Internet


Saqlash
00:06 / 22.06.2023 0 1546

Internet (lotincha inter – aro va net (work) – tarmoq) – 1) katta (global) va kichik (lokal) kompyuter tarmoqlarini o‘zaro bog‘laydigan butun jahon kompyuter tizimi, butun dunyo bo‘ylab faoliyat ko‘rsatadigan xalqaro axborot almashuvining global kompyuter tarmog‘i; 2) turli-tuman masalalar va sohalar bo‘yicha ma’lumotlarni qamrab oladigan, uzoq masofalardan turib aloqani amalga oshirish, elektron tijorat, masofaviy ta’lim, audeo, video, tele, tasvir ayirboshlash va umuman, ko‘pdan-ko‘p yangilik va ma’lumotlarni jamlaydigan elektron axborot vositasi va dasturini anglatuvchi tushuncha. Internetda geografik joy, zamon va makondan qat’i nazar ayrim kompyuter va mayda tarmoqlararo o‘zaro hamkorlik uning global informatsiya infratuzilmasini tashkil etadi. Keng ko‘lamdagi yangiliklarni turli yo‘nalishlarda tarqatish va telekonferensiyalarni tashkil etish kabi muammolar yechimiga amaliy yordam ko‘rsatadi. Qaydnomalar tizimi bilan boshqariladigan barcha hosila tarmoqlari hamkorlikda iste’molchilarga informatsiyani saqlash, e’lon qilish, jo‘natish, qabul qilish, izlash va ma’lum bo‘lgan barcha variantlar (matn, tovush, videotasvir, fotosurat, grafika, musiqa tarzida va boshqa ko‘rinishlar)da informatsiya almashinuvi uchun imkon yaratadi.

 

O‘zbekistonda global internet tarmog‘iga ulanish masalalarini hal etishga 1997 yildan boshlab kirishilgan edi. Bu tarmoqqa ulangan iste’molchi ishxonadagi (uyidagi) kompyuter orqali xohlagan davlatdagi internet tarmog‘iga ulanishi mumkin va ulardan axborotlarni matn, surat, grafika, jadval yoki videotasvir ko‘rinishida olishi mumkin. Axborot resurslariga oid ko‘p masalalarni mamlakatimizdagi yirik kutubxonalar shu sohadagi internet tarmoqlariga suyangan holda hal qiladi. Internet tushunchasi XX asrning 60-yillaridan shakllana boshlagan. 1969 yilda ARPA (Ilg‘or tadqiqot loyihalari) agentligi to‘plamlar kommutatsiya qilinadigan eksperimental tarmoq yaratish maqsadida tadqiqot boshlaydi. Tarmoq yaratilib, u g‘oyat oddiy hamda qisqa nom ARPANET, ya’ni agentlik tarmog‘i nomini oladi. Tarmoq aloqa tizimida ma’lumotlar oqimini mustaqil uzatish texnologiyalarini o‘rganish uchun barpo etilgan edi. Tadqiqot loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshgani bois uni yaratishda qatnashgan ko‘pgina tashkilotlar bu tarmoqdan o‘z kundalik maqsadlarida foydalana boshlaydi va 1975 yilda mazkur eksperiment ishchi tarmoqqa joriy qilinadi. Bunda tarmoq uchun javobgarlik DSA (AQSh Mudofaa aloqasi agentligi) zimmasiga yuklanadi. Ayni vaqtda mutaxassislar TSR/IR (Transmission Sontrol Rgotoso1 / Internet Rgotoso1 Uzatish jarayonini boshqarish protokollari) internet Protokol asoslarini ishlab chiqishga kirishadi. Aynan ana shu vaqtning o‘zida «Internet» atamasi (Interconnekted Networks birlashtirilgan tarmoqlar so‘zlarining qisqartmasi) qo‘llana boshlaydi. Holbuki, bu vaqtda ARPANET ikkita alohida tarmoqqa: MILNET (arbiy tarmoq) Ma’lumot uzatish mudofaa tarmog‘ining nomaxfiy qismi (DDN) va yangi (hajmi kichraytirilgan) ARPANETga bo‘lingan edi. O‘sha vaqtda bir yo‘la har ikkala tarmoq, nazarda tutilishi kerak bo‘lgan hollarda esa Internet atamasi qo‘llangan.

