Mas’uliyat


Saqlash
19:07 / 11.07.2023 0 14021

Mas’uliyatma’naviy, ijtimoiy va ma’muriy-huquqiy sohalarda keng qo‘llaniladigan tushuncha; ma’naviyat nuqtai nazaridan yondashilganida burch; ijtimoiy ma’noda jamiyat va boshqa oldidagi ma’naviy qarzdorlik; ma’muriy jihatdan, ijtimoiy tartibga solishning turli me’yorlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi jamoatchilik nazoratining namoyon bo‘lishi; huquqiy yondashuvda esa asosan yuridik javobgarlikni anglatadigan serqirra va keng ma’noli kategoriya. Mas’uliyat muammosiga fanda azaldan erkinlik va zarurat kategoriyalarining o‘zaro nisbati, shaxs xulq-atvori va faoliyatining ma’naviy-axloqiy jihati nuqtai nazaridan yondashib kelinadi. Shu ma’noda mas’uliyat tushunchasi falsafiy, axloqiy, psixologik, yuridik, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga xos ko‘plab masalalarning murakkab majmuini qamrab oladi. Bu hol inson va ijtimoiy borliq mohiyatining murakkabligi va rang-barangligi bilan belgilanadi. Har qanday odam o‘zi uchun muhim biron bir maqsadga erishish yo‘lida harakat qilish usulini tanlashda o‘z tabiatiga ko‘ra erkin ekaniga qaramay, uning shaxsiy hayoti butun jamiyat hayoti, boshqalar oldidagi mas’uliyati bilan uzviy bog‘liqdir. Jamiyat esa o‘z-o‘zini asrash va rivojlanish uchun muayyan ichki tartibni shakllantirib, o‘z a’zolarining nomaqbul qilmishlarini amalda cheklashga majbur. Shunday qilib, odamlarning xulq-atvor me’yorlari bilan mas’uliyati uzviy aloqadadir.

 

Bu holat jamiyatning barcha a’zolari birbiri va jamiyat oldida ma’lum majburiyatlarni ongli yoki ongsiz ravishda qabul qilishi, shuningdek, zarur hollarda ularni ro‘yobga chiqarishga tayyorligida namoyon bo‘ladi. Tarixdan ma’lumki, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari barqaror va mas’uliyatli bo‘lmasa, jamiyat izchil rivojlanishi va taraqqiy etishi mumkin emas. Bu masala hozirgi dunyoda yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mas’uliyatga axloq va huquq kategoriyasi sifatida ta’rif berilganida u shaxsning jamiyatga nisbatan o‘z ma’naviy burchi va huquqiy me’yorlarni bajarishi bilan tavsiflanuvchi alohida ijtimoiy va axloqiy-huquqiy munosabatni aks ettiradi. Shu nuqtai nazardan mas’uliyat boshqaruv qarorlarini qabul qilishda davlat hamda jamiyat manfaatlarining anglanish darajasidir. Ba’zi bir asarlarda mas’uliyat shaxs xulq-atvori ustidan ijtimoiy nazoratni amalga oshirish shakli, pirovard natijaning ko‘zlangan maqsadga, boshqaruv sub’yektining siyosiy, yuridik, ijtimoiy va boshqa munosabatlarining obyekt bilan muvofiqligi mezonlari, bajarilgan ish uchun tashkilot, davlat va jamiyat oldida javob berish qobiliyati, rahbarning kasbiy, shaxsiy va ishbilarmonlik fazilatlari omili, uning faoliyat uslubi, boshqaruvni rag‘batlantirish va uning samaradorligi omili sifatida ta’riflanadi. Texnologik tusga ega talqinda boshqaruv jabhasidagi mas’uliyat – bu hokimiyat organi, uning rahbari va xodimlari qonuniy qabul qilingan xizmat faoliyati, xulq-atvor me’yorlari, qoidalari va tartib-taomillarini tan olishi, ularga rioya qilishi, o‘z harakatlari yoki harakatsizligi natijasi uchun javob berishini ifodalovchi tushunchadir. Mas’uliyatning asosiy funksiyalarini yoritishda uning rivojlanish jarayoni insonning ham ichki dunyosi, ham tashqi muhit bilan bog‘liq ekaniga e’tiborni qaratish lozim.

