Bilasizmi?
Iroda baquvvatligi – inson irodasiga xos ma’naviy xususiyatlardan biri: 1) muayyan maqsadni yuzaga chiqarish uchun kishida bo‘lgan matonat va qat’iyat; 2) insonning ma’lum maqsad yo‘lidagi o‘z xatti-harakatini, ixtiyor va xohishini ongli ravishda yo‘naltirib turishi, shu yo‘ldagi qat’iyati, mavjud to‘siqlarni yenga olishga qodir bo‘lgan ruhiy-ma’naviy salohiyatini ifoda etadigan tushuncha. Inson ichki dunyosi va iroda baquvvatligi uning ma’naviyatliligidan darak beradi. Masalan, xalqimiz o‘z boshidan kechirgan mustamlaka davrini ko‘z oldimizga keltiraylik. Qariyb 150 yil davom etgan, tariximizning tom ma’nodagi qora kunlari bo‘lmish o‘sha zamonda bir paytlar o‘zining qudratli davlatchiligi, buyuk farzandlari, yuksak ilmu madaniyati, obod shahar va qishloqlari bilan dunyoni hayratda qoldirgan yurtimiz va xalqimiz qanday og‘ir qiyinchiliklarga duchor bo‘lganini yaxshi bilamiz. Biroq ana shunday dahshatli davrlarda ham, zulm va istibdodga qaramasdan, xalqimizdagi iroda baquvvatligi bois o‘zligini yo‘qotmadi. Tili va iymon-e’tiqodini saqlab qoldi. Nohaqlik va zo‘ravonlik hukmron bo‘lgan shunday zamonlarda ham yurtimizdan millat va xalq qayg‘usi bilan yashagan vatanparvar insonlar yetishib chiqdi. Shu tariqa, el-yurtimizning asrlar sinovida yanada kuchayib, toblanib borgan mustahkam irodasi nafaqat qadimiy ma’naviyatimiz, balki milliy o‘zligimizni saqlab qolishga zamin bo‘ldi. Yapon va koreys xalqi asrlar davomida shakllanib, katta bunyodkor kuchga aylangan o‘ziga xos milliy ma’naviyati orqali rivojlangani bugungi kunda hech kimga sir emas. Shu bois, "yapon moʻjizasi" yoki "koreys moʻjizasi" haqida gap ketganda, mutaxassislar birinchi galda "yapon xarakteri", "koreys tabiati" degan iboralarni tilga oladi. Tabiiyki, ular bu o‘rinda, avvalo mazkur xalqlarga mansub ma’naviy fazilatlarni nazarda tutadi. Ya’ni, bu xalqlarning ichki dunyosi, irodasi ma’naviyat negizida yanada toblangan, kamolga yetgan.
Globallashuv jarayonining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundan iboratki, hozirgi sharoitda u mafkuraviy ta’sir ko‘rsatishning o‘tkir quroliga aylanib, har xil siyosiy kuchlar va markazlarning manfaatlariga xizmat qilayotganini sog‘lom fikrlaydigan har qanday odam yaxshi anglaydi. Mana shunday vaziyatda inson o‘z mustaqil fikriga, zamonlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatlarga, sog‘lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lmasa, turli ma’naviy tahdidlarga, ularning xilma-xil ko‘rinishdagi ta’siriga bardosh berishi amrimahol. Inson o‘z hayoti davomida turli muammolarga, hatto keskin vaziyatlarga duch keladi. Bunda, birinchi navbatda, o‘z kuchiga ishongan, ruhiy dunyosi, ma’naviy olami baquvvat bo‘lgan insongina qiyin holatdan chiqib keta oladi. Ma’naviy boylik ana shunday paytda kishiga kuch va madad beradi. Shu ma’noda, insonning ma’naviyati yuksalishi bilan uning irodasi ham mustahkamlanib, toblanib boradi deyish mumkin. Iroda baquvvatligi bois inson o‘ziga ishonadi, har qanday murakkab vazifani zimmasiga olishdan qo‘rqmaydi. Shuning uchun ham yuksak irodali insonga suyanish mumkin. Bunday insonlar boshingizga biror-bir tashvish yoki muammo tushsa, loqayd qarab turolmaydi. Lekin birovning hayotiga, yon-atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga betaraf va beparvo qarab, shunchaki kuzatuvchi bo‘lib yashaydigan kishilardan qo‘rqish kerak. Chunki ularda na imon, na iroda bo‘ladi. Ular hatto o‘z xalqi va Vatani taqdiriga ham bamisoli begonadek qaraydi. Mashhur faylasuflardan biri bu haqda shunday deydi: "Dushmanlardan qo‘rqma, nari borsa, seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma, ular nari borsa, xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo‘rq, ular seni o‘ldirmaydi, sotmaydi ham. Lekin ularning loqaydligi tufayli Yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi".
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q