 

O‘tgan asrning 90-yillarda “Jahon o‘rgimchak to‘ri” Worldwide Wed gipermatn sahifalari tizimi vujudga keladi. CERN (Shveysariya) kompaniyasi xodimi Tim Berners-Li hujjatlarni gipermatnli chegaralash tili NTML tilini ishlab chiqadi. 1993 yilda NCSA (National Center for Supercomputing Application) xodimlari Mark Andressen va Erik Bina ilk brauzer “Mosaic X”ni ishlab chiqishadi. Keyinchalik Mosaic Communications internet sahifalari brauzerining birinchi versiyasi Nitscape Navigator 1.0 versiyasini taqdim etadi. Shuni aytib o‘tish joizki, 90-yillarda Maykrosoft kompaniyasi butun dasturiy ta’minot bozorini boshqaradi, Nitscape Navigator dasturi esa o‘zining onlayn imkoniyatlari orqali Windows bilan raqobatlashishi mumkin edi. Shunda Bill Geyts ularning raqobatchi ekanini anglab, xodimlariga bu kompaniyani darhol “o‘yin”dan chiqarish to‘g‘risida buyruq beradi. Shu tariqa brauzerlar qarama-qarshiligi boshlanadi. 1995 yil 7 dekabrda Maykrosoft Internet Explorer (IE) brauzerini ishlab chiqadi. 1997 yil sentabr oyida brauzerlar qarama-qarshiligi Maykrosoft kompaniyasining g‘alabasi bilan tugaydi. O‘sha vaqtda Luis Monye Alta Vista qidiruv tizimini ishlab chiqadi. Shu vaqtning o‘zida esa Sietldagi bo‘lajak “Internet-do‘konlar qiroli” Amazon ish boshlaydi. 90-yillar oxirlariga kelib, Sompaq kompaniyasi Alta Vista qidiruv tizimini 3 million dollar evaziga sotib oladi. O‘shanda dastlabki internet auksionlar, portallar, shuningdek, internet tarmog‘ida birinchi marta МРЗ formatidagi musiqiy fayllar paydo bo‘ladi. Oradan bir yil o‘tgach, 1998 yilning mart oyida Netscape kompaniyasi jahon navigatorining boshlang‘ich kodlarini ochadi va butun dunyodagi kompyuter ixlosmandlari birlashib, Mozilla Organization deb nomlangan hamjamiyat – kichik loyihaga asos soladi. Keyinchalik u Mozilla Foundation deb qayta nomlanadi.

 

Hozirgi kunda internet brauzerlar juda ko‘payib ketgan. Ular orasida eng ommalashganlari, albatta Internet explorer, Flock, Netscape, Mozilla Firefox, Avant Browser va boshqalardir. Ma’lumki, 90-yillarning o‘rtalarida internet tarmog‘iga tijorat nuqtai nazaridan qaralmas edi. Ammo 1995 yilning oxirlarida Yahoo kompaniyasi birinchi bo‘lib internetda reklama targ‘ibotini boshlaydi va internet orqali daromad ko‘rish mumkinligini tushunib yetadi. Tez orada Yahoo ning raqiblari ham paydo bo‘ladi. Ularning orasida eng xavflisi talabalar tomonidan yaratilgan Excite edi. Ammo Yahoo ga qaraganda Excite takomillashtirilgan tizimdan foydalanar edi. O‘sha kezlarda ko‘proq daromad topish maqsadida Yahoo va Excite da reklamalar, foydali maslahatlar, pochta servislari va chatlar tobora ko‘payib, bu qidiruv tizimlari ko‘ngilochar portallarga aylana bordi. Yahoo va Excite o‘rtasidagi raqobat shafqatsiz edi, ammo qidiruv tizimlari o‘zlarining dastlabki yo‘nalishlari bo‘lgan ma’lumot qidirishni unutib qo‘ydi. Zarur ma’lumotni topish lozim bo‘lganda Yahoo va Excite keraksiz narsalarni chiqarib berardi. Ba’zan kerakli ma’lumotlarni izlab topish uchun bir kunlab vaqt ketardi. Shu bois keskin tarzda farqlanuvchi yangilik zarur edi va buning javobi Stenford universitetida topiladi. Sergey Brin va Larri Peyj 1998 yilning birinchi yarmida yangi, istiqbolli texnologiyani rivojlantirib, bu yangi qidiruv tizimiga Google deb nom berishdi. O‘sha paytda Stenford universitetining yotoqxonasidagi Peyjning xonasi ma’lumotlarni qayta ishlash markazini, Brin xonasi esa ishchan ofis vazifasini bajarar edi. Og‘aynilar o‘z g‘oyalarini sotmoqchi bo‘lishganida muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Shunda ular biznes-reja tayyorlab, o‘z kompaniyalarini tashkil etish uchun mablag‘ izlashga tushadi. Natijada dastlabki investitsiyalar hajmi 1 million AQSh dollarini tashkil etadi. Bu pullar qarindosh va do‘stlardan, shuningdek, investorlardan to‘planadi. Jumladan, Sun Microsystems kompaniyasi tashkilotchilaridan biri Endi Bextolsxaym g‘oya mualliflariga 100 ming AQSh dollariga chek beradi. Google qidiruv tizimi kuniga 10 mingta so‘rovga javob beradi va PS Magazine jurnali tomonidan 1998 yilning eng yaxshi 100 ta internet sayti qatoriga kiritiladi.

