Bilasizmi?
Bolaligimizdan oila kattalari yaxshilik bilan bogʻliq maqollarni qulogʻimizga quyishadi. “Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar...”, “Yaxshi gap jon ozigʻi”, “Yaxshidan bogʻ qoladi”, “Yaxshilik qil-u daryoga ot, baliq bilar, baliq bilmasa, xoliq...». Shu tariqa otayotgan tong, botayotgan shomlardan ezgulik kutib ulgʻaya boramiz. Har gal yaxshilikka duch kelganimizda esa hayotga chayir rishtalar bilan bogʻlana boshlaymiz. Oʻylab qarasam, ruhiyatimizni mahkam tutib turadigan ustunlar ham oʻsha yaxshilik bilan bogʻliq xotiralar boʻlsa kerak. Har gal shunday voqealar esimga tushganda, hayotning murakkabliklari, muammolari ortga chekingandek boʻladi. Bugun yana yodim kitobining sahifalarini varaqlagim, xotiramga nur berib turguvchi ana shunday voqealarning baʼzilarini eslagim keldi.
***
Oʻn sakkiz yoshga toʻlar-toʻlmas oʻqishga kirish uchun Fargʻonaga yoʻl oldim. Umrimda ilk bor yolgʻiz oʻzim yoʻlga chiqishim. Qoʻlimda bir jomadon kitob. Belimda onam oq durraga tugib, ikki tarafidan tikib bergan 150 soʻm pul. Margʻilonda meni institutda oʻqiyotgan xolam kutib olishi kerak edi.
Yarim tunda poyezddan tushib, atrofga qarab chiqdim, xolam koʻrinmasdi. (Keyin aytishlaricha, imtihondan chiqqani uchun charchab, shohbekatning ichida uxlab qolgan ekan). Haydovchisi “Fargʻona”, “Fargʻona” deb chorlayotgan avtobusga yoʻlovchilar chiqayotgan ekan, men ham tavakkal qilgancha, urinib, surinib kirib oldim. Hech qancha yurmasimizdan odamlar tusha boshlashdi, yoʻlovchilar siyraklashgan sayin meni vahima bosa boshladi. Oxirida yolgʻiz oʻzim qoldim.
— Qayerga borasiz? - deb soʻradi haydovchi.
— Avtobus shohbekatiga, dedim. Nazarimda, u yerda odam koʻp boʻladiganday edi. Haydovchi aytgan joyimga tushirib qoldirdi, lekin bekatda biror zogʻ koʻrinmasdi. Jomadonimni sudragancha, bir oʻrindiqqa choʻkdim. “Shit” etgan tovushni eshitsam, yuragim taka-puka boʻladi. Nazarimda, oʻgʻri-poʻgʻri kelib belimdagi pulni yechib olib ketadiganday... Ikki qoʻlim belimda. Bir mahal uzun supurgini koʻtarib bir otaxon kelib qoldi. Ertaklardagi “Gar saloming boʻlmaganda ...”, degan gap esimga tushib, shosha-pisha salom berdim.
— Qizim, bu yerda nima qilib oʻtiribsiz? - soʻradi otaxon. Vaziyatni tushuntirdim jovdirab. — “Pedinstitut”ning yotoqxonasi bu yerdan ancha narida. Hozir yarim tunda avtobus yurmaydi. Uzoq yoʻldan charchab kelayotgan ekansiz. Mashinalar yuradigan paytgacha qorovulxonada dam olib turing, men endi tong otgunicha ishdaman, eshikni zanjirlab ketaman, hech kim bezovta qilmaydi — dedi otaxon. Uch kundan buyon yoʻlda boʻlganim uchun zoʻrgʻa oyoqda turardim. Indamaygina ularning izlaridan ergashdim. Ertasiga otaxonning oʻzi meni avtobus bekatiga olib chiqib, kamiga haydovchiga ham tayinladi: “Bu qizimni “pedinstitut”ning toʻrtinchi yotoqxonasi oldida tushirib qoʻying, oʻzi bilmaydi, tagʻin adashib ketmasin”...
