Bir kuni...
Yil bo‘yi bo‘zchining mokisidek ishga-o‘qishga qatnashdan olingan charchoq yaxshigina hordiq chiqarilmasa – tarqamaydi. Xo‘sh, o‘sha charchoqni chiqarish uchun nima qilish, qanday dam olish zarur?
Umuman, dam olishning faol va passiv turlari mavjud. Harakatchanlik bilan bog‘liq – toqqa chiqish, cho‘milgani borish, shahar tashqarisidagi dala hovlida terga botib ishlash – faol hordiq chiqarish turlari bo‘lsa, film tomoshasi, kitob o‘qish, og‘aynilar bilan o‘ynaladigan videoo‘yinlar – passiv dam olish hisoblanadi.
Mutaxassislar yana ta’tillarni uch turga bo‘ladilar: sosial, sensor va ijodiy. Sosial ta’til ko‘proq kommunikasiyani belgilaydi va siz o‘zingizga fikrdosh, tez til topishib ketishingiz mumkin bo‘lgan kishilar bilan birgalikda hordiq chiqarasiz, suhbatlashasiz, rok konsertiga borasiz, cho‘milasiz va shuning barobarida ruhiy holatingizni yaxshilaysiz.
Sensor ta’til ko‘proq shahar aholisiga tatbiq qilinib, bundan maqsad har xil gadjetlarni chetga surib, ko‘z nurini normal holatga keltirishdan iborat. Ijodiy ta’til esa tushunarli – bu ko‘proq yakka yoki jamoaviy ravishda ma’lum loyiha ustida ishlashni, tinch va hotirjam joylarni talab qiladi.
Xo‘p, ta’tilni, umuman dam olishni qanday amalga oshirish lozim? Nima qilganda hordiqdan so‘ng o‘zingizni quvvatga to‘la va tetik his qilasiz?
– agar tanangizda jismoniy toliqishni his qilayotgan bo‘lsangiz, faol hordiq turlarini chetga surib qo‘yganingiz ma’qul. Masalan, dala hovliga borib ota-onangizga yem-hashak yig‘ishda ko‘maklashish yaxshi variant emas, yana do‘stlaringiz bilan birga futbol o‘ynashdan ham voz kechganingiz ma’qul. Tinchgina biron qiziqroq film tomoshasiga borganingiz yaxshi: Toshkentning o‘zida 20 dan oshiq barcha qulayliklarga ega kinoteatrlar bor va ularning ko‘pida oyog‘ingizni bemalol uzatib kino olamiga singib ketishingiz mumkin.
1. Compass Cinema – Qo‘yliq bozori ro‘parasidagi ulkan Kompass savdo markazi ichida joylashgan, oltita zaldan iborat zamonaviy kinoteatr. 230 nafar tomoshabinni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan bitta katta hamda 77 tomoshabinga mo‘ljallangan 5 ta kichik zalga ega.
Manzil: Bektemir tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, 17
2. Anhor Cinema – raqamli kinoteatr; tasvir sifati 3D formatida, DOLBY DIGITAL SURROUND 5.1 ovozli kino tomoshasi istovchilar uchun ayni muddao.
Manzil: Shayxontohur tumani, Labzak ko‘chasi, 12/1
3. Next Cinema – Nekst savdo markazida joylashgan. Eng yaxshi xalqaro va milliy filmlar namoyishi bilan nom qozongan. Ushbu kinoteatrda ham 3D, ham oddiy formatdagi badiiy filmlarni tomosha qilish imkoniyati mavjud. Uning zamonaviy va qulay kursilar bilan jihozlangan 4 ta ko‘rish zali mavjud.
Manzil: Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 6
4. Open Air Cinema – Lokomotiv Sharq bog‘ida joylashgan ochiq osmon ostidagi kinoteatr. Ushbu kinoteatrni Toshkentdagi eng so‘lim kinoteatr desa bo‘ladi: bunda hovuz atrofi yog‘och pol qilingan supa ustida yostiqsimon binbeglarga cho‘zilgancha film tomosha qilishingiz mumkin. Bunda bir kishilik 8 binbeg, ikki kishilik 12 binbeg mavjud, tomosha haqi esa Lokomativ bog‘iga kirish haqidan undirib qolinadi. Kinoteatr savdo xarakteridan yiroq bo‘lgani tufayli undagi filmlar dunyo kinomotografiyasining klassikalaridan iborat.
Manzil: Temur Malik ko‘chasi
– agar o‘zingizda emotsional toliqish his qilsangiz, shovqin-suronli do‘stlar, ishxona jamoasi bilan o‘tadigan hordiqlarni bir chekkaga surib qo‘ya qolganingiz ma’qul. Shahar ichi salqin va ko‘kalamzor kapsularga to‘la, imkoni boricha odamlar kam yerda o‘zingiz yoki oilangiz bilan piknik qilishingiz va bir nafas ishni hamda boshqa muammolarni unutib, maysa ustida yotishingiz sizni ancha quvvatlantiradi. Agar maysazor atrofidan oqar suvmi o‘tgan bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur. Oqar suvga tikilib ruhingizdagi toliqish va isyonni bosib olishingiz, buning ustiga ko‘zingizdagi horiqishni ham ketkazishingiz mumkin.
1. Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi qarshisidagi o‘tloqqa baland chinorlar tufayli tangadek ham nur tushmaydi. Kuniga ikki mahal sug‘oruv favvoralaridan quyilgan suv tufayli havodagi namlik miqdori me’yorida, o‘tloqqa kirgan odam bu yerning eng gavjum avtolar qatnov qismida ekaniga ishonmaydi – hatto shovqin ham o‘tmaydigan kapsuladek taassurot uyg‘otadi.
