Irratsionalizm


Saqlash
21:06 / 23.06.2023 0 887

Irratsionalizm (lotincha irrationalis – ongsiz, aqlga asoslanmagan) – XIX asrning birinchi yarmida Yevropadagi taraqqiyot fanning turli sohalarida erishilgan yutuq va kashfiyotlar natijasi bo‘lib, bu jarayon o‘z navbatida falsafiy tafakkurdagi noana’naviy yondashuvlarning shakllanishiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Shunday yondashuvlar asosida falsafiy muammolar doirasi kengayib, turli oqim va yo‘nalishlar paydo bo‘lishiga olib kelgan. Shuningdek, bu davrda ijtimoiy-siyosiy hayotda kechgan murakkab jarayonlar ta’sirida ma’rifatparvarlik g‘oyalari va qarashlar inson huquq va erkinliklari, hayotning mazmuni, qo‘rquv, mas’uliyat, yashashdan maqsad, demokratiya, plyuralizm kabi masalalarga o‘rnini bo‘shatib bera boshlaydi. Faylasuflarning ba’zilari bunday o‘zgarishlarni tahlil qilar ekan, an’anaviy falsafiy yondashuvlardan chetga chiqish kerakligini va asosiy e’tiborni insonning irratsional mohiyatiga qaratish lozimligini isbotlash va asoslashga harakat qilgan. Chunki an’anaviy falsafiy yondashuvlarda aql inson mohiyatini belgilab beruvchi asos sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, noan’anaviy yondashuvlarda aql emas, balki insonning mavjudligi, irodasi, ruhiyati, ongsizligi uning mohiyatini bilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday qarashlarni o‘z ichiga olgan falsafiy yo‘nalish esa irratsionalizm nomi bilan rivojlantirildi. Irratsionalizm yo‘nalishi o‘z navbatida volyuntarizm (A.Shopengaur) va ekzistensializm dialektikasida (S.Kьyerkegor) o‘z ifodasini topdi. XX asrdagi irratsionalizmning rivoji esa falsafadagi yangi yo‘nalishlarning shakllanishiga olib keldi. Ular jumlasiga falsafiy antropologiya (M.Sheller, K.Yung), fenomenologiya (E.Gusserl), ruhiy tahlil (Z.Freyd, K.Yung), strukturalizm va poststrukturalizm (K.Levi Stross, F.Launsberi, J.Merdok, M.Fuko, L.Altyusser, J.Derrida, U.Eko), ekzistensializm (M.Xaydegger, A.Kamyu, J.Sartr, K.Yaspers, G.Marsel, N.Berdyayev) kabi oqimlarni kiritish mumkin. Irratsionalizm g‘oyalari XX asrning boshlaridan mafkuraviy qarashlarga ham ta’sir ko‘rsatib, liberalizm ta’limotida ham ma’lum darajada namoyon bo‘lgan. Lekin irratsionalizmning mafkuraviy asoslari bir tomonlama yondashuv va qarashlardan iborat bo‘lgan ortodoksal g‘oyalar majmui sifatida neoratsionalizm vakillari tomonidan keskin tanqid qilingan. Chunki irratsionalizm jamiyat taraqqiyotiga oid dasturlarning fan, texnika, texnologiya bilan bog‘liq jihatlarini tanqid qilishi istiqboldagi strategik mafkuraviy islohotlarni belgilab olishda turli muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Fan, texnika, texnologiyaning o‘rnini to‘g‘ri baholamaslik, insonlarning jamiyatdan begonalashuvi, kelajak to‘g‘risida qayg‘urmaslik, aqlning odamzod hayotidagi o‘rnini kamsitish, hissiyotga berilish va boshqalar shular sirasidandir. Irratsionalizm bilishning noaqliy (yoki aqldan quyi yoki yuqori) bosqichlari ham mavjudligini tan oladi va shu bosqichlar mazmunining tahliliga alohida e’tibor beradi. Irratsionalizm inson ruhiy faoliyatining ratsionallik doirasidan tashqariga chiquvchi xilma-xil jihatlarini birinchi o‘ringa suradigan turli xildagi falsafiy tizim va yo‘nalishlarni birlashtiradi. Masalan, irodani (volyuntarizm), intuitsiyani (intuizm), ongsizlikni (psixoanaliz) va hokazo. Barcha dinlarning mistik yo‘nalishlari irratsionalizm (noratsional) tabiatga ega: islom dinida bu tasavvuf bo‘lsa, Hindistonda shakllangan dinlarda yoga, Xitoyda esa dzen-buddizmdir.

 

Diniy aqida va uning rasmiy jihatlari (shakllari) esa ratsional tabiatga ega. Shu ma’noda, irratsionalizm o‘z tabiatiga ko‘ra juda qadimiydir. Faqat XVII–XVIII asrlarga kelib uning ratsionalistik jihatlari yetakchi o‘ringa chiqib, XIX asr oxirlariga qadar hukmronlik qilib keldi. Hozirgi davr fani ratsionallikka asoslangandir. Bilishning ratsionallikdan (intelektuallikdan) boshqa yuqori shakllari mavjudligi haqidagi fikr-mulohazalar eng qadimgi manbalardan biri bo‘lgan hind falsafiy merosida batafsil bayon etilgan. Unda eng oliy haqiqatga rivoj topgan aql yordamida ham erishib bo‘lmasligi, unga erishish uchun oliy reallikka singib, u bilan uyg‘unlashib ketish kerakligi kabi g‘oyalar olg‘a surilgan. Bunday singib ketish natijasida inson ongi yorishadi, deyiladi. Tasavvufda buni ishroq, ya’ni Haqqa (Alloh visoliga) yetishish deyiladi. XX asrning yirik mistik hind faylasufi A.Gxosh aql inson tabiatini tubdan o‘zgartira olmaydi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, aql turli tizim va ta’limotlarni yaratishdan nariga o‘ta olmaydi, chunki, bu tizimlarda ifoda etilgan g‘oyalarning o‘zi to‘liq emas, nisbiy haqiqatdir. Hayot esa hech qanday formula va tizim doirasiga sig‘maydi, u inson intellektining irodasiga bo‘ysunmaydigan murakkab va cheksiz yashirin imkoniyatlarga to‘liqdir. A.Gxosh ong evolyutsiyasining aqldan yuqori va aqldan quyi ko‘p pog‘onalari mavjudligini va hozirgi davr Yevropa irratsionalistik falsafiy oqimlari, xususan, psixoanaliz ongning aqldan boshqa shakllarini o‘rganish uchun endigina ilk qadamlar qo‘yayotganini ta’kidlaydi. Uning fikriga ko‘ra, inson bilish mumkin bo‘lgan haqiqatning “qora yarim sferik qismi” ham bor. Psixoanaliz “ongsizlik sohasi” deb o‘rganayotgan, odamning jinsiy quvvatlarini ifoda etadigan, bu sohadan boshqa aqldan yuqori (supramental) ong sohasi mavjudligi hamda uning o‘zi ham turli darajalarga bo‘linishi g‘oyasini ilgari suradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 150
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34227
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26598
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25205
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24909
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21794
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//