Islom


Saqlash
00:06 / 24.06.2023 0 4541

Islom (arabcha bo‘ysunish, itoat etish, o‘zini Alloh irodasiga topshirish) – dunyoda eng keng tarqalgan dinlardan biri. Islom diniga jahonda qariyb 1,5 milliard kishi e’tiqod qiladi. Muqaddas islom manbalari Qur’oni Karim va hadisi shariflarda aytilishicha, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun Alloh tomonidan yuborilgan oxirgi ilohiy dindir. Qur’oni Karimga ko‘ra, arablar va yahudiylarning umumiy bobokaloni Ibrohim alayhissalom Allohga birinchi bo‘lib iymon keltirgan. Demak, islom batamom yangi e’tiqod emas, balki Muhammad alayhissalom davrida qayta tiklangan dindir. Islom dinining kelib chiqish, qayta tiklanish tarixi (genezisi)ni o‘rganishda uning ijtimoiy, iqtisodiy, diniy va madaniy hayotda muhim rol o‘ynaganini hisobga olish kerak. Islom dini qayta tiklangan VI asr oxiri va VII asr boshida Arabistonni birlashtirib, shu asosda xalqaro savdoni barqaror qiladigan, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qodir harbiy kuchga ega bo‘lgan yagona markazlashgan davlat tuzish tarixiy zaruratga aylangan edi. Ayni paytda, Arabiston yarim orolidagi qabilalarning etnik va madaniy jihatdan birlashuvi, yagona arab tili, og‘zaki va yozma adabiyoti, umumiy tafakkuri shakllanib, diniy qarashlarida o‘zgarish jarayonlari kechayotgan edi. Boshqacha aytganda, Arabistonda o‘ziga xos Uyg‘onish davri boshlandi. Islom ummatining payg‘ambari Muhammad alayhissalomga 610 y., ya’ni 40 yoshida vahiy kelgani ilohiy manbalarda qayd etilgan. Ammo bir necha nufuzli kishilar va Muhammad alayhissalomning yaqin qarindoshlarini hisobga olmaganda, Makkaning ko‘pchilik aholisi, ayniqsa, quraysh qabilasi zodagonlari dastlabki paytlarda islomiy targ‘ibotlarga ochiqdan-ochiq qarshi chiqadi. Muhammad alayhissalom o‘zga yerlarda tarafdorlar izlashga majbur bo‘ladi. Avvaliga bir guruh musulmonlar Habashistonga ko‘chadi, so‘ng Makka zodgonlari bilan ma’lum davrdan buyon raqobatlashib kelayotgan Yasribdagi Avs va Xazraj qabilalarining vakillari 622 y. musulmon jamoasini o‘ziga qabul qilish, Muhammad alayhissalomni payg‘ambar sifatida tan olishga rozi bo‘ladi. Madina va Makka o‘rtasida boshlangan kurash 8 yil davom etadi. 630 yili musulmonlar Makkani egallaydi. Makka aholisi yoppasiga islom dinini qabul qiladi va Muhammad (s.a.v.)ni Allohning elchisi (rasuli) deb e’tirof etadi. Ana shundan boshlab Makka islom dinining markaziga, qadimgi Ka’ba ibodatxonasi esa musulmonlarning muqaddas ziyoratgohiga aylanadi. Muhammad (s.a.v.) vafotidan so‘ng Abu Bakr, Umar ibn Hattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib payg‘ambarning o‘rinbosari (xalifa) sifatida hukmronlik qiladilar va islom dinini yoyadilar.

 

Islomning asosiy aqidasi – "Allohdan boshqa iloh yo‘q va Muhammad uning rasuli". Islom dini 5 asos yoki ustun (arkon ad-din al-islomiy)ga ega:

1) iymon keltirish;

2) namoz o‘qish;

3) ro‘za tutish;

4) zakot berish;

5) imkoniyat topilsa haj qilish.

