Bilasizmi?
Komil inson – milliy g‘oyaning asosiy tamoyillaridan biri. Komil inson g‘oyasi va uni amalga oshirishga bo‘lgan intilish insoniyat sivilizatsiyasining ma’no-mazmunini tashkil qiladi. Komil inson haqidagi ta’limot insonning ma’naviy, axloqiy, intellektual va jismoniy nuqtai nazaridan yetuklik darajasiga ko‘tarilishini ko‘zda tutadi. Yurtimizda komil insonni voyaga yetkazish masalasiga azaldan katta e’tibor bilan qaralgan. Shuning natijasi o‘laroq tariximizda o‘zining ma’naviy fazilatlari, jismoniy imkoniyatlari bilan jahon ahlini hayratga solgan buyuk barkamol insonlar ko‘plab yetishib chiqqan. Ular qoldirgan boy ilmiy, ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy meros xalqimizning bebaho mulkiga aylangan. Masalan, Abu Ali ibn Sino buyuk qomusiy olim sifatida tibbiyot, matematika, astronomiya, fizika, kimyo, biologiya, dorishunoslik, ruhshunoslik (psixologiya), fiziologiya, filologiya, falsafa, axloq, estetika va jismoniy tarbiya kabi ko‘plab fanlarning yetuk bilimdoni bo‘lgan. Uning asarlari nafaqat O‘rta Osiyoda, balki butun Sharq hamda Gʻarb mamlakatlarida ham hurmat bilan tilga olingan va mutolaa qilingan. Ko‘plab tarixiy asarlarda qayd etilishicha, Ibn Sino 20–25 yoshidayoq qomusiy olim sifatida shuhrat qozongan. Shu jihatdan yondashib, bu ulug‘ ajdodlarimiz tom ma’noda komil inson bo‘lgan deyish mumkin. Yana bir buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy bir qit’asida "Kamol et kasbkim" deya da’vat qilganida komil inson uchun zarur bo‘lgan ko‘p xususiyatlarni egallashni nazarda tutgan. Alloma bobolarimiz qayd etganlaridek, inson o‘zini hirs, ta’ma, nafs, g‘aflat, nodonlik, yovuzlik kabi illatlardan poklamasa, u hech qachon komil inson bo‘la olmaydi. Alisher Navoiy komil insonni ahli ma’ni kishilar deb bilgan. Ahli ma’ni – fikrli odamlar, degan ma’noni anglatadi. Fikrsiz xaloyiqning ongida ma’ni chuqurligi bo‘lmaydi. Fikrlash haqiqatni anglashga intilishni ifodalaydi. Hamma ham chuqur va mantiqli fikrlash, mustaqil mushohada yuritish qobiliyatiga ega emas, shuning uchun barcha ham komil inson bo‘la olmaydi. Komil insonda, avvalo axloqiy ong rivojlanadi, odam va olam taqdiriga vijdon bilan qarash qobiliyati shakllanadi.
Komil insonlar guruhiga oqil va dono, kamtar va olijanob, haqiqatparvar va fidoyi zotlarni kiritish mumkin. Bunday fazilatlarga ega bo‘lgan kishilar yuksak darajada mushohada yuritish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ularda aql oddiy so‘z va tushunchalardan emas, balki diyonat, adolat, imon, ishq, dard kabi fazilatlar mujassamidan tashkil topadi. Alisher Navoiy komil inson g‘oyasiga o‘z asarlarida qayta-qayta murojaat qilgan. Uning "Hayratul-abror" dostonida yetuk shaxsning ma’naviyatidagi ezgulik, saxovat, soflik, hayo, muruvvat, andisha, adab, kamtarlik, sadoqat, qanoat, rostgo‘ylik, insof, adolat, bag‘rikenglik singari fazilatlar ta’riflanib, ruhiy kamolot yo‘llari tahlil etilgan. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har qanday jamiyatda komillikning eng asosiy byelgisi insonning ezgulikka, ijtimoiy baxt-saodatga, insonparvarlik g‘oyalariga munosabatida hamda ularga asoslangan amaliy faoliyatida namoyon bo‘ladi, ya’ni jamiyatning umumiy rivojiga, insoniyat sivilizatsiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan komillik mezoni shaxsning barkamolligi orqali jamiyatni farovon qilishdan iborat bo‘lgan. Insondagi komillik, eng avvalo uning fikr, tafakkur va amaliy faoliyat erkinligini anglashidadir. Shu ma’noda, buyuk yunon faylasufi Suqrotning "O‘z-o‘zingni angla", degan da’vati ham insonning nasl-nasabini, hayot mazmunini, kishining kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat va majburiyatini anglashga qaratilgan chaqiriqdir. Komil insonning mohiyati, avvalo, jamtni barkamol qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarda namoyon bo‘ladi. Komil inson va jamiyat munosabatlarida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ikki jarayonni ko‘rish mumkin. Birinchisi, komil insonning jamiyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir qilishi. Komil inson g‘oyasining mavjudligi va u bilan bog‘liq amaliyot jamiyat rivojlanish darajasini belgilaydigan mezon sifatida namoyon bo‘ladi. Chunki, biz har qanday jamiyatni unda yashayotgan kishilarning xatti-harakatiga qarab baholaymiz. Ikkinchisi, jamiyatning xarakteri, uning komil insonni tarbiyalash borasidagi imkoniyatlarida, unga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladi. Ya’ni, erkinlik, mustaqillik komil inson g‘oyasini amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoit yaratadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda komil insonni tarbiyalash uchun ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy, tashkiliy vazifalar davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q