Iroda. Irodasiz(lik)


Saqlash
21:06 / 22.06.2023 0 3504

Iroda – odamning ichki va tashqi intilishlari, imkoniyat va salohiyatini maqsad yo‘lida safarbar etish, qat’iyat bilan harakat qilish, sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishga, har qanday sharoitda ham ruhiy muvozanatni saqlashga asos bo‘ladigan ma’naviy fazilat. Odam iroda tufayli turli havoyi, keraksiz hoyu havaslardan voz kechadi, o‘z hayot yo‘lini belgilab oladi. Iroda inson ma’naviy faoliyatining yuksak bosqichi bo‘lib, uning har qanday murakkab vaziyatda ham o‘z sha’niga munosib holda aql-idrok, aql-zakovat bilan ish tutishga undaydi. Iroda orqali inson o‘z xohish-istaklari, xatti-harakatlarini qat’iy nazorat qilib turadi, turli ma’naviy va moddiy qiyinchiliklarga bardosh beradi. Psixologik nuqtai nazardan insonning turli qiyin va murakkab vaziyatlarda mardlik ko‘rsatishi ham bevosita uning irodasiga bog‘liq. Shuning uchun ham irodani tadqiq etishda psixologiya fanida avtogenetik (V.Vundt, N.Ax, I.Lindvorskiy) va geterogenetik nazariya alohida o‘rin tutadi. Ba’zi xorijiy olimlarning (I.F.Gerbart, K.Erenfels, E.Myoyman) tadqiqotlarida irodaning tafakkur va hissiyot bilan chambarchas bog‘liq ekani alohida qayd etiladi. Gʻarb ilm-fanida nemis faylasufi Artur Shopengauer "Iroda falsafasining" asoschisi sifatida e’tirof qilinadi. Vaholanki, iroda masalasi Sharqda, xususan, O‘rta Osiyodagi mavjud tarixiy manbalar va buyuk allomalar merosida yuksak darajada ta’rif va tasnif etilgan. Jumladan, "Avesto"da iroda tangrining inson qalbidagi tajassumi sifatida talqin qilingan. Shuningdek, islomda ilohiy adolat insonning iroda erkinligini taqozo etishi uqtirilib, Allohning odilligi uning faqat "eng yaxshi" (al-aslah) narsalarni qilish, dunyoning tartibini hech qachon buzilmaslik hamda barcha uchun barobar ekanida namoyon bo‘lishi ta’kidlanadi. Deyarli bir yarim asr mobaynida adolatsizlik, o‘zgalar xohish-irodasining zo‘rlab qabul qildirilishi bilan bog‘liq xo‘rlik va zulm azoblarni boshdan kechirgan xalqimiz mustaqillikka erishib, o‘z xohish-irodasi bilan yashash, qonunlar qabul qilish, o‘z parlamenti, hukumati va prezidentini saylash baxtiga muyassar bo‘ldi. Bosiqlik, kamtarinlik, kamsuqumlik, mehnatkashlik, bag‘rikenglik kabi xalqimizga xos bo‘lgan ko‘plab ezgu fazilatlar ko‘proq iroda kuchi natijasida yuzaga keladi. El-yurtimiz biron bir qaror qabul qilishdan oldin atroflicha o‘ylab, ko‘pchilik bilan maslahatlashib, xalqimiz ta’biri bilan aytganda "yetti o‘lchab, bir kesib", keyin aniq bir xulosaga keladi. Bu esa hayotda yengil-yelpi gaplarga uchmasdan, aniq maqsadlarni ko‘zlab, qat’iyat bilan yashashga asos bo‘ladi.