Manzil: Navoiy ko‘chasi, 69
2. Toshkent botanika bog‘i. Quyuq daraxtlar, nilufar gullari o‘sib yotgan ko‘l, o‘rmon bo‘lib o‘sgan butoqlar ko‘zingizni quvnatishi, ruhingizni tinchlantirishi aniq. Yana olmaxonlarni pechenye yoki yong‘oq bilan mehmon qilishingiz mumkin.
Manzil: Bog‘ishamol ko‘chasi, 232
3. Yapon bog‘i – sun’iy ko‘l yoqasidagi tinch ko‘kalamzor. Kirish pulli, o‘rdak va g‘ozlar, yapon tabiatiga xos gullar, butalar, o‘simliklar, baliqlar tomoshasi ichingizdagi g‘uborni sidirib yuboradi. Suvda qayiqda sayr qiling, suvga kaftingizni tekkizing, osmonga tikiling, yo‘laklardagi biron o‘rindiqqa o‘tirib yaxshi narsalar haqida xayol suring.
Manzil: Amir Temur ko‘chasi, 107
4. Do‘stlik bog‘ini ko‘pchilik eski Bobur nomi bilan esda saqlagan. Kapalak shaklidagi suv havzasiga bir necha yildan beri suv quyilmaydi-yu, ammo quyuq daraxtlar va maysalar salqini uncha-munchaga ko‘tarilmasligini ham tan olish kerak. Kechki ochiq osmon ostidagi kinoteatr, tinchlik qo‘ng‘irog‘i, bo‘m-bo‘sh o‘rindiqlar – introvertlarning jonini kirgizishi tayin.
Manzil: Bobur ko‘chasi, 33
– mabodo intellektual toliqish sezsangiz – kino ko‘rish, intellektual o‘yinlarga tashrif buyurish, kitob o‘qishdan biron naf bo‘lmasligini bilishingiz zarur. Miya bunday holatda biron harakat qilmasangiz ham bosim bilan ishlashda davom etayotganini his qilishingiz turgan gap va kelayotgan ish kunlarida boshingizni ko‘tara olmaysiz. Bunday toliqishni jismoniy faol dam olish turlari ko‘taradi, shunda ham ish va boshqa muammolarni bir muddatga unutganingiz ma’qul.
Shu o‘rinda yana bir mulohazani qo‘shib o‘tib ketishni ma’qul deb bildik – mentalitet xususiyatiga ko‘ra o‘zbekning har bir marosimi ovqatlanish bilan birga keladi. Hech e’tibor qilganmisiz, dam olgani oilasi bilan toqqa borgan odamdan nimalar qilganini so‘rasangiz yo birinchi, yo ikkinchi o‘rinda albatta nima ovqat tayyorlashgani haqida so‘zlaydi. Har bir tadbir, har bir mashvarat dasturxon ustida, eng kamida ikki piyola choy bilan o‘tadi – bu odat, biz yashash uchun ovqatlanamiz, buni rad qilib bo‘lmaydi. Ammo aynan shu sababdan ham qanaqadir taom uchun vaqt sarflab, shaharning (viloyatning, respublikaning) qaysidir qismiga borib, dam oldim degan fikrni o‘zingizga singdirishga urinmaganingiz ma’qul.
Bir narsani unutmaslik kerak: dam olish xuddi ish kabi rejalashtirilsagina miya uni normal qabul qiladi.
Avvalo, qachon va qayerda dam olishingizni yozib qo‘ying. Hordiq chiqarishda nimalarni istashingizni, kimlar bilan vaqt o‘tkazishingizni, nimalar qilishingizni, avvalgi ta’tilingizdan bunisi nimasi bilan farq qilishini yozma ravishda aniqlashtiring.
Tana va ruhingiz holatini doimiy nazorat qilib boring, dam olishni rejalashtirishda bu o‘ta zarur aspekt hisoblanadi.
Hordiq chiqargani faqat dam olish kunlarining o‘zi yetarli deb hisoblasangiz, yanglishasiz. Chunki hafta davomida sizning jismoniy quvvatingizni tiklashga sarflangan yakshanba faqat uyqu bilan o‘tib ketishi va siz hali ham emotsional va intellektual jihatdan toliqqan bo‘lishingiz mumkin.
Ish va ta’tilni hech qachon bir paytda amalga oshirib bo‘lmasligini tan olishingizga to‘g‘ri keladi. Dam olish mobaynida qilaman deya o‘zingiz bilan olingan ishlarning ko‘pi yo qolib ketadi, yoki ta’til sizga ta’timaydi. Mumkin qadar ish bo‘yicha bo‘ladigan qo‘ng‘iroqlarni qabul qilmaganingiz, ish telegramingizga kirmaganingiz ma’qul, bu ta’til kayfiyatidan chiqib ketmasligingizni kafolatlaydi. Ya’ni u sizga yoqishi kerak, oilangiz yoki do‘stlaringizga emas. Shu sababdan sizga mutlaqo qizig‘i bo‘lmagan davralarga borishni, ko‘rishni istamagan filmingiz tomoshasini, sizga yoqimsiz barcha hordiq turlarini rad qilishdan cho‘chimang. Oxir-oqibat, ta’til sizning vaqtingiz – uni o‘zingizga ma’qul, ko‘nglingizdagidek o‘tkazing. O‘zingizni o‘ylang, emosional, intellektual va jismoniy quvvatga to‘ling, imkoni bo‘lsa jismoniy tarbiya bilan shug‘ullaning, kitob o‘qing, yorqin taassurotlaringizni ko‘paytiring, xullas, multfilmda aytilganidek, MAROQLI DAM OLING!
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q