Bilasizmi?
Kitob – 1) bilim, ma’naviyat va ma’rifat manbai; 2) insonni ulug‘laydigan, unda ma’naviyat va ma’rifat asoslarini shakllantiradigan, uni komil qilib tarbiyalaydigan kuch, u dunyo va bu dunyoni tanitish manbai. Biz o‘zligimizni, dunyoni, olam va odam munosabatini kitob orqali bilib olamiz. Bosmaxonalar vujudga kelgunga qadar qadimiy Turon zaminida kitoblar kotiblar tomonidan ko‘chirilgan. Yuksak mahoratli xalq musavvirlari ularni moʻjaz rang-tasvir asarlari miniatyuralar bilan bezatishgan. Ularning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan san’ati beqiyos edi. Ammo yillab ko‘chirilishi sababli bunday kitoblar narxi baland bo‘lib, ularni asosan tor doiradagi sarmoyador kishilar sotib olishar edi. O‘rta asrlarda, kitob bosish texnikasi hali ixtiro etilmagan vaqtda har qanday asar qo‘lda ko‘chirilib, kitob qilingan. Bu hunar egalari tarixda xattot yoki kitobatchi nomi bilan mashhur bo‘lgan. Bu kasb eng sharafli va muqaddas hisoblangan. Kotibning savodli ekani uning qadrini yuqori darajaga ko‘targan. Xattot kitobni ko‘chirish jarayonida uning mazmunini o‘zlashtira borgan. Natijada kotib o‘z zamonasining o‘qimishli, ilm-ma’rifat egalari qatoridan joy olgan. Arab yozuvida kitobat qilingan qo‘lyozmalar tufayli biz ota-bobolarimiz yaratib qoldirgan madaniy merosdan bahramand bo‘lmoqdamiz. Shu bebaho manbalar tufayli Markaziy Osiyo xalqlari jahon madaniyati taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan. Ma’lumki, Buxoro, Xiva, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent xattotlik maktablari qadimda mashhur bo‘lgan. Faqat XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Buxoroda 75 ta, Samarqandda 22 ta, Xivada 47 ta, Toshkentda 25 ta, Farg‘onada 38 ta mashhur va taniqli xattot bo‘lib, ular xalqimiz yaratgan asl ilmiy va ma’rifiy durdonalarni bizga kitob xolida qoldirishgan. Turkistonda nashr ishlari O‘rta Osiyo chor Rossiyasi tomonidan bosib olinganidan so‘ng boshlangan. Bu davrgacha o‘lkada bosmaxona ham, litografiya (toshbosma) ham bo‘lmagan. Adabiyotga bo‘lgan ehtiyoj esa Turkistonga tashqaridan kirib qolgan ayrim sharqiy toshbosma qo‘lyozmalar bilan qondirilgan, xolos. Rossiyada arab, fors va turkiy tillardagi kitoblarni bosish XVIII asrning 20-yillaridan boshlandi. Musulmon (arab) yozuvidagi birinchi rus bosmaxonasi 1723 yili Astraxanda paydo bo‘ladi, so‘ngra Peterburg, Moskva, Qozon, Qrim, Kavkaz mintaqalarida ishga tushiriladi. Sharqda kitob nashri Yevropadagiga qaraganda, o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, asosan toshbosma usulida chop etilar edi. Bosmaxona usuli bilan nashr qilish esa harf terish, turli shriftlarni, bosma mashina va boshqa texnik vositalar singari rivojlangan poligrafik baza yaratishni talab qilar edi. Shu bilan birga, nashr ishlari bo‘yicha mutaxassis xodimlarni tayyorlash muammosi yuzaga kelar, harflarning murakkabligi anchagina qiyinchiliklarni keltirib chiqarar edi. O‘lkani chor Rossiyasi bosib olganidan