Kasb odobi. Kasb malakasi. Kasbiy madaniyat


Saqlash
12:07 / 03.07.2023 0 5938

Kasb odobi – jamiyat tomonidan qabul qilingan axloq qoidalarini kishilarning ixtisosliklariga nisbatan tatbiq qiladigan kasbiy burch, sha’n, or-nomus, qadr-qimmat kabi xatti-harakatlarning majmui, umumiy axloqning kishilar kasb-koridagi o‘ziga xos ko‘rinishi. Odob (arabcha adab so‘zining ko‘pligi) – jamiyatda e’tirof etilgan xulq normasi. Shaxs ma’naviy hayotining tashqi jihatini ifodalaydi va o‘zgalar bilan munosabat (oila, mehnat jamoasi, turli marosimlar)da namoyon bo‘ladi. Odob negizida axloqning ba’zi tamoyil va me’yorlari, shuningdek, maqsadga muvofiqlik va go‘zallik (estetika) talablari mujassam bo‘ladi. Odob kishining jamoat orasida o‘zini qanday tutishi, odamlar bilan qay yo‘sinda muomala qilishi, o‘z turmushi, bo‘sh vaqtini qanday tashkil etishi, uning tashqi qiyofasi qanday bo‘lishi lozimligiga tegishli qoidalar (masalan, sharm-hayo, kamtarlik, xushmuomalalik kabi fazilatlarni o‘z ichiga oladi. Odob ta’lim-tarbiya, amaliy tajriba jarayonida shakllanadi. (O‘zME. T., 2003, 6-jild, 461-bet). Ba’zi lug‘atlarda "Kasb odobi" atamasi "kishilar o‘rtasidagi kasbiy faoliyat bilan bog‘liq munosabatlarga ma’rifiy tus beradigan xulq-atvor kodeksidir" deya ta’riflangan. Kasb odobi tushunchasi barcha uchun birdek taalluqli bo‘lmagan, balki muayyan kasb-kor egalarigagina tegishli ijtimoiy xulq-atvor qoidalari, me’yorlaridir.

 

1. Pedagogning kasbiy odobi. Pedagog, avvalo, nima uchun bu kasbni tanlaganini teran anglamog‘i, insonlarni qanday tarbiyalash kerakligini tushunib yetmog‘i kerak. Bu esa pedagogik faoliyat va etiketning asosiy omilidir. Bolaning ichki dunyosiga kira bilish, ishongan do‘sti bo‘lish, uni ezgulikka yo‘naltirish, jamiyatga foydali inson etib voyaga yetkazish, unda mas’uliyat hissini shakllantirish – pedagogikaning bosh tamoyilidir. Kasb odobi qonun-qoidalari mehnat faoliyati jarayonida shakllanadi, takomillashib boradi. Kasbiy omilkorlik, o‘z ishini yaxshi bilish, qaysi kasb bo‘lishidan qat’i nazar, axloqiy me’yorlarning boshlanishidir. Kasb odobi me’yorlari aynan voqelik, amaliyot bilan uzviy bog‘liqligi bois sohada, shu jumladan, pedagogikada yuzaga keladigan murakkab masalalar yechimini topishda yordam beradi. Ilg‘or pedagoglarning ijodiy faoliyati bunga misoldir. O‘quv-tarbiya jarayonidagi asosiy tamoyillardan biri – bolani o‘z kuchiga ishonadigan, erkin va mustaqil fikrlaydigan inson etib tarbiyalashdir.

 

2. Jurnalist odobi. Jurnalist odobi axloqiy-psixologik o‘ziga xosligi jihatidan yuksak mas’uliyatni va ma’naviy javobgarlikni talab etadi. Chunki, jurnalist faoliyati axborot olish, uni o‘rganish va yetkazib berish bilan mashg‘ul bo‘lgani bois, u yetkazilayotgan axborotning haqqoniyligi, to‘g‘riligi va xolisligi uchun javobgardir. Bu esa uning ma’naviy qiyofasi, axloqiy sifatlari bilan uzviy bog‘liq. Jurnalist odobi undan nafaqat ijodiy izlanish, o‘z ustida tinimsiz ishlashni, balki javobgarlikni teran his qilish, irodasi mustahkam bo‘lishini talab qiladi. Shu ma’noda, jurnalist odobi o‘zini nazorat qilish mezonidir.

 

3. Shifokor odobi. Shifokor odobi qonun-qoidalarida rioya qilish zarur bo‘lgan qator muhim qoidalar ifodalangan. Eng asosiy qoidalardan biri – bemorga ziyon yetkazmaslik. Yana bir qoidasi – bemorning kasalligiga oid tafsilotlarning sir saqlashnishini ta’minlashdir. Shifokor qasamyodi har qanday vaziyatda, hatto hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa ham, bemorga yordam berishga undaydi.