 

Bugungi kunda Google eng mashhur va muvaffaqiyatli qidiruv tizimlaridan biri hisoblanadi, uning asoschilari Brin va Peyjning daromadi esa bir necha milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Bugun kompyuter texnologiyalari hayotimizda mustahkam o‘ringa ega, kompyuter savodxonligi ko‘rsatkichi esa ko‘p hollarda insonning yuqori saviyasini belgilab beradigan omilga aylanib bormoqda. Endilikda kompyuterda ishlashni bilmaydigan xodimni yaxshi mutaxassis deyish qiyin. Agar o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida yoshlarning eng sevimli mashg‘ulotlari musiqa tinglash va teleko‘rsatuvlar ko‘rish bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda esa kompyuter va internet avvalgi qiziqishlarni yosh avlod hayotidan siqib chiqardi. Zamonamiz yoshlarining 70 foizi o‘z qiziqish va sevimli mashg‘ulotlari haqida so‘z yuritganda sport, do‘stlar bilan suhbatlashish, ma’naviy va madaniy hordiq chiqarish bilan bir qatorda kompyuter texnologiyalari, internetga bo‘lgan qiziqishini birinchi o‘rinda tilga oladi. Nielsen/ Net Ratings kompaniyasi o‘tkazgan so‘nggi ilmiy tekshiruv natijalariga ko‘ra, butun dunyo tarmog‘iga ulanayotgan yosh bolalarning soni kun emas, soat sayin oshmoqda: birgina 2007 yili Yevropada yosh avlod vakillarining uchdan bir qismi onlayn tizimidan foydalangani kuzatilgan. 2008 yili dunyo axborot tarmog‘ida 10 million yosh «sayr» qilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni allaqachon 13 milliondan oshib ketdi. Bu ko‘rsatkich kundan-kunga ko‘paymoqda. Bunday onlayn hayotda yashaydigan yoshlarning katta qismi – 4,5 millioni Buyuk Britaniyaga to‘g‘ri keladi. Ular har kuni elektron manzillarini tekshiradi, turli xil saytlardan ma’lumot izlaydi va chat (global tarmoqdagi suhbatxona)lar orqali muloqotda bo‘lishadi. Germaniyada hozircha 3 million va Fransiyada esa 1,5 million yosh vaqtini asosan onlayn tizimida o‘tkazadi. Bir yildan so‘ng bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshishi kutilmoqda.

