Inson go‘zalligi


Saqlash
23:06 / 20.06.2023 0 6963

Inson go‘zalligi – insonning tashqi va ichki dunyosi, jismoniy hamda ma’naviy xususiyatlarining uyg‘unligi asosida namoyon bo‘ladigan umumiy go‘zal qiyofasi. Inson go‘zalligi, odatda, uning muomalasi, xulqi, axloq-odobi, ismining jismiga mosligi, kasbu kori, mehnatkashligi, ham jismoniy, ham ma’naviy barkamolligi bilan belgilanadi. Inson paydo bo‘lganidan buyon uning mohiyati, kamoloti, go‘zalligi xususidagi bahslar davom etib keladi. Bu boradagi fikrlarning xilma-xil ekaniga muayyan sabablar bor. Ma’lumki, inson o‘zida jismoniy va ma’naviy xususiyatlarni uyg‘unlashtirgan mavjudot. Qachonki, ana shu xususiyatlar uyg‘unlashib, bamisoli parvozdagi qush qo‘sh qanotidek, baravar harakat qilsa, shundagina inson go‘zal va barkamol bo‘ladi. Odatda, insonning ichki (botiniy) go‘zalligi bilan tashqi (zohiriy) go‘zalligiga munosabat bildirilganda, aksariyat hollarda ichki go‘zallik tashqi go‘zallikka nisbatan ustuvor ahamiyat kasb etishi e’tirof etiladi. Abdurauf Fitrat tashqi go‘zallik bilan ichki go‘zallikning uyg‘un bo‘lishi zaruriy shart ekanini ta’kidlaydi va "zohiriy jamol" "botiniy (ichki) jamol" bilan, "ya’ni yaxshi xulq bilan bog‘liq bo‘lmasa bir tiyinga qimmat. Kimki o‘z ixtiyori tizginini hayvoniy shahvat qo‘liga bermagan ekan, doimo ichki jamolini tashqi go‘zalligi bilan, ya’ni husni axloqini qora ko‘zlar va kamon qoshlar bilan ziynatlaydi", degan edi. Bu borada buyuk donishmand Umar Hayyomning "Navro‘znoma" asarida bayon etilgan mana bu fikrlar diqqatga sazovordir: "Go‘zallik barcha tillarda vasf etiladi va har qanday aqlga xush keladi. Dunyoda yaxshi narsalar ko‘p, ularni ko‘rib bahramand bo‘lish odamlarni shod etadi va tabiatlarini pokiza qiladi, ammo hech narsa go‘zal yuz o‘rnini bosa olmaydi, chunki go‘zal yuz shunday quvonch baxsh etadiki, boshqa hech qanday quvonch unga teng kelolmaydi. Aytadilarki, go‘zal yuz dunyodagi saodat sababchisidir. Agar go‘zal yuz yana yaxshi xulq bilan uyg‘unlashsa, baxt-saodatning eng yuqori darajasi shu bo‘ladi. Bordiyu, odam ham tashqi ko‘rinishdan, ham ma’naviy tabiati bilan yaxshi bo‘lsa, Xudo va odamlar uchun sevimlidir. Go‘zal yuz to‘rt fazilatga egadir. Ulardan biri shuki, go‘zal yuz uni ko‘rgan odamning shu kunini xayrli etadi, ikkinchisi, hayotdan bahramand bo‘lish onlarini shirin qiladi, uchinchisi, u odamni ochiq ko‘ngilli va olijanob etadi, to‘rtinchisi, boylikni ko‘paytiradi va yuqori mansab ato qiladi". Allomaning mazkur fikri shaxs kamoloti uchun inson go‘zalligi muhim omil ekanini isbotlaydi. Ma’lumki, inson narsalarning zohiriy go‘zalligini botiniy go‘zallikka nisbatan birinchi bo‘lib payqaydi. U avvalo, ko‘rinib turgan go‘zallikni his qiladi, so‘ngra uning mohiyatiga murojaat etadi. Shu ma’noda, tashqi go‘zallikni muayyan ob’yekt yoki sub’yekt haqida dastlabki tasavvur-ma’lumotni paydo qiladigan birlamchi asos, deyish mumkin. Biroq, chiroyli husn insonning barkamol bo‘lishi uchun kifoya qilmaydi. Uning takomillashuviga ko‘mak beradigan muayyan asoslar mavjud. Bular sirasiga orasta kiyinish, o‘zgalarga latif so‘zlar bilan muomala qilish, pokiza, ozoda yurish kabi shartlar ham kiradi. Ular nafaqat shaxsning o‘ziga, ayni paytda boshqalarga ham ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.

 

Inson go‘zalligi uchun faqat chiroyli qiyofaga ega bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi. Chiroyli tabassum, yarashgan kiyim, xatti-harakatlar inson go‘zalligi uchun zaruriy shart bo‘lib, ular shaxsni boshqalarga nisbatan chiroyli ko‘rsatadi, u haqda yoqimli taassurot uyg‘otadi. Albatta, tashqi ko‘rkamlik inson go‘zalligining mukammallashuvida o‘ziga xos ahamiyatga ega. Biroq, xunuklikning shunday ko‘rinishlari mavjudki, ular inson haqidagi tasavvurlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularning yuzaga kelishiga ko‘proq shaxsning o‘zi sababchi bo‘ladi: bachkanalik, kaltabinlik, qo‘rslik, husnni suiiste’mol qilish, manmanlik, riyokorlik singari illatlar insonning tashqi go‘zalligiga rahna soluvchi xunuklik unsurlari sanaladi. Yaxshi so‘z, shirin kalom, chiroyli muomala go‘zallikning ma’naviy omillari hisoblanadi. Aksincha, tili yomon odam xalq ko‘nglini jarohatlaydi, o‘z boshiga ham ofat yetkazadi. So‘zda har qanday yaxshilikning imkoni bor, shuning uchun ham aytadilarki: "nafasning joni bor". O‘zi xunuk, gapi bema’ni, ovozi yoqimsiz odamdan yaxshilikni umid qilish befoydadir. Bu xususda Abdulla Avloniy deydilar: "Zeroki, insonning izzati, dunyoning lazzati yaxshi so‘zlarni eshitub va ko‘rub hissa olmak, yomon va zararliklarini o‘qub, bilub, o‘zini tiymak, qo‘ldan kelgancha xalq va millat foydasiga tortishmak va bu fano dunyodan yaxshilik otini olib ketmakdadur". Shu ma’noda, inson go‘zalligining ma’naviy-axloqiy mohiyatiga ikki xil nuqtai nazardan yondashish mumkin. Birinchisi – mavjudligi muayyan ichki va tashqi ta’sirlarga, vositalarga bog‘liq bo‘lmagan go‘zallik. Bunda ko‘proq insonning tashqi qiyofasiga daxldor xususiyatlar nazarda tutiladi. Ikkinchisi – muayyan ijobiy faoliyat, xatti-harakatlar, amallar, botiniy tuyg‘ular orqali paydo bo‘ladigan go‘zallik. Inson go‘zalligini ezgulikdan ajratib qo‘yish, ayniqsa, insoniy munosabatlarda bu masalaga e’tiborsiz bo‘lish, uning mohiyatini bir tomonlama talqin qilishga sabab bo‘ladi va hayotda ijobiy natija bermaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 150
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34226
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26598
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25205
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24909
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21793
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//