Oʻsha paytda otaxonning yaxshiligi menga tabiiy tuyulgan. Hozir har xil voqealar, turli gaplarga duch kelib bilyapmanki, oʻsha odam olis Turkmanistondan kelgan notanish qizga katta yaxshilik qilgan ekan. Axir men yana uch-toʻrt soat kimsasiz joyda oʻtirsam, oʻgʻri-poʻgʻriga duch kelishim yoki koʻngli egri odamlar kelib qolishi, qoʻlimda zilday yuk bilan pedinstitut yotoqxonasini topolmay sarson boʻlishim mumkin edi. Zuvalasi yaxshilik bilan iylangan xalqning vakili boʻlgan bir pokiza insonning sharofati bilan men bunday xatarlardan nari boʻlgandim.
***
Imtihonlarning har uchtasini ham “aʼlo” bahoga topshirib, mandatni kutmay uyga qaytdim. “Toshkent-Qoʻngʻirot” poyezdi Toshovuzga kechasi soat uchda toʻxtardi. Poyezdda ketarkanman, “Vokzalda tong otishini kutaman”, deb oʻylardim-u, lekin uyimni, toʻqqiz yashar ukam avtohalokatga uchrab halok boʻlgach, xastalanib qolgan onaginamni sogʻinib ketgan edim. Urganchdan oʻtganimizdan soʻng xuddi chiqish joyida tursam, poyezd tezroq yuradiganday tanburga chiqib oldim. Sal turib, yonimga oʻrta yoshlardagi bir kishi kelib:
— Sen Oltmishdagi Poshsha shoʻroning qizi emasmisan? — deb soʻradi.
— Ha,-dedim.
— Juda oʻxshab turibsan.
Gap asnosida maʼlum boʻldiki, bu kishi qoʻshni qishloqlik boʻlib, oilamizni tanirkan.
— Qiz bola boshing bilan vokzalda qolma. Har xil odamlar bor. Men seni uyimga olib ketay, kennoying bilan choy-poy qilguningcha tong yorishadi. Keyin uyingga tashlab kelaman, — degach, ularga ergashdim. Haqiqatdan odamjonli ayoli bor ekan, dasturxon yozdi. Bir piyola choy ichar-ichmas, uyga ketgim kelib qoldi. “Ketaman”, deb turib oldim. Hozir eslasam uyalib ketaman bundan. Ikki qishloq orasi salkam oʻn kilometrlar kelardi. Velosipedning orqasiga katta jomadonimni bogʻlab, piyoda yoʻlga tushdik. Ketayotib amakining oyogʻini oqsab bosayotganiga koʻzim tushdi. Bechora odam “Yarim tunda uyingda balo bormi, tong otsa, biror ulov topib yuboraman”, demay, mushtday qizning gapi bilan shu holiga oqsoqlanib yoʻlga tushgandi. Ortga qaytib boʻlmasdi, undan-bundan gapirib, qishlogʻimizga kirdik. Uyimizga uch kilometrcha qolganida vijdonim chidamay qoldi, shekilli:
— Doyi, siz izingizga qaytavering. Uyimga yaqin qoldi, — dedim.
— Rostdanmi, qoʻrqmaysanmi? – soʻradi amaki.
— Qoʻrqmayman, qaytavering, dedim-u, u kishi iziga qaytib ketgach, jomadonimni boshimga qoʻyib, uyga qarab yugurdim. Chunki yoʻlda qamishlar oʻsib yotgan koʻl boʻlib, atrofida itlar yurardi doim. Eson-omon uyimga yetib olib, onam yotadigan soʻridagi pashshaxona yoniga borib, “Opa!” deb baqirib yigʻlab yubordim. Akam nariyoqdan chopib kelib, “Oʻqishga kira olmadingmi, yigʻlama, zarari yoʻq”, deb yupata boshladi. Men esa bir tarafi uydagilarni sogʻinib ketganimdan, ikkinchi tarafi oyogʻi ogʻrigan bandani shuncha yoʻlga qiynab piyoda yurgizib kelganimdan yigʻlardim.
