Insof. Insofsiz(lik)


Saqlash
21:06 / 21.06.2023 0 1300

Insof (arabcha adolat, odillik, beg‘arazlik) adolat va vijdon bilan ish tutish tuyg‘usi, hayotda, ishda boshqalarga munosabatda halollik va to‘g‘rilikni anglatadigan tushuncha. Insoflilik, ochiqko‘ngillik, samimiylik xalqimizning eng qadimgi ma’naviy fazilatlaridan hisoblanadi. Insoflilik hayotning asl mazmunini anglashga yordam beradi, boshqalar bilan o‘zini bir qatorda tutish, ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish komil insonning eng muhim xususiyatlaridan biri ekani alohida uqtirilgani bejiz emas. Insoflilik misoli bir zavq. Uni tatib ko‘rish hammaga ham nasib etavermaydi. Ya’ni, bu zavqning nash’asini surish fidokorlikni talab etadi. Insof "vijdon" tushunchasi bilan bog‘liq, ma’lum ma’noda halollikka o‘xshab ketadigan axloqiy fazilatdir. Lekin halollik o‘z haqi va haqqini, ya’ni moddiy va ma’naviy huquqini o‘zgalarning haqi va haqqiga xiyonat qilmagan holda ajratib yashashni anglatadi. Insoflilik esa ijobiylikda halollik kabi yuksak fazilatdir: unda kishi o‘z halol haqqidan o‘zganing hisobiga kechadi; "o‘zga"ning sharoiti o‘zinikidan nihoyatda og‘ir va yomon ekanini hisobga olib, o‘z qonuniy haqi va haqqini yoki ularning bir qismini ixtiyoriy ravishda o‘zgaga beradi, muruvvat ko‘rsatadi. Insofli odam oldi-berdida ham doimo halol, to‘g‘riso‘z, tartib-intizomli, tom ma’noda to‘g‘ri va vijdonli bo‘ladi. Iymon, diyonat va insof tuyg‘ulari o‘zaro uzviy bog‘liq. Iymonli, diyonatli odamda insof kuchli bo‘ladi. Aksincha, iymonsiz, diyonatsiz kishida insofdan asar ham bo‘lmaydi.

 

Insofli kishi ezgulik, yaxshilik va savob ishga tashna bo‘lib yashaydi. Birovga yaxshilik qilish, muruvvat va saxovat ko‘rsatish, o‘z harakatidan ma’naviy bahra olish insofli odamning hayot mezoni. Shu tariqa muruvvat ko‘rgan kishining ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi, boshi osmonga yetadi. Insonlar o‘rtasida mehr-oqibat ortadi. Insofli kishi olijanobdir. Bunday odamlarda mudom yaxshilik qilib yashash, do‘stlaridan ayb qidirmaslik, boshqalarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, ular uchun sinov va mashaqqatni o‘z yelkasiga olish, faqat o‘z manfaatini ko‘zlamaslik, ochiq yuzli, shirin so‘zli bo‘lish, muhtojlarning hojatini chiqarish, muloyim bo‘lish kabi olijanob fazilatlarni ko‘rish mumkin. Ayni paytda insof ko‘rsatgan odamning ishi ham yurishadi, el-yurt orasida obro‘-e’tibori ortadi. Shuning uchun ham xalqimiz "Insof – sari baraka, ya’ni barakaning boshi insofdir", – deydi. Insof ma’naviy tushuncha sifatida adolat tushunchasiga yaqin. Agar adolat mohiyatan davlatning fuqaroga, jamiyatning shaxsga, kattaning kichikka, rahbarning xodimga, insonning insonga nisbatan halol va xolis, haqqoniy munosabati tarzida namoyon bo‘lsa, insof adolat mezonining amalda saqlanishi sifatida ko‘zga tashlanadi. U fuqarolar, jamiyat a’zolari o‘rtasida insoniylik, odamgarchilik munosabatlarining milliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan axloqiy me’yoridir. Insof jamiyatda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va ahillik muhitining mustahkamlanishi, insonparvarlik ruhining kuchayishi va milliy qiyofamizni saqlab qolishga xizmat qiladi.

 

Insofsiz(lik) – ma’naviyat tamoyillariga zid faoliyat, xususiyat va xatti-harakatni, diyonatsizlikni ifoda etadigan tushuncha. Insofsiz, vijdonsiz, diyonatsiz kimsadir. Undan har qanday yomonlikni kutish mumkin. Kishilarning insofli yoki insofsiz bo‘lishi avvalo, uning qanday oilada katta bo‘lgani, qay darajada ta’lim-tarbiya olganiga bog‘liq. Odatda yetarlicha ta’lim-tarbiya ko‘rmagan, hayotda ezgu maqsadi yo‘q yoki sarob orzu-umidlar bilan yashaydigan, ma’rifatsiz, johil odamlar o‘rtasida insofsizlik ko‘p uchraydi. Ular faqat tor shaxsiy manfaatni o‘ylab yashaydi. Iinsofsizlik nafs balosiga uchib, haddan oshishdir. U g‘ayriaxloqiy sifat bo‘lib, insofsiz kishilar xudbin kimsalardir. Ular har qanday yo‘l bilan bo‘lsin jamiyatda ma’lum bir mavqe, kuch-qudratga ega bo‘lishga intiladi. Agar ular jamiyatdagi mavqe va mansabidan ajralib qoladigan bo‘lsa, e’tiborsiz, jirkanch, yaramas va hamma narsadan norozi kimsaga aylanadi. Hayotdan nolib yashaydi. Insofsizlik himmat, olijanoblik va insof tushunchalarining ziddi hisoblanib, bunday fe’l o‘z egasini uyatli, pushaymonli holatlarga soladi. Insofsizlikni bartaraf qilishning yo‘li – dunyoning o‘tkinchi ekanini his etish, har bir qilingan amalning hisob-kitobi borligini bilish, himmatli kishilar davrasiga yaqinlashish, optimistik dunyoqarash sohibi bo‘lish, iymon, insof yo‘lini tutishdan iborat.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 150
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34229
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26598
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25218
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24910
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21795
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//