Bilasizmi?
Matbuot – turli davlat va nodavlat tashkilotlar, idoralar, harakatlar, birlashma va markazlar, shuningdek, ixtisoslashgan va o‘z litsenziyasiga ega bo‘lgan xususiy va yuridik shaxslar tomonidan chop etish vositasida obuna va erkin savdoga chiqarish orqali aholi o‘rtasida tarqatiladigan, turli-tuman mavzularni qamrab oladigan OAV. Gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, axborot agentliklari, TV (kabelli, efir-kabelli TV) va radioeshittirishlar, hujjatli kino, elektron axborot tizimi, shuningdek, doimiy nomga ega bo‘lgan, davlat tasarrufidagi, mustaqil va boshqa ommaviy davriy nashrlar shular jumlasidandir. OAV qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilovalar nashr etishi mumkin. Matbuot keng ma’noda, barcha bosma mahsulotlar majmuini, tor ma’noda, davriy nashrlar, asosan, gazeta va jurnallarni ifodalaydi. Matbuot ijtimoiy ongning o‘tkir va ta’sirchan vositasi sifatida kishilik jamiyatiga doimiy va faol ta’sir ko‘rsatadi, jamoatchilik fikri va ma’naviyatini shakllantiradi, omma ongiga muayyan qarashlarni singdirishning qudratli g‘oyaviy omili hisoblanadi. Matbuot jamiyat hayotini turli (ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ishlab chiqarish, ilmiy-texnikaviy va boshqa) yo‘nalishlarda yoritadi. Matbuot XV asrning o‘rtalarida Yevropada tarkib topgan. Qariyb 5 asr mobaynida (OAVning boshqa turlari – radioeshittirish va TV paydo bo‘lguniga qadar) kishilar bilan ommaviy muloqotning, bilim va g‘oyalar tarqatishning asosiy vositasi sanalgan. Dastlabki bosma nashrlar kitob, risola va varaqalardan iborat bo‘lgan, XVII asrning boshlarida gazetalar, keyinroq esa jurnallar tashkil topgan; XIX asrning o‘rtalarida matbuot agentliklari vujudga kela boshlagan.
XX asrda ommaviy axborotning radioeshittirish va TV singari turlarining paydo bo‘lishi va taraqqiy etishiga qaramay, matbuot hamon jamiyatdagi o‘z o‘rni va mavqeini kengaytirib, ijtimoiy-siyosiy hayot va faoliyatning barcha sohalariga doimiy va samarali ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Tarixiy rivojlanish jarayonida matbuotning xususiy shaxslar, ijtimoiy guruhlar (siyosiy oqimlar, partiyalar, kasaba uyushmalari, madaniy-ma’muriy tashkilotlar va boshqa), hissadorlik jamiyatlari, hukumat muassasalari va boshqa tomonidan ta’sis etilgan va ularning maqsadlariga xizmat qilgan qator turlari vujudga keldi. Matbuot qaror topgan dastlabki paytlarda Yevropada cherkov diniy mafkurani targ‘ib qilishda bosma kitoblardan, varaqalardan keng foydalandi. Jamiyat ma’naviy hayotiga cherkov ta’sirining tobora cheklanishi zaminida dunyoviy matbuot tarkib topdi va keng rivojlana boshladi. Ilg‘or ijtimoiy tuzum, demokratik tartiblar o‘rnatish uchun kurashda taraqqiyparvar matbuotning xizmati katta bo‘ldi. O‘zbekistonda matbuot XIX asrning 2-yarmida tarkib topdi. Toshkentda 1870 yilda o‘lkadagi mustamlakachi hukmronlar tashkil etgan “Туркестанские ведомости” va “Turkiston viloyatining gazeti” Markaziy Osiyodagi matbuotning ilk namunalari hisoblanadi. Turkistonda dastlabki taraqqiyparvar milliy gazetalar 1905–07 yillardan faoliyat ko‘rsata boshladi (“Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” va boshqalar). Ularning yo‘lini XX asrning 2-o‘n yilligida chop etilgan “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona”, “Najot” gazetalari, “Oyina” jurnali davom ettirdi. Milliy nashrlar Turkistonni savodli, ma’rifatli, taraqqiyotga erishgan, obod, mustaqil diyorga aylantirish g‘oyalarini targ‘ib qildilar, 1917 yildan so‘ng, sobiq ittifoq tarkibidagi barcha ittifoqdosh respublikalarda bo‘lganidek, O‘zbekistonda ham yangi siyosiy yo‘nalishdagi partiya-sovet matbuotining ko‘p tarmoqli tizimi qaror topdi. Umumdemokratik qoidalarga zid ravishda matbuotning shakllanishi va rivojlanish jarayoni yakkapartiyaviylik – kommunistik partiyaning mutlaq yakkahokimligi sharoitida kechdi. Gazeta, jurnallar, kitoblar qiyofasi, yo‘nalishi shu hukmron partiya rahbariyati ko‘rsatmalari asosida belgilandi. Yangi davr O‘zbekiston matbuoti taraqqiyotida ham sifat jihatidan butunlay yangi – demokratik rivojlanish bosqichi boshlandi. Endilikda tashkilotlar, partiyalar, uyushmalar, ayrim jamoalar, fuqarolar ham matbuot nashrlarini ta’sis etish huquqiga ega bo‘ldi. “Taraqqiy” gazetasining 1-soni chiqqan 27 iyun (1906) sanasi O‘zbekistonda matbuot va OAV xodimlari kuni sifatida nishonlanib keladi (1993 yildan). O‘zbekiston matbuotiga doir masalalar asosan “O‘zbekiston Matbuoti” jurnalida yoritiladi.
