

***

Antisfenn Korinf dengizida kemada suzib yurganida qattiq bo‘ron turadi. Faylasufning vahimaga tushganini ko‘rgan bir yo‘lovchi deydi:

– Men oddiy odam bo‘lsam ham unchalik qo‘rqmayapman-ku! Sen faylasuf bo‘la turib buncha tashvishga tushasan?

Antisfenn javob beradi:

– Shubhasiz, hamma shirin joni uchun qayg‘uradi. Ammo odamlarning joni turli qiymatga egadir.

 

***

O‘zaro bahslarning birida Italiyalik faylasuf Jordano Brunoni “Sen o‘z qarashlaring bilan dunyoni to‘ntarmoqchiga o‘xshaysan!” deya ayblaydilar. “Ayni muddao bo‘lur edi, – bosh chayqaydi faylasuf, telba-teskari dunyo, balki shunda o‘z holiga qaytarmidi...”

 

***

Rivoyatga ko‘ra Hofiz Sheroziyning: “Agar ko‘nglimni shod etsa o‘shal Sheroz jononi, qora xoliga baxsh etgum Samarqand-u Buxoroni”, deb boshlanuvchi ash’ori el orasida mashhur bo‘lgach, shoirni Sohibqiron Temur o‘z huzuriga chorlaydi.

– Shunchalar saxiymisan, shoir? Qancha jang-jadallar evaziga ilkimizga kirgan saltanatni bir zeboning xoliga almashmoqchi emishsan? – deydi, kinoya bilan. Hofiz Sheroziy jilmayib ta’zim bajo aylarkan, o‘zining yupin egnini nazarda tutib:

– G‘aribi ahvolimizga bir qarang, sultonim. Saxiyligimizdan shu kuylarga tushib yuribmiz-da, – deya javob qaytaradi.

 

***

Bir kuni hazrat Navoiy yurib kelayotgan edilar, izidan it ergashdi. Navoiy kerakli manzilga yetganda it akillab, ovoz berdi.

– Hazrat, itingiz navo qiladilarmu? – hazillashmoqchi bo‘ldi saroy shoirlaridan biri Binoiy.

Binoiyning betakalluf murojaatidan og‘ringan hazrat Novoiy dedilar:

– Ha... Yoshliginda asrab olgan edim, binoyiday ko‘ppak bo‘ldi.

 

***

Napoleon rus generali bilan ko‘rishganda, general uning past bo‘yliligini mazaxlab, kinoyali tabassum qiladi.

– General, siz mendan bor yo‘g‘i bir qarich uzunsiz, – deydi. Shunda Napoleon:

– Hoziroq irshayishni bas qilmasangiz, sizni bu ustunlikdan mahrum qilaman.

 

***

Napoleon parlamentdan yengiladi. Parlament undan yo‘l qo‘ygan xatosi uchun uzr so‘rab, xat yozib berishni talab qiladi. Ushbu talabnomani keltirgan insonlardan biri esa umri g‘olib tomonga qochib o‘tish bilan o‘tayotgan, qachondir Bonapartga ham xizmat qilgan Jozef Fushe edi. Hamisha mag‘rur, jangovar kayfiyatda turadigan sarkardaning uni ko‘rib rangi uchadi. Oyoq-qo‘llari qaltirab, so‘zini yo‘qotib qo‘yadi.

 – Sizga nima bo‘ldi, janob? – deb so‘raydi Napoleonni oldin bunday ahvolda ko‘rmagan guruh yetakchisi. – Nimadan bezovtasiz?

– Shundan bezovtamanki, – javob beradi Bonapart, – Qachon qaramang, sotqinlar mendan sadoqat talab qilishadi.

 

***

O‘z davrining mashhur aktrisalaridan biri fizik olim Albert Eynshteynga mazaxlovchi xat jo‘natib: “Keling, turmush quramiz! Shunda bolalarimiz menga o‘xshagan chiroyli, sizga o‘xshagan aqlli bo‘lib tug‘ilishsa, ajab emas”, –  deganida olim aktrisaga: “Mabodo bolalarimiz menga o‘xshagan xunuk, sizga o‘xshagan ahmoq bo‘lib tug‘ilishsa-chi? Unda nima qilamiz?!” – deya javob qaytargan ekan.

 

***

Bir noshir fransuz faylasufi Volterga quyidagicha maktub yo‘llaydi: “Menda sizni tahqirlovchi latifalar bor. Agar uch kun ichida ming luidor yuborsangiz, ularning e’lon qilinmaslik imkonini qo‘lga kiritasiz!”.

Volter quyidagicha javob qaytaradi: “Kaminaning o‘zida ham o‘zim haqimdagi bunday latifalardan ko‘p. Agar uch kun ichida shu so‘ragan pulingizning yarmini jo‘natsangiz, ularni qo‘shib chop ettirish imkonini qo‘lga kiritasiz!”