 

Inson irodasining yuksak ma’naviy ko‘rinishi mardlik hisoblanadi. Mard kishi boshqalarni aldamaydi. Unda oriyat va g‘urur kuchli bo‘ladi. Chunonchi, ma’rifatparvar ajdodimiz Abdurauf Fitrat "Oila" risolasida iroda masalasiga alohida to‘xtalib, ota-onalarni farzandini irodali qilib tarbiyalashga da’vat etadi. U iroda tarbiyasining to‘rt banddan iborat bosqichini taklif etadi. Bolani irodali qilib tarbiyalashda ota-onaning nazorati va cheklovi emas, balki bolaga beriladigan muayyan erkinlik muhim ekanini ta’kidlaydi. Ma’naviyat, uning uzviy qismi bo‘lgan iroda inson qalbida kamol topishi uchun kishi qalban va vijdonan, aql va qo‘l bilan mehnat qilishi kerak. Chunki mehnat – eng buyuk tarbiyachi. U irodani mustahkamlaydi. Xalqimizning Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Muso Xorazmiy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Yassaviy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo singari farzandlari irodasi baquvvat bo‘lgani uchun o‘z faoliyat sohalarida mislsiz yutuqlarga erishganlar. Irodali odamda maqsad va faoliyat izchilligi kuzatiladi. Oldinga qo‘yilgan maqsadga erishishga bo‘lgan ishonch irodaning muhim kuchi, bosh mezonidir. Qat’iy ishonch maqsad yo‘lidagi qiyinchiliklarni yengish uchun ma’naviy asos yaratadi. Har bir jamiyat taraqqiyoti, uning ilg‘or g‘oyalarini amalga oshishi mazkur jamiyat a’zolarining irodasiga bog‘liq. Shuning uchun ham xalq va millat irodasini shakllantirishga, iroda tarbiyasiga ajdodlarimiz azaldan katta e’tibor qaratgan. Irodali bo‘lish e’tiqodli bo‘lish bilan chambarchas bog‘liq. Chunki hayotda ma’lum bir qarash va ta’limotlar, e’tiqodlarning g‘oyaviy asosini yaratib beradi.

 

E’tiqodning zaif yoki mustahkamligi, umuminsoniy va milliy manfaatlarga mos kelishi yoki kelmasligi ham irodaning mustahkam bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Tarixdan ma’lumki, daho zotlar, umuman o‘zini shaxs sifatida namoyon eta olgan barcha insonlar kuchli iroda egasi bo‘lgan. Ular o‘zida xatti-harakatini ongli ravishda tartibga solish va ko‘zlangan maqsadi yo‘lidagi har qanday to‘siqlarni bartaraf etish layoqatini shakllantirgan. Negaki, bu hayotda men shuni xohlayman, degan bilan ish bitmaydi. Irodali odam shu ishni bajarishim shart, deb o‘z oldiga qat’iy vazifa qo‘yadi va uni amalga oshirish uchun dadillik bilan kirishadi. Hozirgi kunda odamlarimiz, avvalambor, yoshlarimizning iymon-e’tiqodini mustahkamlash, irodasini baquvvat qilib tarbiyalash ustuvor vazifa hisoblanadi. Buning uchun esa ularda o‘zligini unutmaslik, ota-bobolarning muqaddas qadriyatlarini asrab-avaylash va hurmat kilish kabi fazilatlarini qaror toptirish lozim. Ular kuchli iroda egasi bo‘lishi lozim. Shundagina ularni hech qanday zararli oqimlar, vayronkor kuchlar yo‘ldan ura olmaydi. Shu ma’noda, iroda barkamol avlod va komil insonning shakllanishida muhim o‘rin tutadi.

 

