Latofat


Saqlash
22:07 / 05.07.2023 0 901

Latofat (arabcha jozibadorlik, yoqimlilik, muloyimlik) – ma’naviy fazilat bo‘lib, uning sohibi har qanday davra yo jamoaning ko‘rki, odobi, kiyinish madaniyati, ozodaligi, muloyim tabiati, har bir suhbatdoshiga iltifot bilan murojaat etishi kabi qator xislatlari o‘zida mujassam etadi. Latofat qizlar ismi sifatida ham keng tarqalgan bo‘lib, asosan ayollarga nisbatan qo‘llanadi. Latofatli ayol bu, avvalo, go‘zal, yoqimli va jozibador bo‘ladi. Uning o‘ziga jalb etuvchanligi, o‘zgalarning e’tiborli nazari, avvalo, qiyofasidan, xatti-harakati, o‘zini tutishidan seziladi. Ana shu tashqi jozibadorlikka nutqi, lafzining chiroyliligi, muloyimligi va ma’nodorligi ham qo‘shilsa, ijobiy taassurot yanada kuchayadi. Ayni chog‘da qiyofasi yoqimli, nozik ko‘ringan ayrim shaxslar, xususan, ayollarning ichki qiyofasi g‘arib, lafzi va fikri tuturuqsiz, betayin bo‘lishi ham mumkin. Bunday odamlarni odatda xalqimiz “Usti yaltiroq, ichi qaltiroq”, “O‘zini ko‘ru, so‘zini ko‘r” kabi hikmatli iboralar bilan bahosini beradi.

 

Latofat so‘zi latif so‘zi bilan o‘zakdosh va ayni paytda ma’nodosh hamdir. Kitobiy tilda, badiiy adabiyotda yoqimlilik, mayinlik, iltifot va jozibadorlikni latif shaklida ishlatish ko‘proq uchraydi. Ayniqsa o‘ta nozik, juda yoqimli davra yo hodisalarni latif davra, latif kecha, latif suhbat yo latif manzara deya qo‘llash insonning o‘sha davra yo hodisadan benihoya qattiq ta’sirlanganini anglatadi. Tarixiy va badiiy adabiyotlarda shahar va manzillarga, xususan, Qo‘qon shahriga shunday sifat berib, Ho‘qandi latif deb atalgan. Bu Qo‘qon shahrining azaldan xushmanzara, nozik hunarlarga boy, didi, ta’bi baland kishilar manzili bo‘lganini anglatuvchi shahar ekaniga ishoradir. Darhaqiqat, Qo‘qonda o‘nlab hunarmandlik sohalarining taraqqiy etgani, xalqning san’atsevarligi, ko‘plab olimu fuzalo, shoiru adiblarning yetishgani va uzoq davrlar o‘z adabiy muhiti, san’ati, go‘zalligi bilan O‘rta Osiyo hududida shuhrat topgani uchun u shunday sifatga sazovor bo‘lgan. Demak, “latofat”, “latiflik” tushunchalari, avvalo insonga, davra-jamoaga, shahar-manzilga nisbatan ijobiy taassurot, yaxshi munosabat ifodasi sifatida qo‘llansa, ikkinchidan ayol go‘zalligi, uning tashqi va ichki chiroyi jozibadorligi belgisi hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Hikmat

10:07 / 03.07.2025 0 137
Armon bobo

Bilasizmi?

16:07 / 02.07.2025 0 107
Yelib keldi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 563
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 527
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 225780
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 108281
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55926
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 41310
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 40622
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31903
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30992
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30667
Alpomish

//