Hozir butunlay notanish tugul, tanishlariga ham zarracha yaxshilik qilsa, oylab minnat qiladigan baʼzi odamlarni koʻrsam, gʻira-shirada velosipedining orqasiga kitob toʻla jomadonimni bogʻlab, oʻzi oqsoqlanib yoʻl bosayotgan oʻsha oliyjanob inson koʻz oldimga keladi.
***
Institutni bitirgach, “Toshkentga ketaman”, deb yurib, uch yarim yilni oʻtkazdim. Axiyri 1978-yilning qishida Toshkentda sirtdan oʻqiyotgan togʻamdan (fargʻonalik kursdoshimning dadasi) “Senga ish topdim, hozir Toshkentda, qishki sessiyadaman. Ayang ham yonimda. Kel.» degan telegramma oldim. Koʻch-koʻronimni koʻtarib, onamning oq fotihasi bilan yoʻlga tushdim. Poyezddan tushgach, koʻrsatilgan manzilni aytib, taksiga chiqdim. Borsak uy muhrlangan, odam yashamaskan. Qoʻni- qoʻshnilari juda keksa rus odamlari – hech narsani tushunishmadi ham, tushuntirib berolishmadi ham. Taksi haydovchisi ham rus millatiga mansub kishi edi. Nuqul
— Endi qayerga borasan, kech tushib qolyapti, - deb tashvishlanardi.
Axiyri “Hozir oʻqishlar tugagan. Yuklaringni vokzalga yukxonaga qoʻy, men seni birorta tanishingnikiga olib borib qoʻyay, ertaga ertalabdan axtarasan togʻangni, oʻqiydigan joyi orqali topib olasan” dedi. Qishning kuni bir tutam – birpasda qorongʻi tushdi. Tibbiyot institutida oʻqiydigan hamqishloqlarimning ijara uyini elas-elas bilardim. Taksichiga aytgandim, adasha-adasha olib borib qoʻydi. Deyarli butun Toshkentni kezgan boʻlsak ham koʻp pul olmadi. Aksincha, “Aniq shu uymi? Koʻchada qolmaysanmi?» deya qayta-qayta soʻrab, “Ha” deganimdan soʻnggina ketdi. Men u haydovchining hatto ismini ham bilmayman. Mashinasining nomeriga ham qaramaganman. Ammo taksiga chiqqanimda, haydovchi rus boʻlsa, “Qani edi oʻsha ilk poytaxtga kelgan kunimdagi inson boʻlsa, tanisam, yaxshiliklarga ishonishim Sizdan boshlangan” desam, degich, ushalmaydigan orzularni qilib qolaman.
***
Rahmatli Matyoqub Qoʻshjonov rahbarlik qilayotgan sobiq Pushkin nomidagi til va adabiyot institutida ishlardim. Ijara uy va ish orasida hayotim bir maromda ketardi. Bir kuni uyimizning egasi kutilmaganda kirib keldida:
— Bir soatda uyni boʻshatib, chiqib ketinglar. Qizim qaynonasi bilan chiqishmay qoldi, koʻchini olib kelyapman, deb qoldi. Uy uniki, “xoʻp”, deyishdan boshqa iloj yoʻq. Sherigimning yuki yengilroq edi, narsalarini tugib, oʻrtoqlarining yoniga ketdi. Toshkentda bemalol eshigini taqillatib borishim mumkin boʻlgan yaqinim yoʻq edi u paytlar. Bor-budimni yoʻlakka chiqarib qoʻyib, ijara uy axtara boshladim. Ammo “Ha” deganda men istaganday uy topilavermadi. Ishxonada yotib qola boshladim. Hamma ketganidan soʻng eshikni ichkaridan qulflab qoʻyardim. Kechga yaqin bufetdan bir stakan kofe bilan bitta “bulochka” olib, chiroqni ham yoqmay (qorovul koʻrib, u-bu deyishidan qoʻrqardim), stullarni birlashtirib uxlardim. Ammo bu ahvolda uzoq davom etishi mumkin emasdi. Asabiylashib, siqilib, boshimni qaysi toshga urishni bilmay yurganimda, institut yoʻlagida hamyurtim Abdulla Matyoqubovga duch kelib qoldim.
