Ma’naviyat targ‘ibotchisi


Saqlash
21:07 / 21.07.2023 0 728

Ma’naviyat targ‘ibotchisi – ma’naviyat sohasidagi yangiliklar va axborotlarni tarqatuvchi, kishilarni ezgulikka da’vat etuvchi, ma’naviy hayotning barcha sohalaridagi ilg‘or jarayon va voqealarni muntazam ravishda tahlil etib, bu boradagi dolzarb muammolar yechimini topish bo‘yicha xabar, ma’lumot, takliflarni ommaga tarqatuvchi shaxsni ifodalaydigan tushuncha. Ma’naviyat targ‘ibotchisi keng ma’noda, ijtimoiy faoliyatning alohida turi, ya’ni ma’naviyat bilan shug‘ullanadi va ijtimoiy-siyosiy, g‘oyaviy, axloqiy qadriyatlarni targ‘ib qiladi. Tor ma’noda esa u faoliyati ma’naviyat, mafkura va siyosatni targ‘ib etishga qaratilgan shaxsni anglatadi. Ma’naviyat targ‘ibotchisi ilmiylik, konkretlik, ob’yektivlik, ijtimoiy hayot bilan chambarchas bog‘liqlik tamoyillarga asoslanishi, ilmiy, nazariy, amaliy-tashkiliy jihatdan yetuk kishi bo‘lishi lozim. U shaxs, jamiyat va davlat ehtiyojlaridan kelib chiqib, ular manfaatlarini ifoda etib, adolatli jamiyat qurish haqidagi bunyodkor g‘oyalarni omma orasida yoyish, kishilarga ma’naviy, g‘oyaviy-siyosiy ta’sir ko‘rsatish sub’yektidir. Ma’naviyat targ‘ibotchisi o‘zi anglagan, o‘rgangan, yuragidan o‘tkazgan, to‘g‘riligiga ishongan ma’lumotlarning serqirraligi, yangiligi bilan aholini ma’naviy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy jarayonlarda faollikka chorlaydi. Uchinchi ming yillik ibtidosida dunyo miqyosidagi globallashuv jarayoni tezlashgani, ma’naviy-mafkuraviy kurashning avj olishi, tajovuz va tahdidlarning yangi shakllari paydo bo‘lishi targ‘ibotni o‘ziga xos ma’naviy-siyosiy ta’sir quroliga aylantirmoqda.

 

Hozirgi davrda mustaqil O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etishdek ulug‘vor va murakkab vazifalarni hal etish, eng avvalo, ta’lim-tarbiya, ma’naviyat-ma’rifat, targ‘ibot-tashviqot masalasiga borib taqaladi. Istiqlol yillarida ushbu o‘ta muhim masalaga keng jamoatchilik diqqat-e’tibori jalb qilinmoqda. Matbuot, TV, radio, xalq ta’limi, oliy va kasb-hunar ta’lim tizimlari orqali odamlarda ma’rifatparvarlik g‘oyalarini tarbiyalash, maktab-maorif tarmoqlariga homiylik, saxovatpeshalik kabi ezgu xususiyatlar kuchaytirilmoqda. Shuning uchun ham ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish chog‘ida barcha bir yoqadan bosh chiqarib, ko‘proq erishilgan yutuqlarni faqatgina maqtash, ularga mahliyo bo‘lish va shu marrada, shu bosqichda depsinib turish emas, balki yurt taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan, unga zarar yetkazayotgan muammolarni ochib tashlash va ularni bartaraf etishga ma’naviyat targ‘ibotchisining butun kuch-g‘ayrati, bilimi, iqtidori, iste’dodi, qobiliyatini jalb etish darkor.

 

Ma’naviyat targ‘ibotchilarini tarbiyachi-ustoz deb hisoblash mumkin. Tarbiyachi-ustoz bo‘lish uchun boshqalarning aql-idrokini o‘stirish, ma’naviyat ziyosidan bahramand qilish, haqiqiy vatanparvar, haqiqiy fuqaro etib tayyorlash uchun, eng avvalo, targ‘ibotchining o‘zi ana shu yuksak talablarga javob berishi, ana shunday buyuk fazilatlarga ega bo‘lishi kerak. Sharq ma’naviyati targ‘ibot-tashviqotida azaldan ilm-fanga, sog‘lom fikr, mantiqqa tayanib kelingan. Xalqni ro‘shnolikka chiqarishning asosiy yo‘li – uni savodli qilish, ortiqcha sarf-xarajatlar talab qiladigan marosimlarga qarshi kurashda degan qarashlar ustuvor bo‘lgan.

 