Matbuot erkinligi – so‘z, shaxs, vijdon erkinligi singari siyosiy huquqlardan biri bo‘lib, matbuotning erkin faoliyat ko‘rsatishini, kishilarning matbuotda o‘z fikr-mulohazalarini to‘siqlarsiz ifoda eta olishini ifodalaydi. Matbuot erkinligi matbuotning mohiyatini, uning jamiyat hayotidagi o‘rnini belgilaydi. Siyosiy jihatdan matbuot erkinligi demokratiya ko‘rinishlaridan biri sifatida qaraladi. “Erkinlik” so‘zi har qanday to‘siq, monelik va shu kabilardan xoli bo‘lish, mustaqillik, ozodlik ma’nosini anglatadi. Shu bilan birga, erkinlik – anglangan zaruratdir: inson o‘z oldida turgan tarixiy, iqtisodiy, siyosiy zaruratni anglab yetgandagina tom ma’noda erkin bo‘ladi, erkin fikrlay oladi. Matbuot erkinligi ham ana shunday xususiyatga ega, ya’ni jamiyat taraqqiyotiga, uning qonuniyatlariga javob beradigan matbuotgina erkin matbuotdir. Jamiyat taraqqiyotining bosh masalalarini teran anglab yetgan holda faoliyat yuritadigan jurnalistgina erkindir. Matbuot erkinligi uch asosga: ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy negizlarga tayanadi. Matbuot erkinligining ijtimoiy-siyosiy asosi matbuotning qanday ijtimoiy borliq va tuzumda faoliyat ko‘rsatishi, ijtimoiy ongning qanday ko‘rinishi ekani, qanday mafkura va g‘oyalarga xizmat qilishida namoyon bo‘ladi.
Matbuot erkinligining iqtisodiy asosi esa matbuot nashrlari va OAVning kim tomonidan, qanday mablag‘ evaziga chiqarilishi bilan bog‘liq. Matbuot erkinligining ma’naviy asosi esa uni chiqarayotgan shaxs, guruh, unda xizmat qilayotgan jurnalistlarning ruhiyati, dunyoqarashi, e’tiqodi bilan bog‘liq. Yuksak ma’yatli, e’tiqodli, insoniyat, jamiyat oldidagi mas’uliyatini chuqur anglab olgan, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga xizmat qiluvchi, ezgulikka intiluvchi jurnalist doimo erkin bo‘ladi. Aksincha, qoloq, qotib qolgan tushunchalar, aqidalar asosida va boshqa maqsadlar yo‘lida xizmat qiluvchi jurnalist hech qachon ruhan erkin bo‘la olmaydi. Matbuot erkinligi muammosi matbuot paydo bo‘lganidan buyon mavjud bo‘lib, turli jamiyatda turlicha hal etib kelingan. Matbuot vujudga kelgan ilk davrlardayoq uning erkinligini ta’minlashga ehtiyoj paydo bo‘lgan. Taraqqiyparvar kuchlar o‘z fikr va qarashlarini erkin bayon etish uchun Matbuot erkinligini talab qila boshlaydi. XVII–XVIII asrlarda Fransiya, Angliya kabi mamlakatlarda yuz bergan inqilobiy voqealar davridagi matbuot erkinligi uchun kurash bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Angliyada yashab ijod etgan Jozef Addison, Richard Stil, Fransiyada Kamil Demulen, Jan Pol Marat va boshqa taraqqiyparvar jurnalistlar o‘z asarlarida xalq ommasining fikr va tuyg‘ularini ifoda etib, matbuot erkinligi uchun kurashgan.
XX asr boshida Turkistonda vujudga kelgan jadid matbuoti namoyandalari ham mustamlakachi chor hukumatining matbuot erkinligi borasidagi qattiq zulmiga qarshi chiqqan edi. Bu davrda matbuotda ishlab, publitsistika sohasida ijod qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy kabi ma’rifatparvarlar chor Rossiyasining siyosatiga qarshi chiqib, erkin milliy matbuotni shakllantirish va rivojlantirish g‘oyasini ilgari surib, uni amaliyotga joriy etishga harakat qilganlar. O‘zbekistonda mustabid tuzum davrida matbuot erkinligi “ta’min etilgan” bo‘lsa-da, amalda butun Ittifoqda bo‘lgani kabi, yurtimizda ham jurnalistlar faoliyati partiyaviy nazoratning qattiq iskanjasiga olingan va uning mafkurasiga xizmat qilishga majbur edi. Mustaqillikni qo‘lga kiritib, demokratik va huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidan borayotgan mamlakatda matbuot erkinligi siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy asoslari kafolatlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasida “OAV erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”, deya qayd etilgan. Matbuot erkinligining ijtimoiy-siyosiy va huquqiy asoslari qabul qilingan qonunlarda o‘z ifodasini topgan.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q