Intizom


Saqlash
20:06 / 22.06.2023 0 1870

Intizom – qat’iy tartib va qoidalar asosida izchil harakatni anglatadigan tushuncha. Intizomlilik – intizomni mahkam tutuvchi, unga amal qiluvchi, bo‘ysunuvchi, tartibli shaxsga xos xususiyat. "O‘zbek tilining izohli lug‘ati"da "Intizom" so‘ziga bunday izoh berilgan: "tartib, tartibli tuzilish, izchillik". Jamiyatning yoki ma’lum jamoa a’zolarining amal qilishi, bo‘ysunishi lozim bo‘lgan qat’iy tartib, qoida. (Masalan, harbiy intizom, mehnat intizomi.) "Intizomli lashkar yengilmas" degan maqolda harbiy intizomning qanchalik muhimligi qisqa va oddiy bayon etilgan. Intizom bo‘lmasa yaxshi qurollangan, ko‘p sonli qo‘shin ham intizomli, ozroq sonli lashkardan yengilishi mumkin, tarixda bunga misollar ko‘p. Lug‘atda intizomga berilgan ta’riflardan biri "izchillik"dir. Unga ko‘ra intizom izchil, uzluksiz, muntazam bo‘lmog‘i kerak, shundagina u yaxshi samara beradi. Qat’iy intizomga yoshlikdan o‘rgatilsa, bola katta bo‘lganida ham intizomli bo‘ladi. Intizom inson faoliyatining barcha turlarida albatta bo‘lmog‘i zarur. Intizom bo‘lmagan oila, jamoa va korxona, muassasada ish unumdorligi va sifati past bo‘ladi. Intizom bo‘lmagan joyda parokandalik vujudga keladi, usiz hech qanday tadbirni amalga oshirib bo‘lmaydi.

 

Intizom turlicha bo‘lishi mumkin. Katta korxonalarda ichki intizom qoidalari ishlab chiqilib, jamoa tomonidan tasdiqlanganidan keyin unga rioya qilish hamma uchun majburiydir. Ayniqsa, texnologik jarayonda intizomli bo‘lish g‘oyat zarur. Masalan, avtomobillar ishlab chiqaradigan sanoat korxonasida texnologik intizomga rioya qilinmasa, avtomobil sifatini ta’minlab bo‘lmaydi, korxona to‘la quvvat bilan ishlashga ojizlik qilib qoladi. Inson huquqlarining ta’minlanishiga to‘sqinlik qilmaydigan, insonning insonlik sharafiga zid talablar qo‘ymaydigan intizom qoidalari bajarilganida ishchi yollovchiga ham, ishga yollanuvchiga ham qulay sharoit vujudga keladi. Intizomli odam vaqtdan to‘g‘ri foydalanadi, o‘z vaqtini to‘g‘ri taqsimlaydi va maqsadiga erishadi. Intizomli odam sabr-qanoatli bo‘ladi, u nafaqat o‘zining, balki boshqalarning ham vaqtini tejaydi. Intizomli odam ahdiga vafo qiladi. Intizomning o‘zi ham qaysidir ma’noda odamni tarbiyalaydi. Masalan, aksariyat hollarda intizomli o‘quvchi yoki talaba darslarni yaxshi o‘zlashtiradi, chunki u o‘zini nazorat qilishni, diqqat-e’tiborini jamlashni biladi. Hozirgi ilmiy-texnikaviy taraqqiyot intizom masalasiga nihoyatda katta e’tibor qaratishni taqozo etadi. Intizom bo‘lmasa, transportdan foydalanish qanday halokatlarni keltirib chiqargan bo‘lar edi. Intizom tilimizdagi tartib, qoida kabi so‘zlar bilan muayyan holatlarda ma’nodosh bo‘lib keladi. Mumtoz adabiyotimizda nizom so‘zi ham intizom ma’nosida qo‘llanganini kuzatish mumkin. Masalan: "Dunyoga kelgan payg‘ambarlarning har birlari din va shariatlarini tartib va nizom ila yuritmishlar. Xususan, islom dini mukammal ravishda tartib va nizomga rioya qilishdir". Abdulla Avloniy aytganidek, Davlatning koni manbai, tartib-intizom, // Sarvatni poydori erur iqtisodi tom.// Muhtojlig‘ yuzini ko‘rar deb gumon qilmang, // Tartib birla yursa, kishining ishi mudom.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 149
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34224
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26597
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25204
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24909
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21793
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//