Bilasizmi?
Insoniylik – insonlik, odamgarchilik chegarasida qilinadigan ishlar, odamga yarashadigan, unga zeb bo‘ladigan, shaxsini ulug‘laydigan fazilatni, hayotga, odamzod taqdiriga gumanistik munosabatni anglatadigan tushuncha. Insoniylik g‘oyalari uzoq tarixga ega bo‘lib, uning yorqin ifodasi bo‘lgan ijod namunalari, real dalil va misollar xalq og‘zaki ijodiyotida, badiiy adabiyotda, diniy va falsafiy ta’limotlarda, turli xalqlarning tarixi, madaniy merosida asrlar davomida yashab kelmoqda. Sharqning buyuk mutafakkirlaridan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi mumtoz siymolarning asarlarida inson erkinligi, uning qadrqimmati, insoniylik g‘oyalari bilan birga bir butun holda ilgari suriladi. Xususan, Alisher Navoiy ijodida dunyodagi eng katta boylik – hazrat insondir, degan g‘oya badiiy so‘z orqali asoslab berilgan. Ul zotning fikricha, butun mavjudot, borliq inson uchun, uning baxt-saodati uchun xizmat qilishi lozim. "Odamiy ersang demagil odami, Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami". Alisher Navoiyning birgina shu baytida uning ijodida insoniylik naqadar yetakchi o‘ringa chiqqani yaqqol ko‘rinib turibdi. Milliy tafakkurimizning boshqa namoyandalari ijodida ham bu an’ana davom ettirilib, yuksak insoniylik ma’naviy taraqqiyotning muhim omili sifatida tarannum etilgan. Sharq falsafasi va ijtimoiy tafakkurida insoniylik g‘oyalari azaldan keng tarqalgan bo‘lib, uning ko‘p ming yillik tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Yevropada esa insoniylik yaxlit dunyoqarash tizimi sifatida birinchi bor o‘arb Uyg‘onish davrida, ya’ni XV–XVII asrlarda shakllangan.
O‘rta asrlarda Xudo va din nomidan kamsitib, haqoratlab, minglab insonlarni inkvizitsiya gulxaniga tashlagan shafqatsiz dindorlar va ularni qo‘llab-quvvatlagan cherkov hokimiyatiga qarshi, Yevropada insoniylik g‘oyalari o‘ziga xos kurash dasturi sifatida namoyon bo‘la boshladi. U ijtimoiy fikrni keng qamrab olib, adabiyot, falsafa, san’at va boshqa sohalar rivojiga yangicha mazmun va ruh kasb etdi. XIV–XVII asrlarda insoniylik g‘oyalari dastlab Italiyada, keyinchalik esa Yevropaning boshqa mamlakatlarida tarqala boshladi. Shundan keyingi asrlar davomida insoniylik g‘oyalari katta tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi. Jahon ilmiy, siyosiy va ijtimoiy falsafasida insoniylik, insonparvarlik "gumanizm" nomi bilan rivojlandi. Bu atama ilm-fanda birinchi marta XIX asr boshlarida ishlatila boshladi va XX asrning o‘rtalarigacha jamiyatdagi adolatsizlik va tengsizlik ko‘rinishlarini tanqid qilish uchun g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qildi.
Insoniyatning XV asrdan to XX asrning o‘rtalarigacha bo‘lgan tarixi asta-sekin insoniylik g‘oyalarini o‘zlashtirishga sabab bo‘ldi va ularni inkor etish insoniyatni qanday katta fojialarga undashi mumkin ekanini ko‘rsatdi. Shu asosda Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda dunyo taraqqiyotida tub o‘zgarishlar yuz bera boshladi va haqiqiy insoniylik tomon jiddiy qadamlar qo‘yildi. Buni BMT, UNESCO kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar tashkil etilgani, boshqa sohalar qatori gumanitar masalalar ham siyosiy muhokama mavzusiga aylanganida ko‘rish mumkin. Insoniylik o‘zbek milliy mentalitetining tarkibiy qismidir. U xalqimiz hayotida doim mavjud bo‘lgan va uning mutafakkir farzandlari ijodida o‘z ifodasini topgan. Ya’ni, insoniylik g‘oyalari yurtimiz va xalqimiz ongiga tashqaridan kiritilgan emas, balki xalqimiz tafakkuri, ijodkorlik dahosi mevasi sifatida yashab, yuksalib kelmoqda. Bu jarayon mustaqillik yillarida yanada keng davom ettirilmoqda. O‘zbekiston barcha sohalarda birinchi galda insoniylik va insonparvarlikning yuksak mezoni va talablari asosida siyosat olib bormoqda. Mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlari, yurtimizdagi tub islohotlar, avvalo, insonni ulug‘lash, uning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani, xalqimiz ma’naviyatiga, milliy qadriyat va an’analarimiz rivojiga berilayotgan e’tibor, bu boradagi keng ko‘lamli ishlar – insoniylikning amaldagi yorqin ifodasidir.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q