Irodasiz(lik) – kishining o‘zini o‘zi idora qila bilmasligi, o‘z xulqi va faoliyatini tartibga sola olmasligi va o‘zini o‘zi boshqarish, zarur paytda o‘zini tutishga, jasorat, mardlik, matonat ko‘rsatishga qurbi yetmasligi bilan bog‘liq holatlarini ifoda etadigan tushuncha. Irodasiz inson ozgina muvaffaqiyatsizlik yoki to‘siqdan qo‘rqib maqsadidan voz kechadi, oldinga yurish o‘rniga orqaga tisariladi. Vaziyatga qarab o‘zgaraveradi. O‘ziga, o‘zining kuch-imkoniyatlariga ishonmaydi, vaziyat murakkablashishi bilan o‘ziga ham, boshqalarga ham xiyonat qiladi. Lekin vaziyat ijobiy tomonga o‘zgara boshlashi bilan uyat va hamiyatni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, yana maydonga chiqmoqchi, o‘zini fidoyi qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday odamlar juda xavflidir. Chunki ularning do‘st yoki dushmanligini tezda bilib bo‘lmaydi. Ular har qanday qabihliklar – sotqinlik, firibgarlik, tuhmat va bo‘htondan ham qaytmaydi. Xalqimiz bunday odamlarni "Og‘irning ustidan, yengilning ostidan yuradi", deb ta’riflaydi. Darhaqiqat irodasiz odam hech qachon mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, tashabbus ko‘rsatmaydi, "Bersang yeyman, ursang o‘laman", degan aqida asosida yashaydi. Irodasiz insonning xatti-harakati, xulqi uning o‘zidan ko‘ra boshqalarga ko‘proq zarar keltiradi. Irodasizlik kishida tushkunlik kayfiyati ustun bo‘ladi. U dunyoga va hayotga umidsizlik bilan qaraydi, barchaning faqat salbiy, yomon tarafini ko‘radi. O‘zidagi kamchilik va muvaffaqiyatsizliklarning sababchisi o‘zgalar deb biladi. Zamonaviy psixologiya fanida irodasizlik hodisasi keng o‘rganilgan. Jumladan, uning bir tarmog‘i bo‘lgan patopsixologiyada irodaning har xil darajadagi susayish holatlari kuzatiladi. Masalan, abuliya – irodaga xos har qanday harakatning to‘xtashi va barcha xohish-istaklarning yo‘qolishi bilan bog‘liq holda kechadigan kasallik hisoblanadi. Bunda inson faqat stereotipga aylangan bir xildagi harakatlarni amalga oshiradi. Pirovard natijada, u eng oddiy fiziologik ehtiyojlarni amalga oshirishga qaratilgan ishlarni ham bajara olmay qoladi.

 

 

Giperbuliya – irodaviy xatti-harakatlarning kamroq darajada susayishi bo‘lib, unda faoliyatning go‘yo kuchayib ketgandek bo‘lib tuyulishi ko‘zga tashlanadi. Giperbuliya haddan tashqari kayfi chog‘lik holati bo‘lib, maniakal holatga tushgan bemorlardagina kuzatiladi. Buyuk ajdodlarimiz mustaqil iroda sohiblari bo‘lgani uchun irodasizlikni qattiq qoralaganlar. Xususan, ulug‘ mutafakkir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur bunday deb yozadi: "Ko‘ngli tilagan murodiga yetsa kishi, Yo barcha murodlarni tark etsa kishi. Bu ikki ish nasib o‘lmasa olamda, boshin olib bir sorig‘a ketsa kishi". Irodasizlikga chek qo‘yish uchun insonlarni yoshligidan tarbiyalash talab qilinadi. Irodasizlikga chek qo‘yishda oiladagi, atrofdagi, jamiyatdagi muhit va insonlarga bo‘lgan munosabat muhim o‘rin tutadi, chunki atrofdagilarning bir-birlariga bo‘lgan muntlarini ko‘rgan bola shunga qarab shakllanib boradi. Ular avval kattalarga taqlid qiladi, so‘ng sekin-asta qilayotgan ishlarining mohiyatini anglaydi. Yoshlar irodasini to‘g‘ri tarbiyalashda ota-onaning ongi, ma’naviyati, bilimi, tarbiya ko‘rgani muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, sport, harbiy mashqlar bilan shug‘ullanish, ibratli badiiy kitoblar o‘qish, kino va san’at asarlarini tomosha qilish, halol mehnat irodani toblaydi, insonni ma’nan chiniqtiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 150
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34228
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26598
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25208
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24910
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21795
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//