 

Yosh avlodning kompyuter savodxonligi baland, bugun hatto olti yashar bolalar ham blutus (bluetooth) va spam nimaligini kattalarga nisbatan yaxshi biladi. Dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan biri Kanadada o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan 6 ming bola o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, internetdan faqat axborot olish maqsadida foydalanmas ekan. So‘rovda ishtirok etganlarning 99 foizi internetdan foydalanishini, ularning har o‘ntasidan sakkiz nafari uyda ulanish imkoniyatiga ega ekanini bildirgan. Kanada yoshlarining yarmidan ko‘pi internet va kompyuter texnologiyalarini ota-onalaridan yaxshiroq bilishini aytgan. Ularning 80 foizi mustaqil ravishda internetga ulanishini, ota-onalari kompyuterga himoya vositasi bo‘lgan filtrlash dasturini o‘rnatib qo‘ymagani va farzandlari qanday saytlarga kirishini nazorat qilmasligini tan olishdi. Umuman olganda, aksariyat ota-onalar, aniqrog‘i, ularning 65 foizi farzandlari internetdan faqat uy vazifasini tayyorlash uchun foydalanadi, degan fikrda, yoshlar esa ilm olishni eng oxirgi o‘ringa qo‘yar ekan. Ular asosan internet orqali musiqa tinglaydi, elektron manzilni tekshiradi, xullas, vaqtichog‘lik qiladi. Yoshlarning uchdan ikki qismi internetga yangi do‘stlar orttirish va kim bilandir suhbatlashish maqsadida ulanadi, ularning 15 foizi bu munosabatlarni keyinchalik real hayotda davom ettirar ekan. Muloqotning bu kabi shakllari yaxshi, albatta. Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham borki, unga chuqurroq nazar tashlash lozim. Alohida e’tibor talab etadigan jihat – internet orqali ta’qib deb nomlanadi.

 

Bugungi kunda vertual taqib nihoyatda ommalashib bormoqda. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, hozirda maktab yoshidagi bolalar internetdan tobora erta foydalanishga kirishmoqda. Masalan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bemalol maktab yon-atrofidagi kafe yoki klubga kirib, internetdan foydalanishi mumkin. Shu bois ular uyda ham internetga ulanish imkoni bo‘lishini xohlashi tabiiy. Lekin, mutaxassislarning fikricha, yoshi o‘nga yetmagan bola odatda mustaqil ravishda internetdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan tanqidiy fikrlash va shu asosda ma’lumotlarni farqlash, ularni ajrata bilish, boshqacha aytganda, ”filtrlay” olish qobiliyatiga ega emas. Shu sababli internetdan yolg‘iz qolganda ham foydalanish ehtimoli bo‘lgan bolani qattiq nazorat ostiga olish kerak, unga o‘zi haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni internet orqali tanishgan odamlarga aytmaslikni o‘rgatish zarur. So‘nggi paytlarda internet orqali ta’qib etish yoki ilmiy tilda aytadigan bo‘lsak, grifing holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Bu kabi tarmoq bezoriligining eng birinchi qurbonlari aynan yoshlar qatlami, xususan, o‘smirlar hisoblanadi.

 

Bir qarashda beozor tuyulgan chat xonalar yoki maxsus muloqot dasturlari orqali kechadigan suhbatlar tafakkuri endi shakllanayotgan bolalarni ba’zan jinoyatgacha yetaklab borayotgani hayotiy haqiqat. Grifing bilan shug‘ullanadiganlar yoki grifyorlar zamonaviy yoshlarning qiziqishlaridan juda yaxshi xabardor bo‘lib, onlayn konferensiya, forum xonalarida istalgan mavzuda suhbat yuritishi, o‘zlarini ularning muammolarini tushunadigan odamlar sifatida ko‘rsatishi mumkin, buning ustiga, veb tarmoqda anonimlikni saqlash xususiyati qisqa fursat ichida ishonchga kirib olishga imkon yaratadi. Grifing bilan kurashishning eng oddiy usuli kompyuterga maxsus taqiqlov dasturlari (eng mashhurlari Kiberpatrul yoki Kidskontrol)ni o‘rnatish. Shunda zararli manbalardan keladigan barcha xabarlar avtomatik tarzda filtrlanadi yoki dasturga ota-onalar tomonidan kiritilgan cheklov tufayli bolaning o‘zi qiziqib nojo‘ya axborotni olmoqchi bo‘lganda, avtomatik taqiq ishga tushadi.

