Kiyinish madaniyati


Saqlash
13:07 / 03.07.2023 2 9238

Kiyinish madaniyati – insonning tashqi qiyofasi, shuningdek, ma’naviy dunyosi, estetik didi, axloqiy sifatlari va aqliy salohiyatini ifoda etadigan tushuncha. Ko‘hna bitiklarda kiyim bilim, did, farosat, uyat kabi insoniy fazilatlar bilan bog‘liq holda talqin etilgan. Kiyim – inson madaniy darajasining asosiy belgilaridan biri. Kiyinish madaniyati insonning go‘zallik, nafosat, nazokat, odob borasidagi qarashlarini aks ettiradi. Shuning uchun ba’zi xalqlarda "Kiyimiga qarab kutib oladilar", degan naql bor. Kishining kiyinishiga qarab, uning nafaqat ma’naviy-madaniy darajasi, balki moddiy ahvoli, kasbi, mavqei, hatto e’tiqodini ham aniqlash mumkin. O‘tmishda ko‘pgina mamlakatlarda turli toifa va tabaqa vakillarining o‘ziga xos kiyinish usuli belgilab qo‘yilgan. Hayot sur’ati tezlashgan, o‘zaro muloqotga juda oz vaqt sarflanayotgan hozirgi zamonda kishi o‘zini, o‘z aqliy salohiyatini to‘liq namoyon etishga imkoniyati cheklangani tufayli ba’zan faqat kiyinish madaniyati orqali jamoatchilikda yaxshi taassurot qoldirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kiyinish madaniyati bugungi kunda alohida ilmga aylangan. Amaliy kiyimshunoslikda imijni yaratish bilan bog‘liq muammolar o‘rganiladi. Kiyimga nafaqat qulay, foydali jihatlari, balki o‘zgalar bilan muloqotda shaxsning o‘zligini namoyon etish nuqtai nazaridan ham yondashiladi. Imij bo‘yicha mutaxassislar atrofdagilarda yaxshi taassurot uyg‘otishning asosiy vositasi qatorida kiyinish madaniyatini tilga olishlari bejiz emas.

 

Kishi uchun eng yaxshi vizit kartochkasi – uning tashqi qiyofasi, ya’ni kiyimidir. Kiyim-boshning har bir unsuri atrofdagilarda ijobiy yoki salbiy taassurot uyg‘otishi mumkin. Madaniyatli, ma’naviyatli inson muloqot chog‘ida kiyinish odobiga ham rioya etadi. Kishining qiyofasi, kiyimboshi u haqda faqat yaxshi taassurot qoldirishi kerak. Kiyim odamning kayfiyati va ruhiy holatiga ta’sir etib, uning xatti-harakati, fe’l-atvorini ham o‘zgartirishga qodir. Kiyinish madaniyatiga e’tiborsizlik, noto‘g‘ri tanlangan, tashqi ko‘rinishga mos kelmagan ust-bosh kishini noqulay ahvolga solish bilan birga, o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni ham keltirib chiqarishi mumkin. Kiyinish madaniyatiga rioya etgan kishi o‘zligini anglagan odamdir. Kiyinish madaniyati "moda" tushunchasi bilan bog‘liq. Har bir davrning o‘z modasi bo‘ladi. Kishi modaga binoan kiyinar ekan, zamon va makonga, ya’ni o‘z davri va jamiyatda e’tirof etilgan urf-odat hamda qoidalarga mosligini namoyish etadi. Moda talablariga qarab kiyinishni aslo uning ketidan quvish, modaparastlikka berilish sifatida tushunmaslik kerak. Aks holda kishi yoshi, gavdasi, xarakteri yoki iqlim, yil fasli va borgan joyiga (teatr, to‘y, aza, majlis, xizmat joyi va hokazolar) mos bo‘lmagan ust-boshi bilan kulgili ahvolga tushishi mumkin.

 

Kiyinish madaniyati kishining didini bildiradi. Did kishining o‘ziga yarashadigan hamda o‘zi va o‘zgalarga yoqadigan kiyim tanlashda yaqqol ko‘rinadi. Chunki inson moda uchun yashamaydi, aksincha, moda inson uchun yaratiladi. Kishining didi kiyim-bosh uslubini tanlash qoidalarini qay darajada bilishiga bog‘liq. Birinchi qoida kimlar bilan muloqot qilishi va o‘zi haqida qanday taassurot uyg‘otmoqchi ekani bilan bog‘liq. Kiyinish madaniyati ham san’at, ma’lumki, har qanday odam o‘zini, o‘zligini namoyish etishga, odamlar qalbiga yo‘l topishga harakat qiladi. Masalan, rasmiy uchrashuv yoki muzokara paytida umume’tirof etilgan qoidalarga rioya etish lozim. Tantanabop kiyimni ishchan muloqot paytida kiyish kishining madaniyati haqida salbiy fikr uyg‘otishi mumkin. Xuddi shunday, "ko‘cha kiyimi"da teatrga borish ham noto‘g‘ri. Ikkinchi qoida: kiyimning maqsadga muvofiqligi. Kishi ko‘zlangan maqsadga yarasha kiyingan bo‘lishi lozim. Uchinchi qoida: tanlangan kiyim-bosh odamning haqiqiy qiyofasiga, ma’naviy dunyosiga mos bo‘lishi kerak. Buning uchun inson o‘ziga to‘g‘ri, xolisona baho bera olishi kerak. Fransuz yozuvchisi Onore de Balzak bu borada quyidagilarni yozgan: "Ziqna boy bo‘lib ham, isrofgar kambag‘al bo‘lib ko‘rinish ham bir xilda yomon... O‘ta shuhratparast bo‘lasizmi yoki o‘ta kamtar, siz birlik qonunini buzasiz, buning oqibatida esa, sizning imkoniyatlaringiz bilan tashqi qiyofangiz o‘rtasidagi muvozanat buziladi". Xullas, kiyinish madaniyati insonning ma’naviy dunyosi va haqiqiy qadr-qimmati uning modaga mos va qimmatbaho kiyinishida emas, avvalo, orasta, toza, tartibli, o‘ziga yarashadigan kiyinishida namoyon bo‘ladi.

2 Izohlar

zebiniso

07:03 / 04.03.2024

ha tògri, bu gaplarning hammasi menga yoqdi

Malohat

14:10 / 10.10.2023

Malumotlar juda urunli dep uylayamab👍👍

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 147
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 397
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218761
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34220
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26597
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25199
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24908
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21791
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//