Ma’naviy o‘zlikni anglash


Saqlash
22:07 / 19.07.2023 0 2668

Ma’naviy o‘zlikni anglash – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga bel bog‘lagan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarda yuksak ma’naviyatni shakllantirish jarayonining tarkibiy qismi, tarixiy xotirani tiklash, o‘tmish avlodlarga munosib bo‘lish, ular qoldirgan ma’naviy merosni asrab-avaylash va takomillashtirish omili. Ma’naviy o‘zlikni anglash jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotini demokratlashtirish va yangilash, yangi tafakkurni shakllantirishning asosiy vositalaridan biridir. Ma’lumki, shaxsda ko‘plab ijtimoiy-insoniy fazilatlar bilan birga ma’naviy o‘zlikni anglash xususiyati ham mujassamdir. Bu g‘oyat ko‘p qirrali, murakkab, ayni paytda, ziddiyatli hayot ijtimoiy hodisa bo‘lgani uchun unga kompleks yondashish talab etiladi. Avvalo, ma’naviy o‘zlikni anglash keng ma’nodagi milliy o‘zlikni anglashning tarkibiy qismidir. Shuning uchun ma’naviy o‘zlikni anglash milliy taraqqiyotning nafaqat belgisi, xuddi shuningdek, maqsadi hamdir. Demak, ma’naviy o‘zlikni anglash ijtimoiy fenomen sifatida milliy taraqqiyot maqsadi bilan uyg‘unlikda talqin etilishi zarur.

 

Ma’naviy o‘zlikni anglash subyekt (shaxs, millat, xalq) ning ekzistensional borliqda o‘zining tarixiy-madaniy, ijtimoiy-axloqiy diniy-ruhiy, badiiy-estetik qadriyatlariga, borliqni bilishda gnoseologik tajribalariga ega ekanini idrok etishidir. Ma’naviy o‘zlikni anglashda “xalq ruhi”, “xalq qalbi” degan tushunchalar muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ham ma’naviyat muammolarini tadqiq etgan mutaxassislar “ruh”, “qalb” kategoriyalariga murojaat qiladilar. Ma’naviy o‘zlikni anglash, avvalo, kishining o‘z ruhi va qalbini idrok etishi bo‘lib, ijtimoiy darajada u xalqning o‘ziga xos ruhiy-ma’naviy birligini ifoda etadi. Milliy o‘zlikni anglashga taalluqli hodisa sifatida esa ma’naviy o‘zlikni anglash ma’lum bir millat vakillarining qalbiga, ruhiga yaqin umumiy boyliklar, qadriyatlar, tasavvurlar, an’analar, ruhiy-ma’naviy holatlar asosida kishilarni xalq, millat sifatida birlashtiradi, ularga xos umumiy belgilar baxsh etadi. Odamlar har doim ma’lum bir g‘oyalar atrofida birlashib, yirik ijtimoiy kuchga, harakatga aylangan.

 

Inson o‘zini ma’naviy-ijtimoiy kuch ekanligini ma’lum bir qarashlar, g‘oyalar atrofida birlashib namoyon qilishi mumkinligini qadimdayoq anglab yetgan. Ma’naviy o‘zlikni anglash qanchalik keng, serqirra, inson va jamiyat hayotining barcha sohalari bilan bog‘liq bo‘lmasin, u milliy g‘oyaga asoslanadi. Demak, milliy g‘oya ma’naviy o‘zlikni anglashning o‘zagidir. Ma’naviy o‘zlikni anglash xalqqa, millatga oid belgilar orqali ham o‘z xususiyatini namoyon qiladi. Dunyoda o‘zining ma’lum bir belgilariga ega bo‘lmagan xalq, millat yo‘q. Aynan shu belgilar kishilarni bir-biriga yaqinlashtiradi, ulardagi mushtaraklikni yorqin namoyon etadi. Ma’naviy o‘zlikni anglashni axloq, odob, insonparvarlik, ezgulik, mehr-muruvvat kabi insoniy fazilatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda ma’naviy o‘zlikni anglash tushunchasi ma’naviyat bilan uzviy bog‘liqdir. Ma’naviyatning bosh xususiyati va vazifasi shaxsda axloqiylikni, insonparvarlikni shakllantirishdir.