keyin bosqinchi hukumatning ehtiyojidan kelib chiqib, kitob nashri uchun zarur moddiy-texnik baza yaratildi. Nashr ishlarining bir qadar yo‘lga qo‘yilishi kitobning aholi orasiga chuqur kirib borishi uchun yo‘l ochdi, yurtimizda matbuot ishi rivojlanishiga turtki bo‘ldi, fan va madaniyatdagi ilg‘or g‘oyalarning tarqalishiga yordam berdi. O‘lkaning bosqinchi ma’muriyati nashr, matbuot ishlaridan shovinistik mafkura ta’sirini kuchaytirish, imperiyani mustahkamlash aholining turli qatlamlariga hokimiyat uchun maqbul bo‘lgan yo‘l bilan g‘oyaviy "ishlov berish" kabi maqsadlarda foydalanishga intildi.
Vatanparvarlik kayfiyatidagi milliy adabiyot va san’at arboblari, ma’rifatchilar, ozodlik uchun kurashchilar hokimiyatning bu maqsadlariga qarshilik ko‘rsatishdi. Turkistonning tabiati, iqtisodi, ishlab chiqarish kuchlari, mahalliy aholi turmush tarzini tadqiq etgan rus olimlarining kitoblari yurtimizdagi dastlabki bosma nashrlar hisoblanadi. 1868 yili "Заметки о горной стране у вершин Чу и Нарына и о путях следования через нее в Китайский Туркестан" nomli kitobcha nashr etiladi. XIX asrning 70-yillaridan boshlab o‘zbek tilida ham kitoblar chop qilina boshlaydi. Shohimardon Ibrohimovning 1872 yili nashr etilgan "Kalendar" nomli kitobi ulardan dastlabkisi edi. U 500 nusxada, 17x13,5 sm o‘lchamda, muqovasiz chiqariladi. Nashr ishlarining avj olishi bosmaxona va litografiya tarmoqlarining kengayishiga olib keladi. Xususan, 1872 yili Turkiston general-gubernatorligi devonxonasida bosmaxona ochiladi. U harbiy xalq boshqarmasi bosmaxonasi deb nomlanadi. 1877 yili Toshkentda S.I.Laxtinning birinchi xususiy bosmaxonasi vujudga keladi. So‘ngra O.A.Porsev, I.I.Geyer, P.D.Nemjinov, M.V.Kan selson, E.P.Edelman, Vi liyer, Sh.Grayevskiyning bosmaxonalari ochiladi. Asta-sekin o‘lkaning boshqa shaharlarida ham bosmaxonalar paydo bo‘ladi. 1880 yili Yangi Marg‘ilon, 1905 yili Andijon shaharlarida ham bosmaxonalar ish boshlaydi. Asosan o‘zbek va tojik tillarida chiqarilgan kitoblar toshbosma usulida chop etiladi. Muhammad Rahimxon Ikkinchi – Feruz (1844–1910) xonlik qilgan davrda Xiva davlatining bir oz markazlashuvi natijasida bu yerda ilm-fan, madaniyat va adabiyot rivojlanadi. Feruz tashabbusi bilan Xiva shahrida toshbosma tashkil etiladi. Unda Feruzning farmoni bilan Alisher Navoiyning "Chor devon", "Xamsa" singari asarlari ilk bor chop etiladi. Bundan tashqari, Munis, Ogahiy, Komil, Bayoniy, Mirzo, Avaz O‘tar, Devoniy, Niyoziy, Chokar singari shoirlarning asarlari ko‘plab nusxada bosilib chiqdi. Xorazm shoirlarining asarlaridan tashkil topgan bayoz, tazkira va boshqa xalqlar adabiyotidan qilingan tarjima asarlar ham shu matbaada nashr qilinadi. Muhammad Rahimxon Ikkinchi tashabbusi bilan saroy kutubxonasida saqlanayotgan nodir qo‘lyozma asarlarni kitob shaklida nashr qilish maqsadida Erondan toshbosma (litografiya) anjomlari Xivaga keltirilishi katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Eronlik maxsus