— Ha, shoir! ( rahmatli sheʼr yozadigan borki, hammani shunday chaqirardilar) Nima boʻldi, xafaroq koʻrinasiz? Toʻlib turgan ekanman, yigʻlab yubordim. Xullas, ahvolimni aytishga majbur boʻldim. — Shunga ham shunchami, qani yuring, biznikiga, - dedilar kulib.
Abdulla akaning rafiqasi ham ishlar, toʻrtta farzandi bilan ikki xonali uyda turishardi. Tor uyga tomosha boʻlib, uy tomondan tinmay mehmon kelardi – kim oʻqishga, kim shifoxonaga... Ammo hozir oyoq tiraydigan, “Sizga yuk boʻlamanmi”, deydigan ahvolda emasdim. Mulzam boʻlganimcha ortlaridan ergashdim. Rafiqasi Soʻnojon opayam xuddi uylariga hech kim kelmay meni kutib oʻtirgandek:
— Kelavermaysizmi, mana uy,- deya kutib oldi. Toshovuzdan keladigan mehmonlardan tashqari, Abdulla akaning yoniga Azim Suyun, Saʼdulla Hakim, Xurshid Davronlar kunda, kunora kelishar, balkonda adabiy jarayonlar haqida soatlab suhbat qurishardi. Men ichkarida gurungga quloq tutardim. Uch oycha, to ijara uy topgunimcha oilaning qizchalari bilan birga yotib, turganman. Bu fayzli xonadon, bu yaxshilik hech yodimdan chiqmadi. Abdulla akaning vafotlaridan keyin ham oilali boʻlib, aravam ogʻirlashgunga qadar koʻp borib turardim.
***
“Enamni berib qoʻydik, tushga chiqaramiz!” – Kelinoyimning ovozi chaqmoqdek butun vujudimni tilkalab oʻtdi. Onamni koʻrib kelganimga bir hafta boʻlgandi. Sal parishon boʻlib qolgan boʻlsalar ham yashaydigandek tuyulgandilar. Aeroportga borsak, Urganchga bilet tugagan, faqat Nukusga bor ekan. Ammo Nukusdan bizgacha transport masalasi qiyinroq edi. Endigina chegara masalalari chiqa boshlagan oʻsha paytlarda biror muammo boʻlsa, Xorazmdan Toshovuzga oʻtkazib qoʻyishga yordam beradigan yozuvchilar bor edi. Lekin men Nukusda faqat Guliston opamni tanirdim. Opa u vaqtlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi ayollarining yetakchisi edi. Band odam, vaqti oʻzining ixtiyorida emas, kelolmasliklari mumkinligini bilsam ham, qoʻngʻiroq qilishga majbur edim.
Samolyotda “Ishqilib yetib boray, soʻng bor koʻrib qolay”, deb iltijo qilaman. Butun vujudim muzlab qolgandek, koʻzimga bir tomchi yosh kelmaydi. Samolyotdan tushsam, trapning yonida Guliston opam turibdi. Koʻrib yigʻlab yubordim. Aeroportdan toʻgʻri Toshovuzga ketdik. Mashina raqamini koʻrgach, chegaradagilar ham oʻtkazib yuborishdi. Oʻsha paytdan buyon ancha suvlar oqib oʻtgan boʻlsayam, eng ogʻriqli kunimda yonimda turgan Guliston opamning katta boshini kichik qilib aeroportga kelib turganlarini hech unutmayman.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
1 Izoh
Dilnura
18:08 / 09.08.2023
Hikoyalar juda taʼsirli menga juda yoqdi. Hayotda shunaqa insonlar borligi odamni xursand qiladi.