Iqtisodiyot. Iqtisodning ma’naviy qirralari


Saqlash
00:06 / 27.06.2023 0 658

 

Iqtisodiyot – 1) kishilar mehnati vositasida inson uchun zaruriy bo‘lgan moddiy ne’matlar, hayot sharoitlari va vositalarini yaratish orqali tirikchilikni ta’minlash, shuningdek, hayotiy ehtiyojlarni qondirishda foydalaniladigan vositalar, ob’yektlar, jarayonlar majmui. Iqtisodiyot umumiy tarzda ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimot, iste’mol sohasidagi munosabatlarni qamrab oladi; 2) muayyan mamlakatning milliy xalq xo‘jaligi yoki uning ma’lum tarmog‘i (transport iqtisodiyoti, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti va boshqalar); 3) xo‘jalikning muayyan tarmog‘ini, shuningdek mintaqa xo‘jaligini, ishlab chiqarishni tashkil etishning usul va shakllarini, uni boshqarishni o‘rganadigan fanlar yo‘nalishlari (sanoat iqtisodiyoti, savdo iqtisodiyoti va boshqalar). Shuni alohida ta’kidlash zarurki, iqtisodiyot mohiyatan insonlarning moddiy hayoti bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsada, jamiyat ma’naviy hayotini iqtisodiyotdan ajratib bo‘lmaydi.

 

Iqtisodning manaviy qirralari – iqtisodiy munosabatlar jarayonida shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatlarni hisobga olish, halollik, poklik, bag‘rikenglik, ishonchlilik kabi fazilatlarning amal qilishini anglatadigan tushuncha. Ma’lumki, iqtisodiyotning o‘ziga xos obyektiv qonun-qoidalari, sir-asrorlari borki, ular bilan hisoblashmaslik mumkin emas. Ularni mensimaslik nafaqat iqtisodiy salohiyatning yetishmasligi, balki ma’naviy qashshoqlik belgisi hisoblanadi. Iqtisodiy munosabatlarda ma’naviyat masalalari, xususan, insoniylik talablari va me’yorlari yetarlicha hisobga olinmasa, texnokratik qarashlar ustunlik qilsa, ishlab chiqarishning o‘sishi, iqtisodiy rivojlanish bo‘lishiga qaramay, jamiyatda axloqiy munosabatlar tanazzulga uchraydi, o‘zaro ishonchsizlik kuchayadi. Bu oxir-oqibatda ijtimoiy-iqtisodiy tanazzulga olib kelishi mumkin. Ayrim kishilar, erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy qadriyatlarning qimmati tushib ketadi, madaniyat va ma’naviyat ikkinchi darajali narsaga aylanib qoladi, ma’naviy qashshoqlik avj oladi, deb da’vo qilishadi. Erkin bozor iqtisodiyoti bilan ma’naviyatni bunday qarama-qarshi qo‘yish mutlaqo o‘rinsizdir. Aslida, yuqorida aytganimizdek, ular bir-birlarini to‘ldiradi, chunki faqat ma’naviy sog‘lom, kuchli jamiyatgina islohotlarni amalga oshirishi mumkin. Mustaqillik yillari mamlakatimizda iqtisodiyot va ma’naviyatning o‘zaro dialektik bog‘liqligi hamda bir-biriga ta’siri qonuniyatidan kelib chiqqan holda iqtisodiy va ma’naviy hayotning uyg‘un holda rivojlanib borishiga alohida ahamiyat berilmoqda. Istiqlol yillarida iqtisodiy va ma’naviy jarayonlarning o‘zaro mutanosib uyg‘un tarzda rivojlanib kelayotgani mamlakatimizda siyosiy-ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning mustahkam garovi bo‘lib xizmat qilmoqda. Demak, ma’naviyat va iqtisod bir-birini inkor etmaydi, balki bir-birini quvvatlab, o‘zaro ta’sirlanib, rivojlanib boradi. Hozirgi kunda yurtimizda iqtisodiy islohotlarning yangi, yuqori bosqichiga o‘tayotgan ekanmiz, bu fan, madaniyat va ma’naviyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

"Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va ularni amalga oshirish borasidagi ishlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Iqtisod, ma’naviyat va ma’rifatning o‘zaro chambarchas bog‘liq ekanini ota-bobolarimiz to‘g‘ri tushunib yetganlar. Shunga tayangan holda ular ma’naviyati yuksak komil inson haqida butun bir ma’naviy talablar majmuasini, boshqacha aytganda, sharqona axloq Kodeksini ishlab chiqqanlar. Ma’naviyati yuksak kishi birovning haqiga, davlat, jamoa mulkiga xiyonat qilmaydi, sadoqatli bo‘ladi, Vatani, elu yurti, xalqi uchun jonini fido etishga tayyor turadi. Buning aksi o‘laroq, ma’naviyati qashshoq kishilar nopok, firibgar, poraxo‘r, o‘g‘ri, qallob bo‘lib, Vatan va millat manfaatlariga befarq qaraydi. O‘zbekiston kelgusida yuksak darajada rivojlangan iqtisodiyoti bilangina emas, balki bilimdon, ma’naviyati yetuk farzandlari bilan ham jahonni hayratga solishi mamlakatimizdagi islohotlarning asosiy maqsadidir. Bunga esa iqtisod va ma’naviyat, ma’rifatni birga, o‘zaro mutanosib, mushtarak rivojlanishiga ahamiyat berilgandagina to‘la erishish mumkin. Sivilizatsiyalashgan bozor munosabatlari faqat yuksak ma’naviyat va ma’rifat, axloqiylik va vatanparvarlik negizida bunyod etilishi mumkin. Bu borada hammamiz mas’ul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim. Negaki, ma’naviyatli va ma’rifatli, iymonli kishilargina halol mehnati bilan boylik yaratadi, izlanuvchi, insofli, mehnatsevar, tadbirkor, el-yurt dardiga malham bo‘ladigan haqiqiy vatanparvarga aylanadi. Shunday fuqarolarga ega bo‘lgan mamlakat va jamiyat iqtisodiy taraqqiyot pog‘onalaridan yuqoriga uzluksiz ko‘tarilib boraveradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 147
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 396
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218761
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34216
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27319
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26597
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25195
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24904
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21791
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//