matbaachi – mutaxassis Ibrohim Sulton toshbosma uskunalarini xon saroyiga o‘rnatgach, unga shogirdlik qilgan Otajon Abdalov bu kasbni mohirlik bilan egalladi. Keyinchalik u hamyurtlari orasida Otajon bosma nomi bilan mashhur bo‘lib ketadi. Bu zehni o‘tkir, g‘ayratli matbaachi rus, arab va fors tillarining bilimdoni edi. "1876 yilda Otajon Muhammad Rahimxon Ikkinchiga noshirlik mehnatining ilk mevasi – "Nisobus-sibyon" kitobini taqdim etishga musharraf bo‘ladi. Abdunosir Farrohiy qalamiga mansub bu asar kitob shaklida Xiva litografiyasida Otajon Abdalov tomonidan ilk bor nashr qilingan. "Nisobus-sibyon" Xivadagina emas, balki O‘rta Osiyo miqyosida birinchi bosma kitob hisoblanadi". Shundan so‘ng, 1876 yili Abdunosir Farrohiyning "Bola taqdiri" kitobi nashr etiladi. 1880 yili Xorazmda Alisher Navoiyning "Xamsa", Munisning "Devoni Munis", "Devoni roja" asarlari chop qilinadi. 1883 yili Toshkentda So‘fi Olloyorning "Kitobi sabot ul-ojizin" asari bosib chiqariladi. 1904–1905 yillari O.Porsev tomonidan Alisher Navoiyning "Xamsa" asari nashr etiladi. Tabiiyki, o‘zbek xalqining ona tilida dastlabki kitoblar chiqarilishi milliy ziyolilarning qiziqishini uyg‘otadi. XX asr boshlarida ulardan ko‘pchiligi kitob chiqarishda ishtirok etibgina qolmay, o‘z toshbosmalarini ham ochishadi. Gʻulom Hasan Orifjonov obro‘li milliy noshirlardan biri edi. XX asr boshlarida u sahhof – muqovachi bo‘lib ishlaydi. Shu davrda Orifjonov rus noshirlari bilan aloqa bog‘ladi va toshbosma texnikasi bilan tanishadi. Biroq xususiy litografiya ochish uchun chor hukumati senzurasidan ruxsat olish kerak bo‘lar, mahalliy aholi vakili uchun esa bu ayniqsa mushkul muammo edi. Ammo Orifjonov ruxsat olishga erishadi va Moskvadan Toshkentga to‘rtta litografik dastgoh olib keladi. Orifjonovning "Gʻulomiya" litografiyasi 1902 yili ochildi. Shu bilan birga Husayn Manayev, Hoji Muhammad Azimjon Marg‘iloniy va boshqa ham xususiy litografiya egalari bo‘lishadi. Umuman, oktabr to‘ntarishigacha Turkistonda nashr korxonalarining keng tarmog‘i ishlar edi. Turli paytlarda bu yerda 50 ta bosmaxona, 13 ta lito-tipografiya va 8 ta litografiya faoliyat yuritgan. Bosmaxonalarda asosan rus tilidagi kitoblar chiqarilar va ular badiiy adabiyot, ilmiy tadqiqod, ma’lumotnomalar, yo‘lnomalar, o‘quv qo‘llanmalaridan iborat edi. Nashrlarning ko‘pchiligi turgan gapki, o‘lkada bosqinchi hukumatning mavqeini yanada mustahkamlashga qaratilgan edi. Rus tilida nashr etilayotgan adabiyotlarga nisbatan mahalliy milliy tillardagi kitoblar dengiz oldida qatradek edi. Milliy adabiyotning moddiy nashr bazasi anchagina qashshoq bo‘lib, asosan tipo-litografiya va litografiyadan iborat edi. Shunga qaramay, o‘zbyek tilidagi kitoblar salmog‘i ortib bordi. Litografiya usuli bilan o‘zbyek mumtoz adabiyoti asarlari qatorida eski qo‘lyozma matnlardan olingan nazm va diniy asarlar, o‘sha davr shoirlarining she’rlari, xalq og‘zaki ijodi namunalari, tarjima asarlari va turli xildagi o‘quv