Shulardan birinchisi imon va qolganlari ibodat deb e’tirof etilgan. Imon 7 aqidani – Allohga, uning farishtalariga, muqaddas kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, taqdir (yaxshilik va yomonlik Allohning irodasi bilan bo‘lishi)ga va o‘lgandan keyin tirilishiga ishonishni o‘z ichiga oldi. Islomda o‘ziga xos diniy marosimlar mavjud. Bundan tashqari, ko‘pgina hollarda mahalliy xalqlarda islomgacha bo‘lgan urf-odatlar ham islom marosimlariga uyg‘unlashib ketgan. Ilk islomda diniylik va dunyoviylik bir-biridan ayri bo‘lmagani bois g‘oyaviy bahslar diniy-siyosiy tus oladi. Dastlab sunniylik va shialik yo‘nalishlari vujudga keladi. Ikki taraf ("sunna" va "shia") o‘rtasidagi kurash asnosida "xorijiylar" deb atalgan uchinchi yo‘nalish ham paydo bo‘ladi. Ammo islom tarixi uzra "sunna" asosiy yo‘nalish bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda ham sunniylar musulmonlarning mutlaq ko‘pchiligini (90 foizidan ortig‘ini) tashkil etadi. Islom tarixini ilmiy-falsafiy anglash uchun Arabiston yarim orolidagi VII asr boshlarigacha hukm surgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayot to‘g‘risida muayyan tasavvurga ega bo‘lgan ma’qul. Arabistonda uch ming yil muqaddam boy va madaniy davlatlar bo‘lgan. Minay va Sabay podsholiklarida miloddan avvalgi 800-yillarda Minay va Sabay yozuvlari bo‘lgani ham o‘sha davr madaniy hayoti rivojlanganidan dalolatdir. Arabiston yarim orolining shimoli-g‘arbiy qirg‘og‘ida, Falastin chegarasida miloddan avvalgi VI–V asrlarda Suriyani ham o‘z ichiga olgan Nabitay podsholigi bo‘lgan. Milodiy III asrda esa Kimyor davlati shakllangani ma’lum.

 

Janubiy Arabistonda yashagan Lahm, Gʻassan, Kinda qabilalari shimolga ko‘chib, yangi sivilizasiyaga asos soladi va ular tez rivojlana boshlaydi. Laxmidlarning Eron zardushtiylari bilan ittifoqi ularning nasroniylik (xristianlikning bir yo‘nalishi)ni qabul qilishlariga monelik qilmaydi. Gʻassoniylar esa Vizantiya ta’sirida monofizit xristianligi (xristianlikning yana bir yo‘nalishi)ni qabul qiladilar. Markaziy Arabistonda Kinda qabilasi o‘z podsholigini o‘rnatib, birlashishga harakat qiladi. 25 urug‘dan iborat va ancha tarqoq, murosasiz yashayotgan quraysh qabilalarining bir qismi Makkada birlashib, respublikaga o‘xshash davlat tashkil etishida Qusay alohida rol o‘ynadi. U V asr boshlarida Makka shahrining markazi Dorunnadvada Quraysh qabilalari oksoqollarining maslahat kengashini tashkil etadi. Har gal urush e’lon qilinganida bu yerga quraysh qabilasining bayrog‘i tikilar edi. Mavsumiy karvonlar Dorunnadvadan yo‘lga tushar, qaytishda esa keltirilgan mollarini Qusayning hovlisiga joylashtirishar edi. O‘g‘il bolalar balog‘atga yetgach, shu yerda xatna qilinar, qizlar ulg‘ayganda esa shu yerda maxsus vakil uning ko‘ylagini yirtib qaytarar, shundan so‘ng u begona ko‘zdan o‘zini asramog‘i lozim edi. Qusay Makkada ma’lum tartib-intizomga asoslangan sig‘inish marosimlarini tiklaydi, hukumatining doimiy qarorgohi etib Dorunnadvani belgiladi. Qurayshlar boyligining manbai – Ka’baga ibodatga keluvchilar edi. Qusay ularni ovqatlantirish, harbiy bayroqni saqlash, ekspedisiyaga qo‘mondonlik qilish vazifalarini bajardi. Hijratgacha arablarda, ayniqsa, badaviylarda qonli qasos olish odati keng yoyilgan edi. Qadimgi somiylardan qolgan bu odat arab qabilalari birligining asosi bo‘lgan oilalar muqaddasligi, shonu shavkatini saqlash an’anasi hisoblangan. Shu tariqa islomgacha badaviy (ko‘chmanchi) arablarda urug‘ ruhi yoki oila dini yetakchi bo‘lgan. Badaviylar arab xalq og‘zaki va yozma adabiyotining asoschilari edi. Shuning uchun janubiy arablarning lahja (dialekt)lari yo‘q bo‘lib ketdi, ammo shimol arablarining lahjalari saqlanib, u Qur’on tili sifatida hamon yashab kelmoqda. VII asr boshigacha ko‘chmanchilar yashaydigan sahrolarda ko‘pxudolik saqlangan bo‘lsa, o‘troq aholi yashaydigan joylar har tomonlama tashqi ta’sirga uchragan edi.