 

4. Rahbar odobi. Rahbar o‘z xulq-atvori bilan atrofidagilarga o‘rnak bo‘lishi shart. Turli darajadagi rahbarlar odobi xushmuomala bo‘lishni, o‘zgalarning fikr-mulohazalariga befarq bo‘lmaslik, sabr-toqat va adolat tamoyillariga rioya etish, ayniqsa, o‘z xodimlariga nisbatan e’tiborli bo‘lishni talab etadi.

 

Kasb malakasi (arabcha kasb – biror narsani o‘rganish, egallash, foyda, hunar, mashg‘ulot). Kasb – maxsus tayyorgarlik va ish tajribasi natijasida ma’lum bir sohada kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun nazariy bilimlar majmuasini, amaliy ko‘nikma va malakalarni egallagan, shu borada jismoniy imkoniyat, aqliy qobiliyat va yuridik huquqlarni ta’minlaydigan insoniy mehnat faoliyatining turi. Kasb – kishining mehnat faoliyati, doimiy mashg‘ulot, ish turini malakali bajarishga imkon beradigan bilim, mahorat va tajribani talab etadi. Kasblar ichida mehnat faoliyatining eng tor sohasi bilan ajralib turadigan ixtisosliklar bor. Masalan, shifokorlik kasbiga taalluqli bo‘lgan jarroh, oftalmolog, nevrolog, dermatolog va boshqa ixtisosliklar. Kasb, odatda, shaxsning asosiy tirikchilik manbai hisoblanadi. Kasb malakasi esa kasbni, ishni yaxshi o‘zlashtirish natijasida orttirilgan tajriba, ko‘nikma va mahoratni anglatadi. Kasb malakasi biron-bir kasb-hunarni egallashda tajriba orttirish hamda tarbiya, ta’lim, siyosiy va kasbiy tayyorgarlik masalalarini hal etishga har tomonlama yondashishni taqozo qiladi.

 

Shaxs kasbiy shakllanishining ikki tomoni mavjud: a) shaxsning o‘z individual xususiyatlarga bog‘liq bo‘lgan ichki tomoni; b) jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy sharoitlari hamda maqsadlari bilan aniqlanadigan tashqi tomonlari. Bo‘lajak mutaxassisni kasbiy mehnat faoliyatiga tayyorlash, uning mehnat bozorida raqobat qila olish qobiliyatini shakllantirish maqsadida ijtimoiy yetuk shaxsni voyaga yetkazish va tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu vazifa insonning talab va ehtiyoji, qobiliyati, ruhiy-jismoniy imkoniyatlari hamda ijtimoiy va etnik omillar ta’sirini hisobga olgan holda o‘quv jarayoni hamda o‘quv ishlab chiqarish faoliyati doirasida dasturlashtiriladi va amalga oshiriladi. Kasb malakasi tushunchasi kasbiy mahorat bilan bog‘liq bo‘lib, bunda biror-bir o‘quv yurtini bitiruvchining yuqori darajada kasbiy ko‘nikma va malakalarni egallagani tushuniladi. U shaxsning mehnat bozorida egallayotgan kasbi bo‘yicha raqobatdoshligi qay darajada ekanida namoyon bo‘ladi. Kasbiy mahorat ishchi kuchlarining yuqori darajadagi moslashuvchanligi, yangiliklarni tez o‘zlashtirishi, yangi ishlab chiqarish sharoitiga qisqa muddatda o‘ta olishi va faoliyat sohasini mustaqil tanlashi kabi sifatlar bilan belgilanadi. Kasbiy mahorat va layoqat shaxsning shunday sifatlaridirki, ular bo‘lajak mutaxassisning hayotiy hamda mehnat muvaffaqiyatlarini belgilab beradi. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasida ta’limni rivojlantirishning yangi bosqichida kasbiy pedagogika fanining asosiy vazifasi – jahon talablari darajasida yangilanib borayotgan ishlab chiqarish sharoitlariga moslasha oladigan, iqtisodiyotimizni, ma’naviyatimizni yuksak darajaga ko‘taradigan mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Shu sababli bugungi kunda barcha fan sohalari, jumladan, kasb ta’limi bo‘yicha yangi o‘quv darsliklari, qo‘llanma va tavsiyalarni yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Kasbiy madaniyat – insonning olgan bilim va tajribasiga asoslangan malakali harakatlar yoki mehnat faoliyatining mahsulidan bunyod bo‘lgan narsalar, o‘zgalarda zavq uyg‘ota oladigan ijtimoiy hodisa. Shaxsning kasbiy madaniyati bilim, malaka, ko‘nikma, qobiliyat, axloqiy va estetik rivojlanish, dunyoqarash, odamlar bilan o‘zaro muloqotining usul va shakllari, iste’dodining rivojlanish darajasi kabi faoliyatda amalga oshiriladigan insoniy kuch va salohiyatni o‘z ichiga oladi. Kasbiy madaniyat insonning mehnat faoliyatida namoyon bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 147
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 396
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218761
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34216
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26597
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25196
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24906
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21791
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//