 

Ma’naviy o‘zlikni anglash shaxsning ma’naviy dunyosi va shakllanishi kabi murakkab, goho ziddiyatli kechadigan, har doim ham bir mezon, me’yorlar bilan o‘lchanavermaydigan hodisadir. Uning namoyon bo‘lishi va shakllanishi har doim ham shaxsning, hatto muhitning ham ixtiyorida bo‘lavermaydi. Ularga ko‘zga ko‘rinmas ijtimoiy munosabatlar, umumiy-axloqiy normalar, tarixan shakllangan an’analar, urf-odatlar, xalqaro vaziyat, axborotlar oqimi kabi omillar ham ta’sir etadi. Ma’naviy o‘zlikni anglash ma’naviyatning shakllanish jarayoni kabi shaxsning butun umri davomida kechishi mumkin. Ammo bu ma’naviyatda ham, ma’naviy o‘zlikni anglashda ham, shaxsning ma’lum bir xalqqa, millatga taalluqli ekanini anglatuvchi muqim, xususiyat, belgilar yo‘q ekanini anglatmaydi. Xalqni xalq, millatni millat qilib turgan belgilar uning asrlar davomida shakllangan muqim, barqaror tarixiy-madaniy qadriyatlari (tili, turmush tarzi, an’analari va boshqalar) bilan mushtaraklikda namoyon bo‘ladi. Ma’naviy o‘zlikni anglashning o‘zgarishi ana shu barqaror milliy-madaniy asosning nisbiy o‘zgarishi ifodasidir.

 

Milliy-madaniy asoslar ma’naviyatda, milliy o‘zlikni anglashda muqim saqlanib qoladi, aks holda shaxs ham, millat ham o‘zligini, o‘z xususiyatlarini yo‘qotadi. Xalq, millatning shakllanishi bilan birga ma’naviy o‘zlikni anglash ham shakllanib boradi. Millatsiz ma’naviy o‘zlikni anglash yo‘q, ma’naviy o‘zlikni anglashsiz esa millatning bo‘lishi dargumondir. Ular o‘rtasidagi dialektik bog‘liqlikni ochib berish maxsus sotsial-psixologik yoki etnopsixologik tadqiqotlar o‘tkazishni taqozo qiladi. Bu o‘rinda biz shuni aytishimiz mumkinki, xalqning, millatning barqaror ijtimoiy etnik birlik sifatida tarix sahnasidan joy olishi ularning ma’naviy o‘zlikni anglashiga va tarixiy-madaniy jarayonlarda uni namoyon etishiga bog‘liqdir. Ma’naviy o‘zlikni anglash uzoq tarixiy rivojlanish jarayonida, ko‘p avlodlarning ma’naviy, ilmiy, ijodiy izlanishlari mahsuli sifatida paydo bo‘ladi.

 

Millat shakllangan sayin, u aniq ko‘rinishga, ma’lum bir tamoyillar, me’yorlar, modellar, qadriyatlar tarziga o‘tib, milliy madaniyatning o‘zak qismiga aylanadi. Masalan, o‘zbek xalqi ma’naviy o‘zlikni anglashni “Avesto”dan boshlab, buyuk ajdodlarimiz merosidagi umuminsoniy qadriyatlardan izlashi bejiz emas. Chunki ushbu bebaho merosda xalqimizning orzu-umidlari, axloq, odob, ezgulik, adolat, porloq hayot haqidagi g‘oyalari mujassamlashgan. Aynan ushbu qadriyatlar bugun o‘zbek xalqining tarixiy-madaniy merosi, ma’naviy madaniyatining o‘zagi sifatida o‘rganilmoqda. Ma’naviy o‘zlikni anglash negizida ma’naviy kamolotga yetishga intilish yotadi. Ma’naviy kamolotni nazarda tutgan kishi tinmay o‘z ustida ishlaydi, mukammallikka intiladi, ma’lum bir idealga yetishni maqsad qilib qo‘yadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 957
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34258
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25253
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21800
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//