Ko‘rolmaslik


Saqlash
21:07 / 04.07.2023 0 1553

Ko‘rolmaslik – o‘zgalarning muvaffaqiyati, yaxshi yashashidan kuyinish, ularga hasad va g‘araz bilan qarashni ifoda etadigan tushuncha. Xalqimizda bunday insonlar haqida “Bor bo‘lsang – ko‘rolmaydi, yo‘q bo‘lsang – berolmaydi”, “Ko‘rganning ko‘zi to‘q, ko‘rolmasning oromi yo‘q” kabi maqollar bor. Ko‘rolmaslik so‘zining jonli tilda hamda badiiy asarlarda ko‘p qo‘llanadigan ma’nodoshi hasaddir. Hasad va hasadgo‘ylik diniy didaktik asarlarda eng yomon xulqlardan biri sifatida ta’riflanadi. Hadislarda “Hasad qiluvchilar, so‘z yurituvchilar, g‘aybdan xabar berguvchilar mendan, men ham ulardan emasman”, “Mo‘min havas qilur, munofiq esa hasad qilur”, deyiladi. Hasad, ko‘rolmaslik – munofiq odamlarga xos bo‘lib, inson tabiatida chuqur ildiz otadigan badbin hodisa. Shuni nazarda tutib Husayn Voiz Koshifiy “Hasad balosi ulkan fasodlar paydo qilur. Chunki hasad bag‘oyat jirkanch xislatdir”, deydi. Qadimgi yunon faylasufi Arastu “Dunyoda hammadan ko‘ra hasadgo‘yning yuki og‘irdir, chunki u bechora atrofidagi barcha odamlarning qayg‘usini o‘z ustiga yuklab yuradi”, deb aytadi. Alisher Navoiy hasadni kasallik, hasadgo‘yni esa dardi bedavo bemor deb biladi: “Hasud bemor, balki muhlik marazg‘a giriftor”. Hasadgo‘y odam hamkasblarining muvaffaqiyati ortgani sari, ularga havaslanib izlanish, intilish o‘rniga ko‘rolmaganidan yomonlik qilishni, zarar yetkazishni o‘ylaydi. Nima qilib bo‘lsa ham ularning nomini bulg‘ashga, g‘iybat, bo‘hton, fitna-fasod bilan badnom etishga harakat qiladi. Abdulla Avloniy “Hasad axloqi zamimalarning (yaramas xulqlarning) eng zararligidur” deb, unga quyidagicha ta’rif beradi: “Hasad deb bir odamga janobi Haq tarafidan berilgan ne’mat va davlatning zavolini tilamakni aytilur. Gʻiybat, bo‘hton, suizan (haqorat) kabi yomon xulqlar hasaddan tug‘ilur”. Demak, hasad, ko‘rolmaslik inson ma’naviyatini tubanlashtiruvchi, uni jamiyatdan ajratuvchi, ruhiy va jismoniy xastalikka boshlovchi illatdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Hikmat

10:07 / 03.07.2025 0 138
Armon bobo

Bilasizmi?

16:07 / 02.07.2025 0 111
Yelib keldi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 565
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 530
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 225788
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 108286
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55926
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 41311
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 40622
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31905
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30993
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30669
Alpomish

//