Hozirgi davrda ham har bir ma’rifatli, vijdonli inson aqidaparastlik balosiga qarshi kurashishi, xalqning ko‘zini ochib, ularga bor haqiqatni tushuntirib berishi, odamlar ruhini, ongu tafakkurini, umuman, ma’naviyatini himoya qilishi zarur. Elga ma’naviy tushunchalarni targ‘ib qiladigan, aholiga tarbiya beradigan, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, ma’rifatni tarqatish kabi savobli va xayrli ishlarni amalga oshirishga da’vat etadigan moʻtabar joy – maktablar va ularda ishlaydiganlar ham ma’naviyat targ‘ibotchilaridir. Ma’naviyat tamoyillarini yoshlar ongi va qalbiga singishi, davlat va jamiyat maqsad-muddaolarini jamoatchilik qo‘llab-quvvatlashiga erishmoq uchun targ‘ibot-tashviqot uzluksiz bo‘lmog‘i lozim. Shu ma’noda, ma’naviyat targ‘ibotchisi yangiliklarni anglashga qodir, haqiqat va xalq manfaati yo‘lida kurashlarga hamisha tayyor, mard, fidoyi bo‘lishi lozim. Bunday xususiyatlar esa, tarixdan, ajdodlar tajribasidan ma’lumki, jamoa, jumladan, mahalla sharoitida shakllanadi. Mahalla – o‘zbek jamiyatida alohida ma’naviy tarbiyaviy ahamiyatga molik bo‘lgan o‘ziga xos demokratiya maktabidir. Bu noyob tajriba – aholining mahalla bo‘lib yashash tarzi jahonning boshqa mamlakatlarida kam uchraydi. Shuning uchun ham insonni jamiyat bilan birga yashashga o‘rgatadigan, uning ma’naviyatini tarbiyalaydigan birlamchi makon – bu mahalladir. Milliy urf-odatlar, marosimlar targ‘iboti chog‘ida ham, butun insoniyat manfaatlari nuqtai nazarini, shaxs erkinligi, Vatan va millat manfaatlarini, milliy qadriyatlar majmuini yaxlit uyg‘unligini yodda tutmoq lozim.

 

Ma’naviyat har bir inson, jumladan, targ‘ibotchining har bir xatti-harakatida o‘z ifodasini topadi. Uning yashash tarzi, qilgan ishlari, yaratgan asarlari, mehnatining natijalari, atrof voqelikka munosabati – barcha-barchasi ma’naviyatning ko‘zgusidir. Olimning kashfiyoti, musavvirning kartinasi, yozuvchining romani, shoirning she’ri, o‘qituvchining, voizning ma’ruzasi, bastakorning musiqasi ma’naviy dunyo darakchilaridir, o‘ziga xos ma’naviy targ‘ibotdir. Ezgulik darakchisi, yaxshilik targ‘ibotchisi, eng avvalo, yovuzlikning mohiyati, uning oqibatlarini auditoriyaga aniq-ravshan, sodda holda izohlab, undan qaytmoqlikka da’vat etmog‘i darkor. O‘zbek davlatchiligi ilk davri ma’naviyati, mafkurasini o‘zida ifoda etgan “Avesto” zamonidan boshlab el-yurt g‘amini yegan minglab ajdodlarimiz, garchi maxsus maosh olmasalar-da, millat, jamiyat taraqqiyotini ko‘zlagan holda yovuzlikka qarshi kurashib kelgani bejiz emas. Bugungi kunda ham jaholatga qarshi ma’rifat qurolini ishga solish ma’naviyat targ‘ibotchisi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Oilada va maktabda ta’lim-tarbiyani tegishli darajada tashkil etishga, ma’naviy tarbiya, targ‘ibotning samarali bo‘lishini ta’minlashga, ota-ona, belgilangan o‘qituvchilar, amalda, butun jamiyat mas’ul. Ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib-tashviq etish esa har bir o‘zini ziyoli deb bilgan, jamiyat a’zosi deb hisoblagan shaxslarning vijdon ishi hisoblanadi. Ma’naviyat targ‘ibotida ko‘p kitob o‘qiydigan, ma’lumotli ziyolilarga mo‘ljallangan bir oz murakkabroq axborotlar bilan tadbirkorlar kayfiyatiga ta’sir etib, bo‘lmaydi. Shuningdek, vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirishda talabalarga ham, fermyerlarga ham bir xil munosabatda bo‘lish, bir xil usullardan foydalanish kutilgan samarani bermaydi. Chunki, turli ijtimoiy guruh vakillarining dunyoqarashi, manfaatlari va qadriyatlari bir-biridan farq qiladi.

 

Ma’naviyat targ‘ibotchisi tomonidan har bir guruh, tabaqa, toifa xususiyatlarini hisobga olish ko‘proq samara berishi mumkin. Ma’naviyat targ‘ibotchilarining o‘zlari ham el-yurt orasida obro‘-e’tibor qozongan, yuksak saviyali, ko‘pni ko‘rgan, jonkuyar, otashin, eng muhimi, odamlarning yuragiga haqqoniy so‘zi, yorqin fikri bilan yo‘l topadigan halol insonlar, ya’ni bunga ma’naviy huquqi bor kishi bo‘lishi lozim. Demak, ma’naviyat targ‘ibotchisi “Avesto”dagi “Ezgu niyat, ezgu so‘z, ezgu amal” tamoyiliga mos shaxs bo‘lmog‘i zarur. Ma’naviyat targ‘ibotida hissiyotlarga kuchli ta’sir qilish, jozibalilik, noan’anaviy usullarni qo‘llash, oshkoralik, milliy qadriyatlar doirasidan chiqmaslik, ommabop va tushunarli ifodalash ko‘proq samara beradi. Bugungi g‘oyat murakkab, tahlikali dunyoda yoshlar ma’naviyatini yanada yuksaltirish, ularni milliy an’ana va qadriyatlarga yot bo‘lgan buzg‘unchi g‘oyalar, zararli oqimlar ta’siridan asrash vazifasi ma’naviyat targ‘ibotchisi bu sohada faoliyat yuritadigan turli tashkilot va muassasa zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bu vazifani amalga oshirish maqsadida tashkilotlar, ijodiy uyushmalar, ta’lim-tarbiya muassasalari va boshqa jamoat birlashmalarining o‘zaro uyg‘un holda faoliyat yuritishiga erishish muhim ahamiyat kasb etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34257
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25252
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21796
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//