 

***

Ijodidan tashqari hozirjavobligi bilan ham nom chiqargan mashhur yozuvchi Mark Tven o‘z muxlislariga dastxat yozib berayotib, bir ayolga:

– Ko‘rinishingiz judayam yoqimli ekan, –  deya xushomad qiladi.

– Siz haqingizda bunday deya olmayman, –  deydi, ayolning hazillashgisi kelib. Yozuvchi odatdagidek javobni hayallatmaydi:

– Hechqisi yo‘q! Siz ham menga o‘xshab aldashingiz mumkin!

 

***

Bir boy janob Mark Tvenga savol beribdi:

– Aqlingiz ko‘p-u, pulingiz kam. Buning sababi nimada?

Yozuvchi javob beribdi:

– Buning sababi oddiy. Masalan, sizning pulingiz ko‘p-u, aqlingiz kam. Tabiat muvozanatni yaxshi ko‘radi!

 

***

Sharq yakka kurashi ustasi Bryus Lidan intervyu olishayotganida qaysidir muxbir:

– Siz o‘zingizni xitoylik deb hisoblaysizmi yoki amerikalik? – degan savolni o‘rtaga tashlaydi. O‘ta qaltis siyosiy vaziyatni payqab mas’ullar tahlikaga tushgan bir paytda, sportchi hech qanday ziddiyatga o‘rin qoldirmaydigan qilib javob qaytaradi:

– Men o‘zimni “inson” degan eng oliy jamiyatga mansub hisoblayman!

 

***

– Namoz o‘qimaganning hukmi qanday bo‘ladi? – deb so‘rashibdi, taniqli bir shayxdan. Shayx javob beribdi:

– O‘zingiz bilan yetaklab, masjidga olib kelish bo‘ladi.

 

***

Bir kishi sahroda namoz o‘qib o‘tirgan edi, xayoli Layli bilan faromush bo‘lgan Majnun uning oldidan kesib o‘tib qoldi.

– Qanday gumrohsan, ey Majnun! – deb uni malomat qildi, namoz o‘qiyotgan kishi, – Axir namoz o‘qiyotganimni ko‘rmayapsanmi?!

Majnun dedi:

– Qiziq, Laylo bilan (xayolan) gaplashib, seni ko‘rmabman. Mavlo bilan gaplashib, sen meni qanday ko‘rding ekan?..

 

***

A’robiydan “Dunyoni qanday ko‘rding?”, deb so‘radilar. U javob berdi: “Olib qo‘yganini beradi, berib qo‘yganini oladi... Xuddi yosh bolaga o‘xshaydi!”

 

***

Bir ota o‘z farzandini o‘ta qattiq jazolardi. Bir kuni shoir Orif Nihot nasihat qilib qo‘ymoqchi edi, u bilag‘onlik qilmoqchi bo‘ldi:

– O‘zingiz o‘ylab ko‘ring! Axir bog‘bon ham niholning yaxshi o‘sishi uchun shoxlarini butaydi. Tagini ag‘darib, yerini yumshatadi-ku!

Orif Nihot tutaqib ketdi:

– Shundaylikka shunday! Lekin birorta bog‘bon niholi yaxshi o‘sishi uchun uning qulog‘idan tortib, kaltak bilan savalayotganini ko‘rganmisan, betamiz!

 

***

Mashhur vrach Sergey Botkin Peterburg harbiy-tibbiyot akademiyasida dars berardi. Kunlardan bir kuni u tanbal talabani uchinchi marta imtihondan “yiqitadi”. Talabaning do‘stlari professor bilan uchrashib, uning ahvoli og‘irligini, boyaqish omadsizlikdan iztirob chekib, alam ustida o‘z yuragiga pichoq sanchmoqchi ekanini aytishadi.

– Ortiqcha tashvishga hojat yo‘q, – deydi professor battar jahli chiqib, – do‘stingiz odam anatomiyasini shu qadar yomon biladiki, hatto yuragini topa olishiga shubham bor!

 

***

Atoqli rus shoiri Vladimir Mayakovskiy politexnika institutiga uchrashuvga boradi. U yerda nutq so‘zlayotib:

– Men ruslar orasida o‘zimni rusdek his etaman, gruzinlar orasida gruzin... – degan gapni aytib o‘tadi. Shu payt kimdir:

– Ahmoqlar orasida-chi, – deb luqma tashlaydi-yu, zaldan bir nechta odamning kulgani eshitiladi.

– Bilmadim, –  javob beradi shoir, – rosti, ularning orasida birinchi marta bo‘lishim.

 

Manbalar asosida Bayram ALI tayyorladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 117
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 367
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 129
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 217
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 529
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 946
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218724
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104467
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34038
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27305
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26480
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25044
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24828
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21681
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//