Ma’rifat


Saqlash
20:07 / 26.07.2023 0 4495

Ma’rifat (arabcha bilish, bilim, ma’lumot, tanish, tanishish) – tabiat, jamiyat va inson mohiyati haqidagi bilimlar, ma’lumotlar, ta’lim-tarbiya va maorif tizimi majmuini ifodalovchi tushuncha. Tor ma’noda ma’rifat bilimli, ma’lumotli, ma’naviyatli insonga nisbatan qo‘llanadi. Keng ma’noda, kishilarning bilimi, madaniyatini oshirishga qaratilgan maorif va ta’lim-tarbiyaga ham ma’rifat deb qaraladi. Bu so‘z ilmu irfon ma’nosida ham ishlatiladi. Ma’rifat tushunchasi bilim va madaniyatni yoyish hamda yuksaltirishning hamma turlari va sohalarini qamrab oladi. “Avesto”da ma’rifat ezgulikning namoyon bo‘lishi, ezgu fikr va ezgu so‘zning amalga oshishi tarzida talqin qilingan. Qadimgi Yunonrim falsafasida ma’rifat so‘zi tafakkur va sof bilim deya ifodalangan. Aristotel bilimni insonning eng lazzatli va ezgu faoliyati deb ta’riflagan. Platonning: “Mukammal bilimning, ya’ni men egallagan bilimning birdan-bir turi men o‘zim bilmagan narsalarni bilishimdir”, degan qarashlari zamirida o‘rganishning, bilimlarning cheksizligini anglatuvchi haqiqat yotadi.

 

Buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Hakim Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband kabi allomalar o‘zlarining beqiyos ma’rifatlari bilan umuminsoniy madaniyatlarning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shganlar. Hakim Termiziy “Kitob bayan-alilm” nomli risolasida ma’rifatni nur, yorug‘likka qiyoslagan. Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Ulug‘bek, Navoiy va Bobur bobolarimiz ma’rifatni ilm, amal, odob tushunchalari o‘zaro bog‘liq xislatlar deb hisoblaganlar. Ularning nuqtai nazarlariga ko‘ra kishining odobi, xulqi uning ma’rifati, bilimdonligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, inson qanchalik ma’rifatli bo‘lsa, uning xulqi shunchalik yaxshi va mukammal hisoblangan. Masalan, Rog‘ib Isfahoniyning fikricha, ilm, amal, adab yuksak unvonga, olijanob nasabga va boylikka tengdir. Bu uchta unsurga Sharqda ham, Gʻarbda ham katta e’tibor qaratilganini hisobga olsak, ma’rifatning salohiyati, uning mohiyatini yanada chuqurroq his qilish mumkin. Gʻarbda ma’rifat deganda ijtimoiy tafakkurning XVII– XVIII asrlarga kyelib kapital ustuvor bo‘lgan munosabatlar davri bilan bog‘liq madaniy-mafkuraviy va falsafiy harakatlar tushunilgan. Bunda sanoatlashuv yo‘liga kirayotgan har qanday davlatning madaniy rivojlanishida ma’rifat qonuniy bosqich sanaladi. Ma’rifatning muayyan mamlakatda namoyon bo‘lishi, uning milliy xususiyatlaridan qat’i nazar, bir qancha umumiy xususiyatlar bilan ajralib turadi. Bu xususiyatlar sirasiga jamiyatning keng qatlamlarini madaniyat va bilimga oshno etish zaruriyati bilan bog‘liq bo‘lgan demokratizmni; inson aqlining cheksiz imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni anglatadigan ratsionalizmni; tarixiy optimizmni; fan va jamiyat taraqqiyotiga, tarixiy rivojlanishning yagona maqsadlariga bo‘lgan ishonchni kiritish mumkin. Ana shu ma’nodagi ma’rifat ilk bor Fransiyada vujudga kelgan. XVIII asrning boshlarida vujudga kelgan ma’rifat 1789 yilgi Fransuz inqilobi boshlanib, absolyutizm kuchli inqirozga uchragan sharoitda rivojlandi. Fransiyadagi ma’rifat davrining yetakchi namoyandalari orasida Volter, Monteskye, J.Melye bor. XVIII asrning 40-yillaridan Lametri, Didro, Kondilyak, Russo, Tyurgo, Gelvesiy va Golbax kabi mutafakkirlar ma’rifatni rivojlantirdilar. Frans. Ma’rifatchi faylasuflarining ilg‘or qarashlari umuman ma’rifatchilik tafakkurining mazmunini ko‘p jihatdan belgiladi va falsafaning keyingi rivojlanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Nisbatan kechroq – XVIII asr o‘rtalaridan boshlab ma’rifat yo‘liga Germaniya kirdi. Bu davrda Germaniyada Viland, Lessing, Gerder, Klopshtok, Gyote, Shiller kabi atoqli mutafakkirlar yashab ijod qildi. Ular Kant, Fixte, Shelling va Gegelning falsafiy qarashlariga kuchli ta’sir ko‘rsatdi va mohiyat e’tibori bilan ularga zamin hozirladi.

 

Ma’rifat tushunchasi bilan bog‘liq ma’rifatchilik Gʻarbda XVIII asrda yaxlit oqim sifatida shakllangan bo‘lsa, ma’rifat atamasi mashhur nemis faylasufi Immanuel Kantning “Ma’rifat nima?” nomli maqolasidan (1784) so‘ng ilm-fanda uzil-kesil qaror topgan. Gʻarb tarixiy va falsafiy fanida ma’rifat deganda inson aql-idrokining kuch va bilimlari tantanasiga cheksiz ishonch anglashilgan. Yangi davrda Turkistonda ma’rifatparvarlik g‘oyalarining tarqalishi Gulxaniy, Ahmad Donish, Ogahiy, Nodira, Uvaysiy, Anbar otin, Muqimiy, Furqat kabi ijodkorlar nomi bilan bog‘liq. Milliy uyg‘onish davri bo‘lib tarixga kirgan XX asr boshlarida jadidchilik harakati keng quloch yoydi. Bu harakatning ilg‘or vakillari sanalgan Behbudiy, Avloniy, Tavallo, Sidqiy Xondayliqiy, So‘fizoda, Fitrat, Hamza, Abdulla Qodiriy Cho‘lpon singari yozuvchi va shoirlar xalqning ijtimoiy ongini ma’rifat asosida tarbiyalash uchun fidoyilik ko‘rsatdilar. Jadidlarning olib borgan barcha ishlari – matbuotning yo‘lga qo‘yilishi, “Usuli jadid” maktabi nazariyasi va amaliyoti, teatrchilik – hamma-hammasi ma’rifatchilikka xizmat qildi. Mamlakatimiz istiqlolga erishgandan so‘ng haqiqiy ma’rifatni tiklash va taraqqiy ettirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bugungi kunda xalqimiz ma’rifatini yanada oshirish, yuksak ma’naviyat tamoyillari asosida ma’rifatli yosh avlodni tarbiyalash bu sohadagi eng ustuvor vazifaga aylandi. Ilm-fan, maorif, ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan qonunlar, qarorlar va farmonlar ijrosini ta’minlash mamlakatimizni mazkur yo‘nalishda jahonning ilg‘or mamlakatlari safiga qo‘shilishiga xizmat qilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34257
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26611
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25251
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24919
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21796
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//