 

Insonning ichki rivojlanishi jamiyatga va uning mo‘ljallariga munosabatini belgilaydi. Tashqi muhit esa mavjud odatlar, an’analar, axloq qoidalari va davlat majburlovi yordamida uning xulq-atvorini tartibga soladi. Bunday talqinda ijtimoiy mas’uliyat sudlanish, ma’muriy yoki jinoiy jazoni qo‘llash tahdidi ostida o‘z xulq-atvorini mavjud ijtimoiy me’yorlar, ijtimoiy maqsadlar va qonunlarga muvofiqlashtirish zarurligini ixtiyoriy (ba’zan majburiy) qabul qilish tarzida amal qiladi. Bu, avvalo, inson jamiyat va uning qonunlaridan tashqarida mavjud bo‘la olmasligi bilan belgilanadi. Shaxs umume’tirof etilgan normalarni qabul qilmagan yoki buzgan taqdirda mas’uliyat mazkur jamiyatning yaxlitligini saqlash maqsadini ko‘zlovchi tartibga solish omili sifatida xizmat qiladi. Mas’uliyatning mazkur tartibga solish funksiyasi nafaqat shaxsga, balki har qanday – rasmiy va norasmiy ijtimoiy tuzilmalarga nisbatan ham amal qiladi. Bunday tashkilotlarga nisbatan mas’uliyat darajasi davlat va mahalliy boshqaruvning amaldagi normalari, qonun va qoidalariga rioya etilishi bilan belgilanadi. Zotan, jamoatchilik hozirgi tashkilotlardan nafaqat yuksak moddiy natijalarni namoyish etishni, balki jamiyatning ijtimoiy maqsadlari nuqtai nazaridan ham katta yutuqlarga erishishni talab qiladi. Mas’uliyatning yana bir muhim funksiyasi – gnoseologik yoki bilish – tadqiq etishdan iborat. U ishonchli bilimni hamda yangi texnologiyalar, fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishning jamiyat uchun ijtimoiy muhim natijalarini ta’minlaydi. Ijtimoiy mas’uliyatning bu funksiyasi roli kelgusida, ayniqsa, dunyo miqyosida davom etayotgan jamiyatning ijtimoiylashuv jarayonlari munosabati bilan izchil ortib boradi. Mas’uliyatning asosan umumdavlat ahamiyatiga molik qarorlar qabul qilish faoliyatiga daxldor ixtiyoriy-boshqaruv funksiyasi gnoseologik funksiya bilan uzviy bog‘liq. Bu funksiya noaniq yoki favqulodda vaziyatda, shuningdek, vaqt tanqis bo‘lgan sharoitda qaror qabul qilish lozim bo‘lgan hollarda alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Mas’uliyat murakkab va ko‘p darajali hodisa bo‘lib, u shaxs xulq-atvori ustidan ijtimoiy nazorat va o‘z-o‘zini nazorat qilish shakli sifatida ta’riflanishi ham mumkin. Shu jihatdan mas’uliyat chorasi pirovard natijaning ko‘zlangan maqsad bilan o‘zaro nisbati, shuningdek, boshqaruv subyektining obyekt oldidagi majburiyati bilan bog‘liq. Ayni vaqtda, mas’uliyat – bu har bir kishining kasbiy, shaxsiy va ishchanlik fazilatlari, uning faoliyat uslubi xususiyati, mehnatining rag‘batlantiruvchi va samaradorlik omilidir. Mas’uliyat shaxs maqomining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, u, o‘z navbatida, insonning davlat va jamiyatdagi o‘rni va rolini tavsiflaydi, uning davlat va jamiyat bilan o‘zaro munosabatlarini belgilaydi. Bunda shaxs faoliyatining samaradorligi huquqlar, majburiyatlar va mas’uliyatning aniq va to‘liq belgilanganiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Ayni vaqtda, bu faoliyat natijalari uchun mas’uliyat shaxsning majburiyatlari, huquqlari, uning harakatlari samaradorligiga baho berish mezonlarining belgilanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Bularning barchasi mas’uliyat insonning burch va huquqlari bilan bevosita bog‘liqligidan dalolat beradi. Ular bir-birini taqozo etadi va jamuljam holda har bir insonning jamiyatdagi o‘rni va maqomini belgilab beradi. Jamiyatning turli institutlari, ularning ijtimoiy tartib va jamiyatning yashovchanligini qonun kuchi bilan ta’minlashga burchli bo‘lgan xizmatchilari zimmasiga yuklatilgan mas’uliyat alohida ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan boshqaruv xodimlari jamiyatga qarab mo‘ljal oluvchi shaxslar sifatida shakllanadi. Bunda jamiyat va davlat ta’sirida xizmatchilarning muayyan ijtimoiy intizomi va javobgarligi (siyosiy, huquqiy, axloqiy mas’uliyat) shakllanadi. Boshqarish tizimida mas’uliyat muammosi davlat va fuqarolik jamiyatining ichki jarayonlari bilan uzviy bog‘liq. Milliy davlatchilikni mustahkamlash, islohotlarni izchil davom ettirish, jamiyatda barqarorlikni ta’minlash lozim bo‘lgan hozirgi sharoitda turli jabhalardagi jarayonlarda mas’uliyatni oshirishning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bu jarayonda mas’uliyat, avvalo, samarali davlat va mahalliy boshqaruv hamda kadrlar bilan ishlash siyosatini olib borishning muhim omili namoyon bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 150
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 401
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218768
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104500
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34241
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27323
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26601
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25231
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24913
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21795
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//