 

Makka shahrida bo‘ladigan katta bozorlarga savdo-sotiq uchun nafaqat ko‘p xudolikka ishonuvchilar, shu bilan birga xristian va yahudiy dinlaridagi yakkaxudoga sig‘inuvchilar ham kelishar edi. Bozor paytlarida 4 oy badalida bosqinchilik va dushmanlik vaqtincha to‘xtatilardi. Bu yerga badaviylar ham kelishar, bozorlarda qizg‘in she’riy tortishuvlar, musohabalar bo‘lib, bunda odob-axloq, yashashdan maqsad-muddao, iymon-e’tiqod masalalariga keng o‘rin berilardi. Makka va Toif bozorlaridagi bahs-munozaralar Baytullohga sig‘inishning ahamiyati bilan bog‘lanib ketardi. Bahslashuvchilar orasida albatta haniflar (haqiqat izlovchi taqvodorlar) ham bo‘lardi. Islom dini shakllangunga qadar ular arablar orasida yakka xudoga sig‘inishning (vahdoniyat) afzalligini targ‘ib qilishardi. O‘sha paytda arablar orasida keng tarqalgan ichkilikbozlik, qimorbozlik va boshqa shu kabi qusurlar ham haniflar tanqidiga uchrar edi. Xaniflik g‘oyasi arab qabilalarini yagona dinga birlashtirish istagidan iborat bo‘lsa-da, ammo Muhammad ibn Abdulloh (s.a.v.)ning diniy islohotiga qadar ular muvaffaqiyat qozona olmadi. Muhammad (s.a.v.)ga Musaylima ta’limotining ta’siri kuchli bo‘lganiga islomshunoslar e’tiborni qaratadi. Haniflar g‘oyalari ma’lum darajada Qur’oni Karimda ham o‘z ifodasini topgan. Savdogarchilik Makka qurayshiylarining asosiy kasbi edi. Ayni chog‘da xristian va yahudiy jamoalari ham savdo-sotiq bilan jiddiy shug‘ullanar edi. Xristian jamoalariga nisbatan yahudiy jamoalari ancha uyushqoq, birlashgan edi. Yahudiylar Makka chetida yashar, Yasribda ko‘p mablag‘lari bo‘lardi. Savdo-sotiq, pul va boylik talvasasi arablarning noaniq xayoliy diniy ishonchiga putur yetkaza olmadi. Hoshimning o‘g‘li Abdulmutallibdan Abdulloh dunyoga keladi. Islomning paydo bo‘lishi, arablar orasida vahdoniyatga asoslangan dinning qaror topishi, arab qabilalarining yakkaxudo – Alloh g‘oyasi atrofida birlashishi Abdullohning o‘g‘li Muhammad (s.a.v.) nomi bilan chambarchas bog‘liq. Yuqoridagi fikrlardan ma’lum bo‘ladiki, VI asring oxiri va VII asrning boshlarida, ayniqsa, Hijoz arablari yakkaxudolikka o‘tishga ma’lum ma’noda ruhan tayyor edi. Biroq, bir qadriyatning qadrsizlanishi, hali odamlar ongiga to‘liq singmagan g‘oyaning qadriyatga aylanib, ularning qalbida o‘rin olishi uchun hayotini shunday ezgu ishga bag‘ishlagan jasoratli va tashkilotchi bir shaxs kerak edi.

 

