Bilasizmi?
YOLGʻON
Odatimizga ko‘ra, chaqaloqni ko‘tarib olgan mahal og‘ir deyilmaydi.
Mehmonimiz, munkillab qolgan Toshboy ota beshikdagi go‘dakni qo‘liga oldiyu, baayni og‘ir xarsangtosh ko‘targanday enkayib qoldi. So‘ng mashaqqat bilan qaddini rostlab, og‘ir nafas olarkan:
– Umrini bersin, yengilgina ekan, – dedi.
Qariya odatni buzmaslik uchungina yolg‘on gapirdi. Va naqadar yoqimli edi bu yolg‘on...
Abduqayum YO‘LDOSHEV
HADYA
Qiz hayajon bilan stol ustidagi jo‘natma qutisini silab-siypalardi.
“Qanday yaxshi! Qanday ajoyib! Tug‘ilgan kunimni unutmabdi! U meni sevadi! Naqadar baxtliman! Qiziq, ichida nima bor ekan? Uzukmi? Gullarmi? Balki men yoqtirgan atirdir? Mana, hozir ko‘zlarimni yumib, sovg‘ani ochaman va ichida nima borligini bilvolaman... Qanday yoqimli daqiqalar...”
Eshik taqilladi.
– Kechirasiz, yaxshi qiz, marhamat qilib jo‘natmani qaytarsangiz... Manzilni adashtirishibdi...
Xurshida ABDULLAYEVA
BAXTSIZLIK
– Bugun shifokorga borgandim. Bilasizmi, u menga nima dedi? Ko‘zim xiralashgan va endi bir umr ko‘zoynak taqib yurishim kerak emish. Bir umr-a? Tasavvur qilyapsizmi? Undan ko‘ra ko‘r bo‘lib qolganim yaxshimasmi? Ularga gapirish oson... Ehh, shunaqayam baxtsizlik bo‘ladimi?
– Ha, sizga qiyin. Iltimos, yashil yonganida ogohlantirib qo‘ying!..
Muhammadxon YUSUPOV
VA’DAGA VAFO
Osmonga termulib turgan qizga yigit:
– Senga osmondagi oyni olib beraman, – degan va’dani berdi...
Oradan yillar o‘tib, ikki nafar qiz farzand ko‘rishdi, oilaning katta bekasi:
– Otangiz va’dani berib ustidan chiqmaydi, bir zamonlar osmondan oyni olib beraman, degandi.
Sochlariga oq tushgan kishi:
– Ikki qizimizni osmondagi oydan qayeri kam? -deya javob berdi...
Doniyor QURBONXO‘JAYEV
ODAMLAR
Qiz talaba bo‘ldi.
«O‘qib olim bo‘larmidi», qo‘l siltadi odamlar.
Qizgina unga oshiq yigitning izhorini qabul qildi.
«Tanlaganing shumi», kuldi odamlar.
Kelinchak juftining xizmatida bo‘ldi, biror marta yuziga tik qaramadi.
«Muncha lallaymasang», dedi odamlar.
Ayol ketma ket farzandlarni dunyoga keltirdi.
«Buncha ko‘p tug‘asan», achindi odamlar.
Ayol ishga kirdi, ro‘zg‘orga qarashdi.
«Oilani unutma», aql o‘rgatdi odamlar.
Ayol hastalandi.
«Joni qirqta, o‘lmaydi», xukm qildi odamlar.
Ayol kurashdi, guldek yashnadi, ko‘zyoshini birovga ko‘rsatmadi.
«Bir balosi bor», shubhalandi odamlar.
Kampir keksaydi, hammaning rizoligini olib omonatini topshirdi.
Odamlar esa hamon gapirardi...
Nodirabegim IBROHIMOVA
UYGʻONISH
U ishxonasi tomon ohista otlanarkan, boshi uzra jilolanayotgan Quyoshga tashakkur degisi keldi. Axir ana shu oftob o‘zining iliq nurlari bilan uyg‘otadi butun borliqni. Keyin o‘yga cho‘mdi:
«Ayol ham quyoshga o‘xshaydi-ya!» O‘tmishi ko‘z o‘ngida birma-bir jonlandi.
U go‘dak edi. Bir mehribon ayol uni tongda uyg‘otardi:
– Tur, bolaginam, bog‘changga kech qolyapmiz!
U bola edi. Bir munis ayol tonglari uni uyg‘otar edi:
– Tur, bolam, maktabingga kechikasan!
U yigit edi. Bir mushtipar ayol uni ertalablari uyg‘otardi:
– Uyg‘on, o‘g‘lim, o‘qishingga kechikyapsan!
U erkak bo‘ldi. Sahar uni bir go‘zal ayol uyg‘otdi:
– Turing, dadasi, ishingizga kech qolyapsiz!
«Ha, – dedi u shivirlab, – erkakni uyg‘otgani uchun ham Ayolga tashakkur!»
Mansur JUMAYEV
SO‘NGGI IFTORLIK
Shomga yaqin nemislar chekina boshladi. Janggohni g‘alaba ovozalari tutib ketdi. U borgan sari to‘xtab borayotgan yurak dukurini tinglar, ko‘zini botay-botay deb turgan quyoshdan uzmasdi. Nihoyat quyosh botdi. Vaqt bo‘ldi, o‘yladi u. So‘nggi kuchini to‘plab bir siqim tuproqni og‘ziga soldi.
Asliddin TO‘LANOV
KATTA YURAK
Uning yuragi shunchalik katta ediki, onasining bevaqt o‘limini, otasini qatag‘on qilishlarini, sevgilisining yaqin do‘stiga turmushga chiqib ketishini ham sig‘dira oldi. Yillar sochlariga qo‘ndirgan qirovlarni do‘ppisi ostiga yashirib tinchgina yashadi. Biroq ko‘chadan yig‘lab kelgan o‘g‘ilchasining: «Men tashlandiqmanmi? Meni asrab olganmisiz?» degan savolining zalvorini katta yuragi o‘ziga sig‘dirolmadi. Yillar davomida yig‘ilgan «yuklar» og‘irlik qilgandir, kim biladi. Birgina «duk» etdi-yu, boshqa urmadi.
Saida IBODINOVA
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q