 

Ayni paytda mazkur dasturlar ham to‘liq xafvsizlikni kafolatlay olmaydi, chunki ba’zida ular foydali axborotni cheklab qo‘yishi yoki keraksizini o‘tkazib yuborishi mumkin. Hozirgi kunda ko‘plab mamlakatlarda internetdan foydalanish ko‘nikmalari fakultativ dars sifatida maktab dasturiga kiritila boshladi. Buni ham grifingga qarshi kurashishning o‘ziga xos usuli sifatida ko‘rsatish mumkin. Negaki, fakultativ darslar orqali bolalar internetdan olinadigan ma’lumotlarning qanchalik haqqoniy va to‘g‘ri ekanini tekshirishga o‘rgatiladi. Bunday darslar, ayniqsa, o‘smirlar uchun zarur. Internetda grifingdan tashqari o‘smir yoshlar uchun yana bir qancha xavflar ham bor. Ya’ni, bolalar va internet muammosi tobora chuqurlashib borayotgan bir paytda, ekstremistik xarakterdagi sekta va uyushmalar saytlarining foydalanishga ochiqligi, virtual firibgarlikka keng yo‘l qo‘yilganini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bolalarning qiziquvchan tabiati ularni yuqorida tilga olingan turdagi saytlarga yetaklashi, bu veb-sahifalarda ularning ruhiy yoki jismoniy sog‘lig‘iga xavf soluvchi ma’lumotlarni ko‘rishiga olib kelishi tabiiy. Elektron pochta manzillari orqali olingan xabarlar kuchli ruhiy ta’sir o‘tkazib, bolalarni internet doirasida va undan tashqarida ham jinoyatga undashi hech gap emas. Bank yoki kredit kartochkasidagi hisob raqamlarni bilgan bolakaylar onlayn savdolarda qatnashish imkoni bilan birga kichik o‘yinchoqdan tortib to eng so‘nggi rusumdagi mashina sotib olish huquqiga ham ega bo‘ladi. Bu esa ularni virtual firibgarlarning nishoniga aylantiradi. Shu sabab global tarmoqdan foydalanuvchilar ko‘p bo‘lgan Belorusda bu kabi muammolar qator yangi kasblarning vujudga kelishiga ham turtki bo‘lgan. Yangi turdagi mazkur mutaxassislarning vazifasi oilada internetdan foydalanish madaniyatini joriy etadigan hamda bolalarga psixologik, ma’naviy hamda jismoniy zarar yetkazmaydigan ochiq va xavfsiz axborot makonini yaratishdan iborat. Shuningdek, ko‘plab jamoat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar va xususiy kompaniyalar o‘z faoliyatini internetning bolalarga ta’siri va undan bo‘ladigan zararning oldini olish usullarini o‘rganishga qaratgan. Jumladan, internet mazmunini baholash assotsiatsiyasi (ICRA) mustaqil xalqaro tashkilot bo‘lib, asosiy vazifasi ota-onalarni ularning farzandlarini tarmoqda kutayotgan ko‘ngilsizlik va xavfli munosabatlar haqida ogohlantirish, kibermakonda bolalarni noto‘g‘ri axborotlardan himoyalash va so‘z erkinligini ta’minlashdan iborat.

 

