Bir kuni...
Akutagava RYUNOSKE
Mitti fikrlar
DOSTOYEVSKIY. Uning romanlari iblisni ham ma’yus torttiruvchi masxaraomuz obrazlarga boy.
FLOBER. U meni zerikishdan ham go‘zallik topishga o‘rgatdi.
Edgar PO. Sfinksni yaratish uchun u anatomiyani o‘rgandi. O‘zidan keyingi avlodlarni hayratga sola olgani siri ham shunda.
TOLSTOY. Biryukov qalamiga mansub “Tolstoyning tarjimai holi”ni o‘qib, “Iqrornoma” va “E’tiqodim qanday?” asarlariga yolg‘on aralashganini payqaysiz. Lekin biror kimsaning yuragi ushbu yolg‘on muallifi Tolstoyning yuragichalik tepmagan. Uning yolg‘oni ba’zilarning haqiqatidan ko‘ra zalvorliroq, negaki, yurak qoni-la bitilgan.
IKKI FOJIA. Ochiqlik, ro‘y-rostlik Strindbergning fojiasi edi. Tolstoy hayotining fojeiyligi esa, qanchalik achinarli bo‘lmasin, yopiqligi, sirliligidadir. Shu bois uning umri Strindbergnikidan ko‘ra og‘irroq fojia bilan yakun topdi.
NOSIR. Eng yaxshi nosir – ko‘pni ko‘rgan, ko‘zi pishgan shoir.
GʻURUR. Biz o‘zimizda yo‘q sifat bilan faxrlanishni xush ko‘ramiz. Masalan, T. olmonchani yaxshi biladi, biroq ish stolida faqat inglizcha kitoblar turadi.
IQRORNOMA. Inson batamom iqror bo‘lishga qodir emas. Ayni choqda, iqrorsiz o‘zlikni to‘liq namoyon etish ham mahol. Russo harchand urinmasin, “Iqrornoma”sida dilidagini to‘liq to‘kib sololmaydi. Merime harchand ichki olamini sir pardasi ila yopmasin, “Kolomba”da bilib-bilmay o‘zi haqida gapirib yuborgandek. Iqror adabiyotini to‘liq ta’rif-tavsif etib bo‘lmaydi.
MEN. Menda vijdon emas, asab bor.
PUL. Yetib turganidanmi, unga befarqman.
ZOLIM. Zolimni zolim deb atash hammavaqt xavfli bo‘lgan. Bugunga kelib, ajabki, qulning qul ekanini ham aytib bo‘lmay qoldi.
QULLIK. Qullikdan ozod bo‘lish – ongdagi mutelikni yo‘qotish demak. Lekin jamiyatimiz uningsiz bir kun ham yashay olmaydi. Hatto Aflotunning “Respublika”sida ham qullikka o‘rin bor.
KUCHLI VA ZAIF. Kuchli odam dushmanidan emas, do‘stidan qo‘rqadi. U dushmaniga tap tortmay, mardona tashlanadi-yu, do‘stiga nogoh ziyon yetkazishdan cho‘chib, yosh bola holiga tushadi. Zaif kimsa esa do‘stdan emas, dushmandan qo‘rqadi, shu bois dardi-xayoli g‘animda bo‘ladi.
AXILLES. Yunon qahramoni Axillesning eng qaltis joyi – tovoni edi. Demak, Axillesning tovoni haqida bilmay turib, uni bilib bo‘lmaydi.
GINAXONLIK. Muso dedi: Nay chalib berdik, o‘ynamadingiz.
Ular dedi: Dardli qo‘shiqlar aytdik, yig‘lamadingiz.
O‘RTAMIYONALIK. O‘rtamiyona asar, har qancha mahobatli bo‘lmasin, xuddi darvozasiz uyga o‘xshaydi – eng oddiy talabga ham javob bermaydi.
MODDIY BOYLIK. Moddiy boylikdan mahrumlar ma’naviy boylikdan ham mahrumdir – ikki ming yil avval shunday edi. Hozir ahvol boshqacha – moddiy boylik egalari ma’naviy boylikdan mahrumdirlar.
BAHS. Qirqoyoq: “Qani yurib ko‘r-chi”. Kapalak: “Qani uchib ko‘r-chi”.
BOLALAR. Nega yosh bolalarni yaxshi ko‘ramiz? Chunki ular bizni aldamasligiga imonimiz komil.
TABIAT. Nechun tabiatni sevamiz? Negaki, tabiatga hasad begona.
IKIR-CHIKIRLAR. Hayotda baxtiyor bo‘lmoq uchun kundalik ikir-chikirlarni sevmoq lozim. Bulutning quyosh nurida tovlanishi, bambukning shiviri, chumchuqlar chug‘uri, o‘tkinchilar qiyofasi – bunday kundalik mayda-chuydalardan bahra ola bilmoq kerak. Shularni yaxshi ko‘rganlar ular tufayli qiynaladi ham. Baqato‘n qoplagan hovuzga sakragan baqa azaliy mung-anduhni buzdi. Biroq o‘sha baqaning o‘zi chuqur mung-anduhni his etgandir balki. Basyo hayoti aslida rohat-farog‘atga to‘la edi, biroq atrofdagilar nazdida u nuqul azob-uqubatda yashadi. Biz ham kichikkina narsadan huzurlanish uchun o‘sha kichkina narsadan azoblana bilmog‘imiz lozim. Kundalik ikir-chikirlar tashvishini chekmay baxtga erisholmaymiz. Bulutning yal-yal tovlanishi, chumchuqlar chug‘ur-chug‘uri... va shular osha jahannam azobini ham ko‘rmoq lozim.
“Huzurbaxsh azob, quvonchbaxsh g‘ussa”
“Tafakkur” jurnali, 2016 yil 4-son
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q