Bilasizmi?
Ma’naviy meros – ma’naviy taraqqiyot mahsuli, inson aql-zakovati bilan yaratilgan, kelajak avlodni ezgu taraqqiyot sari yetaklash xususiyatiga ega bo‘lgan, kishilarning ongi va dunyoqarashining o‘sishi, olamni bilish va o‘zlashtirish borasidagi sa’y-harakatlariga kuch-quvvat beradigan ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan azaliy qadriyatlar majmuini ifodalaydigan tushuncha. Ma’naviy meros ajdodlar tajribasi, qoldirgan ma’naviy boyliklarining kelgusi avlodlarning amaliy faoliyati, tafakkur tarzida qanday ahamiyat kasb etishiga ko‘ra, yakka shaxs, alohida guruh yoki muayyan millat vakillariga tegishli bo‘lishi mumkin. Ular ma’lum milliy tilda yaratilgani, milliy madaniy-ma’naviy an’analar, qarashlarni aks ettirishiga ko‘ra millatga, ma’lum bir hududda istiqomat qiluvchi turli millatlarni qamrab olishi xusyatiga ko‘ra jamiyatga, ma’lum bir davlat hokimiyati amal qilib turgan davrda yaratilganiga ko‘ra davlatga, insoniyat tarixida tutgan yuksak o‘rniga ko‘ra sivilizasiyaga xos bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, ma’naviy meros bir vaqtning o‘zida millat, davlat, mintaqa va butun imkoniyatga tegishli bo‘lishi ham mumkin. Masalan, Imom Buxoriy va Imom Termiziyning diniy-ma’rifiy merosi, Abu Ali ibn Sinoning tibbiyotga oid yoki Mirzo Ulug‘bekning astronomiyaga doir kashfiyotlari, nafaqat millatimiz va mintaqamizda istiqomat qilayotgan xalqlar, balki jahon sivilizasiyasi, madaniyatidan o‘rin olgan bebaho ma’naviy meros hisoblanadi.
Ma’naviy meros moddiy merosdan farqli ravishda olamda va insonning ichki dunyosida ro‘y bergan, berayotgan yoki berishi mumkin bo‘lgan intellektual va psixologik holatlar, xatti-harakatlar, amaliy faoliyat va uning natijalarini anglashga keng imkoniyatlar yaratishi bilan qadrlidir. Shu bilan birgalikda, ma’naviy merosni moddiy merosga qarama-qarshi qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki bizgacha yetib kelgan moddiy myeros insonning ongiga ta’siri nuqtai nazaridan ayni vaqtda ma’naviy merosga aylanishi ham mumkin. Masalan, bizga qadar yetib kelgan uzoq o‘tmishda yaratilgan tarixiy obidalar moddiy merosga mansub bo‘lsa-da, ulardagi muhandislik, bezak ishlari, qurilish tarixi va unga oid ashyolarining tayyorlanishi, bunyodkorlari va boshqa jihatlariga ko‘ra ma’naviy merosga aylanadi. Xuddi shuningdek, moddiy ne’matlar ishlab chiqarish texnologiyalari va uskunalari moddiy merosga mansub bo‘lsa-da, bu boradagi an’analarning ajdodlardan avlodlarga o‘tishi ma’naviy meros tarzida amalga oshadi. Shu jihatdan olib qaraganda, insoniyatning yozma manbalarda aks etmagan ko‘plab tabiiy ko‘nikmalari ma’naviy meros tarzida ajdodlardan avlodlarga o‘tib keladi. Yozuvning paydo bo‘lishi ma’naviy merosni saqlash va boyitish yo‘lidagi insoniyat erishgan eng katta yutuq hisoblanadi. Yozuv tufayli hozirgi ilm-fanda inson taraqqiyoti, jumladan, ma’naviy merosining besh ming yildan ortiq tarixi, Yer va koinot jismlarining bir necha million yillik davri haqidagi ma’lumotlar jamlangan.
Kishilar ongi, ichki dunyosi, tafakkur tarzi, his-tuyg‘ulariga ta’sir etib, ularni boyitish, rivojlantirish, yangi g‘oyaviy yo‘nalishlarga boshqarish ma’naviy merosning asl mohiyatini ifodalaydi. Shuningdek, bugungi kunda ma’naviy merosning odamlar hayot tarziga chuqur ta’sir etadigan qadriyat sifatida ahamiyati tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Jamiyat tafakkuridagi g‘oyaviy, mafkuraviy, ma’rifiy, madaniy, diniy va axloqiy qadriyatlar, dunyoqarash, urf-odat, an’analar va munosabatlar kelajak avlodning ma’naviy merosini belgilaydi. Madaniy qadriyatlar va ma’naviy meros ming yillar mobaynida xalqimiz uchun qudratli ma’naviyat manbai sifatida xizmat qilib kelgan. Uzoq vaqt davom etgan kuchli mafkuraviy tazyiqqa qaramay, O‘zbekiston xalqi avloddan avlodga o‘tib kelgan o‘z tarixiy va madaniy qadriyatlarini hamda o‘ziga xos an’analarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kyelingan g‘oyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan nihoyatda muhim vazifaga aylandi. O‘zbekistonni yangilash va rivojlantirishning o‘z yo‘li ma’naviy meros nuqtai nazaridan to‘rtta asosiy negizga asoslanadi. Bu negizlar: umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik; xalqimiz ma’naviy merosini qayta tiklash, mustahkamlash va rivojlantirish; insonning o‘z imkoniyatlarini erkin namoyon qilishi; vatanparvarlik.