Muhammad alayhissalom (570–632) ana shunday shaxs sifatida nafaqat arablar dunyosida, balki butun musulmon olamida yangi sivilizasiyaga asos soldiki, minnatdor bashariyat bu olijanob, fidoyi insonning nomini har doim zo‘r hurmat va ehtirom bilan tilga oladi. Ul zotning jasorati, insoniyatni oliy bir g‘oya atrofida birlashtirib, chinakam ma’naviy go‘zal, axloqiy pok hayot kechirishga qilgan da’vati, mushriklarning ta’qiblaridan qo‘rqmay, buyuk diniy islohotni amalga oshira olgani avlodlar uchun ulkan jasorat maktabi bo‘lib qoladi. Ota-onasidan juda erta judo bo‘lgan Muhammad ibn Abdulloh avval bobosi Abdulmutallib, so‘ng amakisi Abu Tolibning qaramog‘ida tarbiya ko‘radi. 12 yoshida amakisi bilan Suriyaga qilgan safari beiz qolmaydi. 21 yoshga yetganda badavlat ayol Xadichaning savdo karvonini boshqarib Damashq va Halab shaharlarida bo‘ladi. Halol-pokdomon, xalq orasida Alamin (ishonchli) laqabini olgan Muhammad (s.a.v.) Hadichaning e’tiborini jalb etadi. Shu bilan birga 25 yoshli yigit Muhammad Hadichaga nisbatan ulug‘ bir muhabbat hislarini sezadi va 595 yilda qarindoshlarining roziligi asosida 40 yoshli Xadichayi kiboroga uylanadi. Undan Qosim, Abdulloh ismli o‘g‘illar, Zaynab, Fuqayya, Ummu-Kulsum va Fotima ismli farzandlar ko‘radi. Kunlardan birida Muhammad alayhissalomning qulog‘iga qandaydir ovoz keladi. Bundan qo‘rqib ketadi va xotini Xadichani bu sirdan voqif etadi. Gʻorga borganida ovoz yana takrorlanadi. Rivoyatlarda aytilishicha, Maloika Jabroil alayhissalom Allohdan vahiy keltiradi. Bu esa Rasululloh (s.a.v.)ning vahdaniyatni targ‘ib qilish faoliyatining boshlanishi edi. 40 yoshidan boshlab u Allohdan kelgan vahiylarni o‘z qabiladoshlariga yetkazadi. Birinchi bo‘lib Bibi Hadicha, keyin amakivachchasining o‘g‘li Ali, Zayd ibn Xorisa islomga kiradi. Abu Bakr, Zubayr, Talha, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abdurahmon ibn Avf, Usmon ibn Affon kabi Makka zodagonlarining islomga o‘tib, Allohga iymon keltirishi katta ahamiyatga molik bo‘ladi. Biroq, Makkadagi boshqa qabiladoshlari islomiy targ‘ibotlarga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqadi. Muhammad (s.a.v.) dastavval madinaliklarni birlashtirish choralarini izlaydi va topadi. Madinadagi ikkita asosiy qabila – Avs va Hazraj doimo o‘zaro olishib kelar edi. Bunday ziddiyatning davom etishi aslo mumkin emas edi. Muhammad (s.a.v.)ning xuddi diniy ruhi kabi tiniq bo‘lgan siyosiy ongi natijasida musulmon jamoasining nizomi yuzaga keldi. Unga ko‘ra, ansor (madinaliklar) va muhojir (makkalik)lar yagona bir jamoa (ummat) bo‘lib, unga o‘z e’tiqodida qolgan holda yahudiy va mushriklar ham kirar edi.

 

Muhammad (s.a.v.) islom ummatining ham diniy, ham dunyoviy rahbari bo‘ladi. Natijada qarama-qarshilik barham topib, barcha ziddiyatli masalalarni hal etish Alloh va uning rasuli (elchisi) Muhammad (s.a.v.) ixtiyoriga o‘tdi. Etnik ziddiyatlarni hal etish yo‘li topilgach, Muhammad (s.a.v.) Allohning vahiylari orqali yangi dinning rasm-rusumlarini shakllantira boshladi. Avvalo, Ka’baga haj qilish, tahorat olish, namoz o‘qish, ro‘za tutish rasm-rusumlari ishlab chiqiladi. Birinchi masjid qurilib, unda musulmonlar namozni Quddusi sharifga qarab o‘qiy boshlaydi. Oradan bir yarim yil o‘tgach, musulmonlar qiblasi ilohiy vahiy orqali Makkaga o‘zgartiriladi. Vahdoniyatga o‘tish arab qabilalari o‘rtasidagi nizolarni bartaraf etish va ularning Alloh va uning qudratli g‘oyasi atrofida birlashishi, jamiyatda ma’naviyatni qaror toptirish, qudratli islom davlatini barpo etish mumkinligini Muhammad (s.a.v.) va uning tarafdorlari ravshan tasavvur etsalar-da, ammo arab jamoatchiligini bunga ishontirish uchun keng tashviqot-targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish bilan birga, ayni chog‘da moddiy va harbiy qudrat ham kerak edi. Madinaliklar ham musulmonchilikni asta-sekin qabul etadi. Makkaliklar uchun kuch ishlatmasdan bunga erishish amrimahol edi. 624 yilda Badrda, 625 yilda Uhud tog‘i etagida bo‘lgan janglar makkaliklarni bo‘ysundirish u yoqda tursin, aksincha, ularning g‘azablarini oshirib yuboradi. 626 yilda makkaliklar madinaliklarga qarshi katta kuch bilan harbiy yurish boshlab, Madinani qamal qiladi. Biroq, makkaliklar o‘z niyatlariga erisha olmay, orqaga qaytadi. Shundan so‘ng diniy ta’limotning obro‘yi oshib, badaviylar ham islomga kira boshlaydi. Makka mushriklari esa Muhammad (s.a.v.) boshliq musulmonlar bilan tenglik asosida muzokara olib borishga majbur bo‘ldilar. Xudaybiya bitimiga ko‘ra, makkaliklar madinaliklarning Ka’ba ziyoratiga kelishlariga to‘sqinlik qilmaslikka rozi bo‘ladi. Madinaliklar esa Makka savdo karvonlariga hujum qilmaydigan bo‘ladi. Tez orada Hijozdagi arablarning asosiy qismi islomni qabul qilib, Alloh va uning rasuli Muhammad (s.a.v.)ga imon keltirdilar. 632 yil Muhammad (s.a.v.) oila a’zolari bilan birga Ka’baga birinchi marta haj ziyoratiga keldi va bu hol Makkaning musulmon olamining diniy markazi sifatidagi mavqeini uzil-kesil mustahkamlaydi. Muhammad (s.a.v.)ning bu ziyorati o‘ziga xos xayrlashuv marosimiga o‘xshaydi.