qo‘llanmalari ham nashr etildi. Masalan, Marg‘ilonning eski shahar qismida joylashgan Hoji Muhammad Azimjon Marg‘iloniy bosmaxonasida 1889–1890 yillarda Farididdin Attorning "Mantiqut-tayr", "Ta’birnomai Xorun ar-rashid", "Fiqh Kaydoni" asarlari nashr etildi. Gʻ.Orifjonov litografiyasida 1908–1913 yillari Alisher Navoiyning kitoblari 10 martadan ortiq chop qilindi. Namangan uyezdi To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida Ishoqxon Ibrat tomonidan 1909 yilda ochilgan «Matbaai Ishoqiya» litografiyasi "Ibrat lirikasi she’rlar to‘plami" (1909) va "Yozuv tarixi to‘plami" (1911) kabi asarlarni nashr qildi. Turkistonda o‘sha paytda 80 dan ortiq noshirlar mavjud bo‘lgan. Yuqorida nomlari keltirilgan noshirlar qatorida Mirzaahmad binni Mirza Karimning nomi ham mashhur edi. U 50 nomda 30 dan ortiq kitob chop etadi. Noshir va kitobfurush Siddiq Xo‘jandiyning nomi ham taniqli edi. Ko‘rib turganimizdek, milliy kitoblarning Markaziy Osiyoda keng tarqalishida toshbosmaning o‘rni beqiyos bo‘ldi. Ammo kitob nashri davr talabiga javob berolmas edi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 1913 yili kitob nashri bor-yo‘g‘i 56 nusxani, shuningdek, o‘zbyek tilida 33 nusxani tashkil etgan, xolos. Ularning umumiy tiraji 100 ming nusxani, o‘zbyek tilidagisi atigi 8 ming nusxani tashkil etgan. Turkiston sharoitida mahalliy millat vakillarining umumiy aholining 98 foizini tashkil etganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu juda kam edi. Shunday qilib, chor hukumati, boshqa sohalardagi kabi, nashr ishlari bo‘yicha ham o‘lkani ma’naviy tobe qilish siyosatini amalga oshirishga intildi. Ammo bosqinchi hukumatning mafkuraviy va ma’muriy tadbirlariga qaramay, keng xalq ommasi, milliy ziyolilar asriy an’analarni asrab qolishga, ko‘hna ma’naviy merosni boyitishga intilishdi. Nashr ishlarida milliy taraqqiyot uchun shafqatsiz kurash ketdi. Bu esa o‘z navbatida Turkistondagi milliy ozodlik kurashining kuchayishiga turtki berdi. Xullas, kitoblar Turkiston xalqlarining madaniy hayotida sezilarli rol o‘ynadi. Ammo kitob nashr etish yil sayin oshib borgani bilan tezkor zamon talablariga javob berolmas edi. Dolzarb siyosiy vazifalarni hal etish va muhim zamonaviy masalalarni muhokama qilish uchun esa kundalik adabiyot gazeta va jurnallar chiqarish zarurati tug‘ildi. Shu tariqa Turkistonda vaqtli matbuot vujudga keldi. O‘tgan asrning ikkinchi yarmiga qadar butun O‘rta Osiyoda bironta ham milliy matbaa korxonasi bo‘lmagan bo‘lsa, hozirgi kunda bu mintaqada ko‘plab bosmaxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Kitob, uning ahamiyati bugungi kunda ham aslo pasaygani yo‘q. Internet, uyali telefon, mobil TV kabi aloqa vositalari ko‘payganiga qaramasdan kitob o‘ziga xos jozibasi, kuchini saqlab qolmoqda. Milliy o‘zlikni anglash, yoshlarimizda yuksak ma’naviyatni shakllantirish, ularni ezgu fazilatlar sohibi etib tarbiyalashda kitobning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q