Ko‘ngilchanlik


Saqlash
20:07 / 04.07.2023 0 1064

Ko‘ngilchanlik – inson tabiatidagi muloyimlik, yumshoq fe’llik, rahm va shafqatlilik sifatlarini ifoda etadigan atama. Ko‘ngli yumshoq odam jahlga, zo‘rlik va zo‘ravonlikka berilmaydi. Ko‘ngilchan inson rahmdil, xushmuomala, bag‘rikeng, marhamatli bo‘ladi. Ular halim kishilar deb ataladi. Ko‘ngilchanlik axloqiy fazilatlarning eng muhimlaridan sanaladi. Hilm haqida mumtoz asarlarda ta’rifu sifatlar ko‘p uchraydi. Hadislarda “Hilm xulqlarning sayyididur”, “Har bir ish muloyimlik bilan qilinsa, ro‘yobga chiqishi aniq va ravshandir”, deyiladi. Hazrat Alisher Navoiy “Mahbub-ul qulub” asarida hilm, ya’ni ko‘ngli yumshoqlik haqida maxsus to‘xtaladi. “Hilm zikrida” deb nomlangan bobda “Hilm inson vujudining fa vokihlig‘ bog‘idir; odamiylik olamining javohirlig‘ tog‘i. Hilmni havodis daryosida kishilik kemasining langari desa bo‘lur va insoniyat mezoni toshig‘a nisbat qilsa bo‘lur” (ya’ni, ko‘ngli yumshoqlik inson vujudining mevali bog‘i, odamgarchilikning asl javohirlarga boy tog‘i. Ko‘ngli yumshoqlikni hodisalar dunyosida kishilik kemasini boshqaruvchi langar cho‘pi deyish mumkin va insoniylikni o‘lchovchi, belgilovchi toshga qiyoslasa bo‘ladi), deyiladi mazkur asarda. Bunday ta’riflarni axloq-odob mavzusida yaratilgan barcha mumtoz asarlarda uchratish mumkin. Masalan, Abdulla Avloniy ko‘ngilchanlikni insonning eng muhim fazilati sifatida ta’kidlaydi: “Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur. Nafsning rohati, qalbning matonati, fikrning salomati, vijdonning halovati halim tabiat bo‘lmoq ila hosil bo‘lur. Chunki halim kishilar har qancha quvvat va qudrat sohibi bo‘lsa ham o‘zidan ojiz kishilarga shiddat ila muomala qilmas. Fikri salomat kishilarning qalbi halim, tab’i karim o‘lur”. Ayni paytda ko‘ngilchanlik, muloyimlik me’yorida bo‘lmog‘i lozim. U yomonlik, adolatsizlikka nisbatan e’tiborsizlik yoki loqaydlikka sabab bo‘lmasligi kerak. Aks holda bunday ko‘ngilchanlik, anqovlik, jur’atsizlikka yo‘yilib, nojoiz ishlarning kuchayishiga, jamiyatda ma’naviy muhitining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:03 / 19.03.2026 0 297
Oʻzbekistonga yashirincha kelgan yevropalik sayyoh

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 272
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?

Bilasizmi?

17:02 / 23.02.2026 0 622
Nega 23-fevral emas, 14-yanvar?

Bilasizmi?

12:02 / 16.02.2026 0 366
Boqiylik formulasi: Qadimgi Misr mumiyolash sirlari

Bir kuni...

11:02 / 05.02.2026 0 543
Kelajak bor



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 233078
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 112804
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 65602
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 55341
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 49706
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39146
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 38262
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 37077
“Avesto”

//