 

Tarixiy manbalarda bu ziyorat "Hajjul vado’", ya’ni vidolashuv haji deb nomlanadi. Hajdan qaytgach, oradan uch oy o‘tib Muhammad (s.a.v.) 632 yil 8 iyunda vafot etadi. Rasullulloh (s.a.v.) qazo qilgach, Makka va Madina ulamolari ijmo’ (kelishuv) yo‘li bilan mamlakat boshlig‘i – halifa (Rasulullohning o‘rinbosari)ni belgilash tamoyiliga amal qilib, Muhammad alayhissalomning eng yaqin safdoshi, do‘sti va qaynotasi Abu Bakr (r.a.)ga hokimiyatni topshiradilar. Undan so‘ng hazrati Umar (r.a.), hazrati Usmon (r.a.) va nihoyat payg‘ambarning qarindoshi, kuyovi Ali (r.a.) dastlabki islom davlatini boshqaradilar. To‘rt choriyorning faqat bittasi – Abu Bakr (r.a.) o‘z ajali bilan o‘ldi, qolganlari o‘ldiriladi. Muhammad (s.a.v.) davrida boshlangan xalqlarni musulmonchilikka kiritish jarayoni halifalar davrida, keyinchalik ummaviylar, abbosiylar hukmronligi zamonida boshqa xalqlarga ham islomni yoyish shiorlari ostida davom etadi. Gʻarbdagi ayrim ilmiy adabiyotlarda "Islom ekspansiyasi" deb noto‘g‘ri nomlangan islomlashtirish jarayoniga to‘g‘ri, haqqoniy, ilmiy-falsafiy asosda xolis baho berish muhim. Haqiqat shuki, islom g‘oyalari u tarqalgan mamlakatlar xalqlarining tarixiy tajribasi, turmush-tarzi, dunyoni his etishlari, qadimgi qadriyat va an’analariga mos kelgani tufayli tez qabul qilinib, ularning oliy qadriyatiga aylangan. Masalan, Markaziy Osiyo xalqlari asrlar davomida asosan zardushtiylik diniga sig‘inib kelishgan. Ibodatlari, rasm-rusum va marosimlarida islomga yaqin jihatlar bor bo‘lgan. Shuning uchun bu yerda arab hukmronligidan keyin ham islom ravnaq topaverdi. Bu shuni ko‘rsatadiki, zo‘ravonlik bilan biron din yoki oliy g‘oyani maslakka aylantirish amrimahol. Ispaniyani arablar bosib olgach, mahalliy aholini ham islom diniga kiritish uchun urinishlar bo‘ladi. Ammo ispan xalqining tarixiy tajribasi va an’analari ko‘p jihatdan boshqacha bo‘lgani uchun ular islomdan yiroqligicha qolishdi. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 147
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 396
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218761
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34216
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26597
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25195
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24906
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21791
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//