Hozir O‘zbekiston deb ataluvchi hudud, ya’ni bizning Vatanimiz nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizasiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini butun jahon tan olmoqda. Bu qadimiy va tabarruk tuproqdan buyuk allomalar, fozilu fuzalolar, olimu ulamolar, siyosatchilar, sarkardalar yetishib chiqqan. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari mana shu zaminda yaratilgan, sayqal topgan. Milodgacha va undan keyin qurilgan murakkab suv inshootlari, shu kungacha ko‘rku fayzini, mahobatini yo‘qotmagan osori atiqalarimiz qadim-qadimdan yurtimizda dyehqonchilik, hunarmand chilik madaniyati, me’morchilik va shaharsozlik san’ati yuksak bo‘lganidan dalolat beradi. Beshafqat davr sinovlaridan omon qolgan, eng qadimgi toshyozuvlar, bitiklardan tortib, bugun kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan 20 mingdan ortiq qo‘lyozma, ularda mujassamlashgan tarix, adabiyot, san’at, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, fizika, kimyo, astronomiya, me’morchilik, dehqonchilikka oid o‘n minglab asarlar bizning beqiyos ma’naviy boyligimiz, iftixorimizdir. Bu qadar katta merosga ega bo‘lgan xalq dunyoda kam topiladi. Xalqimizning haqiqiy ma’naviy merosi bo‘lmish iymon, insof, mehr-oqibat, andisha, or-nomus, kattaga hurmat, kichikka izzat, mehmondo‘stlik, yurtga va xalqqa sadoqat kabi fazilatlarini asrab-avaylab, kelajak avlodning qon-qoniga singdirish, jamiyat kundalik hayotida doimo ustuvorlik kasb etishi to‘g‘risida so‘z ketar ekan, avvalambor, dindorlar, din peshvolari bilan yaqindan hamkorlikda, hamjihatlikda ish olib borish zaruriyati hisobga olinishi kerak bo‘ladi. Insonning ruhiy poklanishi, axloqiy tarbiyasi, elyurti tinchligini o‘ylashi, osoyishta faoliyat yuritishi va millatlar totuvligini saqlashi bilan bog‘liq qadriyatlarni ifodalovchi ma’naviy merosni o‘zlashtirishda din bilimdonlarining o‘rni yaqqol ko‘rinib turadi. Bundan tashqari, diyorimiz xalqi qadim zamonlardan o‘zlariga ma’lum bo‘lgan insoniyat bilan hamfikr bo‘lib keldilar, yaqindan aloqa bog‘lab yashadilar. Bunga ko‘pdan-ko‘p misollar bor. Osiyoning qa’ridan Yaqin Sharqqa, Yevropa va Afrikaga olib boradigan Buyuk Ipak yo‘li, butun madaniy olamga taniqli olimlar va mutafakkirlar, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva singari davlatlar va shaharlar yaratuvchilari bo‘lmish ulug‘ ajdodlarimizning ijodiyoti o‘zining ulug‘vorligi va go‘zalligi bilan hozirgacha hammani lol qoldirgan ma’naviy merosni yetkazib berdi.
Ajdodlarimizning ruhi poklari va urf-odatlari, bizning eng yaxshi an’analarimiz, ma’naviy merosimizning qayta tiklanishi islohotlarning muvaffaqiyatga erishishi, mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omillari ekanini alohida ta’kidlash mumkin. Ma’lumki, asrlar mobaynida xalqimizning yuksak ma’naviyat, adolatparvarlik, ma’rifatsevarlik kabi ezgu fazilatlari Sharq falsafasi va islom dini ta’limoti bilan uzviy ravishda rivojlandi. O‘z navbatida, bu falsafiy-axloqiy ta’limotlar ham xalqimiz dahosidan bahra olib boyib bordi. Bugun yaratilayotgan ma’naviy merosimiz ana shu falsafaga uyg‘un holda Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo singari mutafakkir ajdodlarimizning dono fikrlariga uyg‘un holda shakllanishi lozim. O‘zbekiston xalqi minglab yillar davomida barpo etilgan ulkan ma’naviy meros bilan faxrlanadi. Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termizning noyob tarixiy yodgorliklari, Buyuk Sharq mutafakkirlari al-Buxoriy, at-Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, al-Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Bobur asarlari butun bashariyatning bebaho mulki bo‘lib qoldi. Xalqning tarixiy ruhi uyg‘onmoqda, ma’naviyatning ko‘zi ochilmoqda, shu tufayli odamlar qalbida milliy g‘urur, ona zaminga mehr-muhabbat tuyg‘ulari kamol topmoqda. Xalqimizning Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur, Pahlavon Mahmud, Sulton Vays, Nosiriddin Rabg‘uziy, Sulaymon Boqirg‘oniy, Bahouddin Valad va uning buyuk farzandi Jaloliddin Rumiy, Abulqosim Ali Xorazmiy, Ismoil Jurjoniy, Sirojiddin Sakkokiy, Munis, Ogahiy, Bayoniy, Safo Mug‘anniy, Chokar, Sheroziy, Hojixon, Bola baxshi, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Behbudiy, Usmon Nosir singari o‘nlab va yuzlab buyuk farzandlari ma’naviy merosining – abadiyatining xalqqa qaytarilishi mustaqil O‘zbekistonning eng yorqin yutuqlari qatoridan joy oldi. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, biron-bir jamiyat ma’naviy imkoniyatlari, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay hamda mustahkamlamay turib, o‘z istiqbolini tasavvur eta olmaydi. Urf-odatlar, an’analar, xalq og‘zaki ijodi, fan, adabiyot, san’at va boshqa ham ma’naviy meros tarkibida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q