Itoatkorlik. Itoatsizlik


Saqlash
23:06 / 26.06.2023 0 538

Itoatkorlik (arabcha bo‘ysunish) – itoatgo‘y so‘zining belgi oti. Itoatgo‘y – birovga bo‘ysunuvchi, itoat qiluvchi, itoatli. Itoatgo‘y kishi bir tarafdan irodasi sust, har qanday sharoitda ham so‘zsiz bo‘ysunuvchi, tobe odamni bildiradigan ma’noli so‘z odam sifatida izohlansa, boshqa tarafdan o‘z imkoniyatlari o‘ta cheklangan bo‘lganidan boshqalar rahbarligidagina biror ishni qilishga qodir, to‘g‘ri, sofdil shaxsni ham nazarda tutadi. Bu ma’nolarni nisbat berishda insonning tug‘ma tabiati va fe’li, yoshlikda olgan tarbiyasi hisobga olinadi. Bunday odamlarda shijoat, jur’at tuyg‘ulari sust bo‘ladi, ular xato qilib qo‘yishdan qo‘rqadi, mas’uliyatli ishlarni bajarish ham ular uchun qiyin kechadi. Ular ijrochilikni yaxshi ko‘radi, shu bois, ular uchun buyruqni bajarish buyruq berishdan ko‘ra afzal va osonroq. Har qanday jamiyatda itoatkorlikning qonuniy me’yorlari mavjud.

Har qanday muassasa, tashkilot, korxona, jamiyat va jamoalarda umumiy qonunchilik yoki ichki nizom asosida belgilangan itoatkorlik mezonlari bor. Qonun, nizom, tuzuklarda yozilgan yoki odat bo‘yicha shakllangan bo‘lib, bunday mezonlarga rioya qilinishi shart. Lekin boshliq qonunga xilof tarzda talab qo‘yadigan bo‘lsa, unga itoatkorlik qilish noto‘g‘ri bo‘ladi. Ba’zida bunday itoatkorlik jinoiy ishlarga ham olib kelishi mumkin. Masalan, boshliq korxona mulki bo‘lgan biron-bir ashyo yoki dastgohni yoki pul sifatidagi mablag‘ni noqonuniy tarzda o‘zlashtirishni buyursa va ishchi-xodim bu buyruqni itoatkorlik bilan bajarsa, ular bilib bilmay jinoyatga sherik bo‘lib qoladi. Qonun bo‘yicha itoatkorlik qilish umumiy itoatkorlikni ta’minlashda muhim bo‘lib, ishni to‘g‘ri boshqarish va belgilangan maqsadga erishishning zarur omilidir. Masalan, muhandislar guruhi biron-bir inshoot loyihasini tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lsa, turli mutaxassislar bosh loyihachi rahbarligida ish olib boradi. Agar guruh a’zolari rahbarning ko‘rsatmasiga itoatkorlik qilmasa, loyiha amalga oshmay qolishi mumkin. Yoki oiladagi munosabatlarda itoatkorlik va itoatsizlik farzandlar tarbiyasiga ijobiy yoki salbiy ta’sir etishi mumkin. Sirasini aytganda, itoatkorlik o‘ta murakkab va nozik masala bo‘lib, ularni sharhlash, izohlash hamda mohiyatini ko‘rsatib berishda har bir hodisa va jarayonning xususiyatidan kelib chiqish lozim.

 

Itoatsizlik (bo‘ysunmaslik) – ijtimoiy-ma’naviy hodisa, muayyan shaxs, shuningdek, guruh, millat, xalq, jamiyat, davlat kabi ijtimoiy birliklarga nisbatan bir xilda qo‘llanadigan, maqsad yoki manfaatlarga bog‘liqligi jihatidan turlicha mazmun-mohiyatga ega bo‘lgan xatti-harakat, xususiyat va ayni vaqtda, dunyoqarashni ifoda etadigan tushuncha. Itoatsizlik itoatkorlikning ziddi bo‘lib, undan tubdan farq qiladi. Ba’zi hollarda esa itoatsizlik nihoyatda tor ma’noda ishlatiladi. Masalan, biror bir dinni bilmagan yoki uni bila turib amallarini bajarmagan shaxslarning xatti-harakatlariga nisbatan qo‘llanadi. Itoatsizlikning mohiyati, bir tomondan, uning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan voqea-hodisa, narsa yoki jarayonlarning itoatsizlik ko‘rsatayotgan tomonning ma’naviy qarashlariga zidligi bilan aniqlansa, ikkinchi tarafdan, itoatsizlik ko‘rsatayotgan tomonning salbiy dunyoqarashiga uni to‘g‘ri yo‘lga undayotgan tomonning ta’sir ko‘rsatishga urinishi bilan aniqlanadi. Lekin mantiqan har ikki holat ham itoatsizlikni ifoda etadi. Qullik, qaramlik, mutelik, bosqinchilik kabi insonning qadri, haq-huquqlarini poymol etadigan xatti-harakatlarga qarshi yo‘naltirilgan itoatsizlik ijobiy mazmun kasb etadi. Ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan qonun-qoidalar, tartib-intizom, qadriyat va an’analarga bo‘ysunmaslik esa itoatsizlikning salbiy ko‘rinishi hisoblanadi.

 

Odatda har bir kishida o‘z e’tiqodi, shaxsiy qarashlariga zid keladigan qaror yoki yondashuvga bo‘ysunmaslik, qo‘shilmaslik, qarshilik ko‘rsatish, qanday bo‘lmasin o‘z manfaatini himoya qilish huquqi bo‘ladi. Shu huquqni anglash tuyg‘usi va shu asosda o‘zini qadrlash, o‘z qarashlarini himoya qilish huquqi ham bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, insonning tanlash huquqi bilan bog‘liq. Bordi-yu himoya qilinayotgan manfaatlar butun bir guruh, millat, jamiyat yoki davlatga tegishli bo‘lsa, bu hol ijtimoiy yoki jamoaviy itoatsizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, itoatsizlik jamiyat hayotiga oid ayrim sohalar rivoji bilan uyg‘un holda, shuningdek, alohida ko‘rinish yoki yo‘nalishda vujudga kelishi ham mumkin. Masalan, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy, milliy, irqiy, hududiy va hokazo. Itoatsizlik, shuningdek, jamoaviy yoki ijtimoiylik xarakteriga ko‘ra ichki va tashqi itoatsizlikka ham bo‘linadi. Jahon tajribasida biron-bir mamlakatga ko‘rsatilgan tashqi tazyiqqa yoki ma’lum bir mamlakat ichida o‘z davlat hukumati yoki boshqa davlat, nodavlat tashkilotlari qarorlari, qonunlari, faoliyati, tartib va talablariga nisbatan yuzaga kelgan itoatsizlik jarayonlarini ko‘plab kuzatish mumkin. Tashqi ta’sir bilan bog‘liq itoatsizlik, ayniqsa, harbiy va iqtisodiy kelishmovchiliklar borasida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 148
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218761
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34220
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26597
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25200
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24908
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21791
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//