 Ota-onalarga mavjud muammolar yuzasidan maslahat, ko‘mak beradigan kiberfarishtalar (Suberangels) – internetda bolalar huquqini himoya qilishga yo‘naltirilgan Yevropadagi ilk tashkilotga 1995 yili asos solindi va ayni paytda unga AQSh va Kanada kabi davlatlar ham a’zodir. Muammolar chuqurlashgani sayin bu kabi tashkilotlar ham keng ko‘lamda tadqiqotlar o‘tkazish va mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishni kuchaytirmoqda. Xususan, Bolalarni asraylik (Save the Children) xalqaro huquqiy tashkiloti o‘tkazgan so‘rovnomalar natijasida ma’lum bo‘ldiki, AQShdagi 15–17 yashar o‘smirlarning 85 foizi, Kanada yoshlarining 93 foizi muntazam ravishda internetdan foydalanadi. Kommunikatsiya vositalari tadqiqoti assotsiatsiyasi (Association for the Research of Communication Media) olgan natijalarga ko‘ra esa, o‘smirlar katta yoshlilarni 2004 yildayoq internetdan foydalanish bo‘yicha ortda qoldirgan. Ispaniyaning Bolalarni himoya qilish agentligi (Shild Protection Agency) tadqiqotlari natijalari shuni ko‘rsatdiki, internetdan doimiy ravishda foydalanuvchi bolalarning 44 foizi virtual muloqot paytida hech bo‘lmaganda bir marta, 11 foizi esa bir necha bor ta’qib ostiga olingan. E’tiborli tomoni shundaki, so‘rovlarda ishtirok etgan yoshlarning 14,5 foizi internet orqali notanish odamlar bilan uchrashuv belgilagan, 10 foizi bunday uchrashuvlarga yolg‘iz borgan, 7 foizi bu haqda hech kimga hech narsa aytmagan. Dunyo miqyosida esa 38 foiz bolalar zo‘ravonlik ruhidagi saytlarni, 26 foiz bola millatchilik xarakteridagi veb-sahifalarni muntazam kuzatib borishi ma’lum bo‘ldi. 2008 yilning oxirgi oylarida dunyoning eng mashhur kompaniyalaridan biri bo‘lmish «Maykrosoft» (Microsoft) 28 davlatda o‘zining chat xonalarini yopishini e’lon qildi. Bu harakat bolalar muammolari bilan shug‘ullanuvchi huquq-tartibot hamda xayriya tashkilotlari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, chunki erkin va nazoratsiz forum xonalar spam, virus va axloqsiz axborotni tarqatish manbaiga aylanib qolgan edi. Shu tariqa MSNning tekin chatlari Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasining ko‘plab mamlakatlarida o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ularning o‘rniga Microsoft Messenger tezkor xabar almashinish tizimi joriy qilindiki, endilikda bu xizmatdan foydalanish uchun shaxsiy ma’lumotlarni kiritish asosida ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Chunki o‘tgan yili Buyuk Britaniyada shov-shuvga sabab bo‘lgan zo‘ravonlar ustidan o‘tkazilgan sud jarayonlarining kamida 26 tasida qurbonga aylangan bolalar taqibchilar bilan vertual muloqot orqali tanishgani aniqlandi.

 

Zamonaviy texnologiyalarning tez sur’atlarda o‘sishiga karamay, ba’zan odamlar ulardan qanday oqilona foydalanish kerakligini to‘liq anglab yetmaydi. Kompyuter va internetgacha bo‘lgan davrda o‘sib-ulg‘aygan aksariyat ota-onalar va muallimlar agar bola internetdan foydalana boshlasa, albatta, foydasidan zarari ko‘proq, deb o‘ylaydi. Bolani kompyuter yoki internetdan chalg‘itish harakati zamirida aslida boshqa bir muammo, ya’ni kattalarning bu masalada nisbatan savodsiz ekani aniqlandi. Biroq agar ular o‘zlari avval texnologiyalar savodsizligi masalasiga jiddiyroq yondashib, uni bartaraf etishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Negaki, savodsizlik masalasidan qochish orqali bolani texnologiyalardan ajratib qo‘yish to‘g‘ri emas. Buning ustiga yana bir jihat e’tiborga loyiq: bolalarda kibernetik do‘stga nisbatan munosabat aynan kattalarning tutgan yo‘lidan kelib chiqqan holda shakllanadi. Shubhasiz, internet bilim va kerakli axborotni olish uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi, biroq tarmoqqa joylashtiriladigan katta hajmdagi axborotning barchasini ham ishonchli va foydali deb bo‘lmaydi. Foydalanuvchilar ma’lumotlarning to‘g‘riligini aniq ajrata bilishi uchun tanqidiy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lishi talab etilardi. Buning uchun bolalarga internetda xohlagan odam o‘z sahifasini ochishi, unga har qanday ma’lumotni joylashtirishi, bu borada unga hech kim to‘sqinlik qila olmasligini vaqtida tushuntirishi zarur. Bolalarni keng doiradagi manbalardan foydalanishga yo‘naltirish jarayonida faktlarni fikrlardan farqlashga, to‘g‘riligi tasdiqlanmagan axborotdan himoyalanishga ularni o‘rgatish ayniqsa muhim ahamiyatga ega.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 150
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34229
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26598
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25218
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24910
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21795
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//